Oʻzbekistonning “Oltin viza” dasturi xorijiy investorlarni ragʻbatlashtirish yoʻlidagi navbatdagi qadam

10-12-iyun kunlari boʻlib oʻtadigan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi oldidan
Soʻnggi paytlarda Oʻzbekiston keng jamoatchiligi oʻrtasida, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda xorijliklarga, xususan, chet ellik investorlarning mamlakatimizda yashashi boʻyicha “Oltin viza” berish tartibiga kiritilgan oʻzgartishlar katta qiziqish uygʻotmoqda.
Xoʻsh, “Oltin viza” dasturi nima oʻzi, ushbu loyiha Oʻzbekiston iqtisodiyotiga va xorijliklarga qanday naf keltiradi. Ana shu savollarga javob topish maqsadida mazkur tizim bilan bogʻliq tartibotlar haqidagi hujjatlar bilan tanishdik.
Jumladan, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 18-aprel kuni qabul qilingan “Ishlab chiqarish, eksport va tadbirkorlik faoliyatini ragʻbatlantirish, savdo va sanoat siyosati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida “Oltin viza” berish haqida soʻz borgan.
Bu masala farmonning 26-bandida oʻz ifodasini topgan. Hujjatga muvofiq, investitsiyalarni ragʻbatlantirish maqsadida joriy yil 1-iyundan boshlab xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga 250 ming AQSH dollari hamda ularning har bir oila aʼzosiga (turmush oʻrtogʻi, farzandi va ota-onasi) 150 ming AQSH dollari miqdoridagi toʻlovlar evaziga Oʻzbekistonda yashash guvohnomasi 5-yil muddatga soddalashtirilgan tartibda beriladi.
“Oltin viza” dasturi xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, huquqiy kafolatlar berish, mamlakat sarmoyaviy muhitini mustahkamlashga qaratilgan. Shuningdek, bu mamlakat ochiqligi, kapitalni himoya qilish, barqaror xalqaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga katta hissa qoʻshadi.
Taʼkidlash kerakki, soʻnggi sakkiz yilda, xalqaro maydondagi ziddityalarga qaramasdan ochiq va pragmatik tashqi siyosat yurgizish Oʻzbekistonning jahon arenasidagi tashrif qogʻoziga aylandi.
Mamlakatimiz, ayniqsa, xorijiy investorlar uchun qulay makonga aylandi. Oʻsib borayotgan iqtisodiy salohiyati bilan ushbu yoʻnalishda Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda eng jozibador manzil hisoblanadi, desak xato boʻlmaydi.
Albatta, xorijiy investorlarni ishonchini qozonish uchun ularga zarur sharoitlar, imkoniyatlar va imtiyozlarni tadbiq etilishi kerak. Bunday yondashuv nafaqat Oʻzbekistonda balki butun dunyo tajribasida mavjud.
Hozirgi kunda, ayniqsa jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan global muammolar fonida investitsiya uchun butun dunyoda kurash keskinlashmoqda. Investor turgan gapki, oʻziga qulay sharoit yaratilgan va xavfsiz sarmoyaviy muhitga ega mamlakatni tanlaydi. Chunki, u sarflayotgan mablagʻini ishonchli qonuniy himoyasini koʻrishni xohlaydi.
Yetti-sakkiz yil avval Oʻzbekistonga investitsiya kiritishga yetakchi kompaniyalar ikkinlangani rost. Bu sarmoyadorlarning manfaatdorlik huquqi yetarlicha taʼminlanmaganidan dalolat beradi. Biroq, 2017-yildan boshlab Oʻzbekistonda qulay investitsiyaviy muhitni yaratish boʻyicha tub islohatlar amalga oshirildi. Xususiy mulk egalari, shu jumladan investorlar huquqlari kafolatlari yangilandi, ular xatto Bosh qomusimizda yanada mustahkamlandi. Shuningdek, oʻtgan yillarda xorijiy investitsiyalarni ragʻbatlantirishga oid davlatimiz rahbarining qator qaror va farmonlari, Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatlari qabul qilindi.
Natija ham uzoq kuttirgani yoʻq. Bugun yurtimizning qaysi goʻshasiga bormang, yangi investitsiyaviy loyihalar va qoʻshma korxonalarga duch kelasiz. Ular yurtimiz ravnaqi, aholimiz farovonligini taʼminlashga, yangi ish oʻrinlari yaratishga va ijtimoiy obyektlar qurilishiