Tailand delegatsiyasida Termizdagi budda yodgorliklari katta qiziqish uyg‘otdi

Tailand Qirolligi Buddaviylar oliy patriarxi o‘rinbosari Siriphrommakhun Phrathepprasitthimon boshchiligidagi delegatsiya Surxondaryo viloyatida qadimgi Kushonlar saltanatiga oid Fayoztepa budda monastir ibodatxonasi, Qoratepa budda g‘or ibodatxonalar majmuasi va Zurmala stupasi bilan tanishdi.
Mehmonlarga Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari – viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek To‘rayev viloyatda o‘tmishdan saqlanib qolgan arxeologik yodgorliklar va ularni saqlash, atrofini obodonlashtirib, ko‘kalamzorlashtirish, sayyohlar uchun zamonaviy sharoitlar yaratish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Arxeolog olim To‘xtash Annayev dunyo qadimshunoslari va sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otayotgan buddaviylik obidalari tarixini o‘rganish, xorijiy davlatlar hamkorligida olib borilayotgan arxeologik qazishmalar va topilmalarni qayta tiklash, ilmiy tadqiq etishga qaratilayotgan e’tibor hamda bu noyob inshootlarning boy tarixga ega madaniyatini o‘rganishdagi ahamiyati to‘g‘risida fikr almashdi.
Fayoztepa – milodiy I-III asrlarga oid budda monastir ibodatxona majmuasi (vixara). Termiz shahri yaqinidagi Eski Termiz shahar xarobalarining shimoli g‘arbida joylashgan. Bundan 57 yil muqaddam mahalliy cho‘pon Absad Beknayev bu yerdan mergeliy ohak toshidan ishlangan budda sanamini ko‘chma qum ustidan topib, Termiz o‘lkashunoslik muzeyiga topshirgach, yodgorlikni o‘rganish boshlangan. Maydoni ko‘chma qumlar uyumidan tozalangach, uning me’moriy tarhi ochilib, yuz qismdan iborat monumental inshoot, ya’ni markaziy qismida – ibodatxona, uning shimoliy g‘arbida monastir, janubiy sharqida xo‘jalik qurilish inshootlari mavjudligi aniqlangan.
Eski Termizning shimoliy-sharqiy qismidagi Qoratepa budda g‘or ibodatxonalar majmuasi milodiy I-III asrlarga oid yodgorlik. Uni o‘rganish, tadqiq etish boshlanganiga qariyb bir asr bo‘lmoqda. O‘shanda Qoratepada Moskvadagi Sharq xalqlari madaniyati davlat muzeyi ekspeditsiyasi qazish ishlarini olib borgan. Uchta tabiiy tepalikda qurilgan inshoot 8 gektardan ortiq maydonni egallagan. Janubiy tepalikda 15 dan ortiq g‘or majmuasi bo‘lgan. Ibodatxonalar yoki boshqa muqaddas joylar ichi mavzuli va naqshinkor bezak, loyganch, ganch, tosh haykali bilan bezatilgan.
Qoratepadan topilgan rasmlar, haykallar va boshqa dekorativ-amaliy san’at buyumlari kushonlar davridan Tarmita hozirgi Termizda o‘ziga xos an’ana va yo‘nalishga ega alohida badiiy maktab bo‘lganini namoyon etadi. Bu maktab kushonlar davrida nafaqat Baqtriya badiiy madaniyati, balki utun antik madaniyatning rivojlanishida katta rol o‘ynagan. Qazish paytida Qoratepadan Kushon podsholigi davriga oid sopol idishlar, kosa va ko‘zachalar, mis chaqalar, ohaktoshdan ishlangan me’morlik detallari, plitalar, sopol chirog‘donlar topilgan.
Eski Termiz sharqidagi Zurmala yodgorligi Kushonlar davri saltanatiga oid buddaviy stupa bo‘lib, u ibodat va muqaddas qoldiqlarni saqlash maqsadida barpo etilgan. Tashqi ko‘rinishi ko‘p qavatli, qubbali, soyabonli tojli minora ko‘rinishida bo‘lgan. Hozir balandligi 13 metrni tashkil etadi. Qadimda balandligi 16 metrdan kam bo‘lmagani aytiladi. Stupaning tepasi gumbazsimon bo‘lib, katta silindr shaklidagi qoldiqlari o‘zining mahobati bilan kishini hayratga soladi. Yodgorlik yaqinida ko‘plab toshli ohaktosh bloklar, me’moriy bezak va releflarning topilgani Zurmala stupasi o‘z davrida toshli va relefli qoplamaga ega bo‘lganidan dalolat beradi. Gumbaz ostida buddizmga oid muqaddas kitoblar, haykalchalar va tabarruk narsalar saqlangan.
Mehmonlar Fayoztepa majmuasida Tailandning Visaxa Bucha kuni diniy bayramiga bag‘ishlab, ibodat marosimini o‘tkazdi. Zurmala stupasida yodgorlik tarixiga oid ilmiy muhokama, mediativ amaliyot va kechki sayr tashkil etildi.
Shu kuni tailandlik sayyohlar viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov qabulida bo‘lib, taassurotlarini baham ko‘rdi.
Surxondaryo viloyatining Tailanddagi turizm elchisi Boonyasopholphong Phansak ishtirok etgan uchrashuvda qadimiy vohada saqlanib qolgan buddizm yodgorliklariga Tailand, Xitoy, Yaponiya, Indoneziya, Koreya va boshqa davlatlardan har yili o‘n mingga yaqin sayyoh kelib tanishayotgani, rohiblari o‘zlarining kichik diniy amallarini ado etayotgani ta’kidlandi. Kelgusida sayyohlar oqimini 50 mingga yetkazish, buddizm arxeologik yodgorliklarini restavratsiya qilishda Tailand qirolligi investitsiyalarini jalb etish masalalari muhokama qilindi.
– O‘zbekiston, ayniqsa, Surxondaryo buddaviylik yodgorliklari saqlanib qolgan muhim joy, – deydi Tailand Qirolligi Buddaviylar oliy patriarxi o‘rinbosari Siriphrommakhun Phrathepprasitthimon. – Biz qadimiy bu yurtga obidalar bilan yaqindan tanishish va Tailanddga qaytgach, bu yodgorliklarni targ‘ib qilish uchun mamlakatimizdagi eng mashhur rohiblarni olib keldik. Boy taassurotga ega bo‘lgan rohiblarimiz tegishli tashviqot ishlarini olib borib, sayyohlar oqimini ko‘paytirishga o‘z hissalarini qo‘shishiga ishonamiz.
Mehmonlar diqqatga sazovor joylari bilan tanishish uchun Samarqand shahriga jo‘nab ketdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri