Oʻzbekiston-Bolgariya: anʼanaviy muloqot va strategik qiziqishning yangi oʻsish bosqichida

Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 9 -11-iyun kunlari Bolgariya Prezidenti Rumen Radev rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonda boʻladi.
Oʻzbekiston va Bolgariya oʻrtasidagi munosabatlar chuqur tarixiy ildizlarga borib taqaladi. Olimlarning taʼkidlashicha, turkiy xalqlarga mansub boʻlgan bolgarlarning qadimiy ajdodlari va zamonaviy Oʻzbekiston tarkibiga kiruvchi hududlar oʻrtasidagi aloqalar Buyuk ipak yoʻli davridan boshlangan. Migratsiya, savdo va madaniy rishtalar bilan uygʻun bunday yaqin bogʻliqlik oʻzaro manfaatdorlik va hurmat asosiga aylandi.
Ikki davlat oʻrtasidagi zamonaviy diplomatik munosabatlar 1992-yil 25-sentyabrda oʻrnatildi. Oʻshandan beri rasmiy Toshkent va Sofiya oʻrtasida siyosiy muloqot izchil rivojlanib bormoqda. Xususan, soʻnggi yillarda bu faollik yangi dinamika kasb etib, ikki tomonlama munosabatlarga sifat jihatdan oʻzgacha tus berdi.
Oʻzbekiston va Bolgariya oʻrtasidagi siyosiy hamkorlik konstruktiv sheriklik hamda oʻzaro yordam ruhiga asoslanadi. Soʻnggi yillarda oliy va yuqori darajadagi ikki tomonlama aloqalar faollashdi. Bu Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan umumiy yoʻnalishining koʻzgusiga aylandi. Bolgariya YEIga aʼzo davlat sifatida rasmiy Toshkent tomonidan Bolqon va Markaziy Yevropa mintaqasidagi ustuvor hamkorlari qatorida eʼtirof etiladi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 20-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida Bolgariya Prezidenti Rumen Radev bilan oʻtkazgan uchrashuvi ikki tomonlama muloqotni rivojlantirish va hamkorlikni mustahkamlash, shu jumladan, joriy tashrifga zamin yaratishga ikki tomonning intilishlarini tasdiqladi.
Bolgariya BMT va YEXHT doirasida Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoni barqaror rivojlantirish va mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Shuningdek, Bolgariya tomoni “Yangi Oʻzbekiston– 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarni, jumladan, fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlash va ommaviy axborot vositalari sohasini rivojlantirishni yuqori baholaydi.
Parlamentlararo aloqalar ham izchil rivojlanmoqda. Bolgariya parlamentida “Bolgariya – Oʻzbekiston” doʻstlik guruhi faoliyat koʻrsatayapti. Oliy Majlis palatalarining qoʻshma qarori bilan Bolgariya Xalq majlisi bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruh tashkil etilgan.
Ushbu hamkorlik doirasida oʻzaro tashriflar almashinuvi amalga oshirilmoqda, ularning dinamikasi soʻnggi yillarda yanada faollashdi. 2018-yil iyul oyida Bolgariya Xalq majlisidagi “Bolgariya-Oʻzbekiston” doʻstlik guruhi raisi Adlen Shevked boshchiligidagi delegatsiya tashrif bilan Oʻzbekistonda boʻldi.
2018-yilning noyabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston – Bolgariya parlamentlararo guruhi delegatsiyasi Bolgariyaga tashrif buyurib, u yerda Xalq majlisi rahbariyati, Tashqi ishlar, Iqtisodiyot va turizm vazirliklari vakillari, Plovdiv va Karjali shaharlari merlari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.
2021-yil dekabr oyida Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Sofiya shahrida boʻlib oʻtgan “Demografik oʻzgarishlar sharoitida jamiyatni rivojlantirish yoʻllari” mavzusidagi yuqori darajadagi vazirlar konferensiyasida ishtirok etdi va videomurojaat yoʻladi.
Ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari muntazam aloqalarni davom ettirmoqda. Jumladan, TIVlararo maslahatlashuvlar davomida ular nafaqat ikki tomonlama muammolarni, balki dolzarb xalqaro kun tartibini, jumladan, iqlim, raqamli transformatsiya, dezinformatsiyaga qarshi kurashish va inson huquqlari bilan bogʻliq masalalarni ham muhokama qilmoqda.
2023-yil 23-oktyabr kuni Lyuksemburgda boʻlib oʻtgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” vazirlarining 19-uchrashuvi doirasida Oʻzbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov Bolgariya Bosh vazirining oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri Mariya Gabriel bilan uchrashdi.
Oʻzbekiston va Bolgariya oʻrtasidagi iqtisodiy kooperatsiya hozircha ikki davlat salohiyatiga toʻliq mos keladigan darajada emas. Shu bilan birga, farmatsevtika va biomeditsina, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, qayta tiklanadigan energiya manbalari (shu jumladan quyosh va vodorod texnologiyalari), toʻqimachilik va kimyo sanoati kabi sohalarda hamkorlikni faollashtirish uchun barcha shart-sharoitlar mavjud.
Tomonlar 2019-yil sentyabr oyida Sofiya shahrida 5-majlisi boʻlib oʻtgan Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Bolgariya Hukumatlararo komissiyasi faoliyatini faollashtirish niyatida.
Ikki mamlakatning investitsiyaviy salohiyati sheriklik nuqtayi nazaridan tobora jozibador boʻlib bormoqda. Bunga Oʻzbekiston iqtisodiyotini liberallashtirish, erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish, kichik va oʻrta biznesni faol qoʻllab-quvvatlash sabab boʻlayapti.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda Bolgariya investorlari ishtirokidagi 30 ta korxona tashkil etilgan. Ularning 19 tasi 100 foiz bolgar kapitali asosida faoliyat yuritadi. Mazkur korxonalar neftni qayta ishlash, tayyor toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati, savdo operatsiyalari va xizmatlari kabi asosiy yoʻnalishlarda tashkil etilgan.
Har ikki davlat transport-logistika sohasidagi aloqalarni, ayniqsa, Oʻzbekistonni Qora dengiz portlari bilan Kavkaz orqali bogʻlaydigan Transkaspiy xalqaro transport yoʻnalishi kontekstida rivojlantirishdan manfaatdor. Rivojlangan infratuzilma va logistika markazlariga ega Bolgariya Markaziy Osiyo hamda YEI oʻrtasida tranzit yoʻlagi rolini oʻynashga qodir.
Oʻzbekiston-Bolgariya hamkorligi gumanitar va taʼlim sohalarida ham faol rivoj topayapti.
Xususan “Oʻzbekiston – Bolgariya” doʻstlik jamiyati va Bolgariya madaniyat markazi madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga katta hissa qoʻshyapti.
Buxoro va Varna, Samarqand va Plovdiv shaharlari oʻrtasidagi yaqin doʻstlik aloqalari madaniy hamjihatlik va ishonch timsoliga aylangan. Ular delegatsiyalar almashinuvi, madaniy loyihalar va qoʻshma tashabbuslar orqali Oʻzbekiston va Bolgariya xalqlari oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlashga munosib hissa qoʻshyapti.
Soʻnggi yillarda Toshkent va Samarqandda bolgar filmlari namoyishi, rassomlar koʻrgazmalari tashkil etildi. Elchixonalar va diaspora tashkilotlari til oʻrganish kurslarini tashkil etish, musiqiy kechalar va xalqlarimiz madaniy merosiga bagʻishlangan davra suhbatlarini oʻtkazish orqali ikki davlat madaniyatini keng targʻib qilayotir.
Taʼlim sohasida Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Sofiya kimyo-texnologiya universiteti, Toshkent davlat yuridik instituti va Sofiya universiteti, Samarqand davlat tibbiyot instituti va Sofiya tibbiyot universiteti oʻrtasida hamkorlik shartnomalari imzolangan. Shuningdek, Namangan davlat universiteti va Varna texnika universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Bolgariya Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik institut oʻrtasida hamkorlik memorandumlari tuzildi. Bu oʻzaro hamkorlik gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish va ikki davlat yoshlari oʻrtasida oʻzaro hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston va Bolgariya “Erazmus+” dasturlarida ishtirok etadi. Ushbu dasturlar doirasida oʻzbekistonlik talabalar Bolgariya universitetlarida, shuningdek, Bolgariya Fanlar akademiyasida malaka oshirish va amaliyot oʻtashi yoʻlga qoʻyilgan.
Ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini turizm sohasida ham koʻrish mumkin. Har ikki davlat boy tarixiy-madaniy merosga, betakror meʼmoriy yodgorliklarga va rang-barang tabiiy landshaftga ega boʻlib, bu oʻzaro sayyohlik almashinuvini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratadi.
Mazkur omillar Oʻzbekiston va Bolgariya oʻzaro ishonch hamda bir-birining manfaatlarini hurmat qilishga asoslangan ikki tomonlama hamkorlik salohiyatini toʻliq ochib berish va roʻyobga chiqarish niyatida ekani tasdiqlaydi.
Shu nuqtayi nazardan, Bolgariya Prezidenti Rumen Radevning Oʻzbekistonga boʻlajak tashrifi, shuningdek, IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishi oʻzaro manfaatli sheriklikni yanada rivojlantirishga kuchli surʼat bagʻishlash barobarida, barcha sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga zamin yaratadi.
“Dunyo” AA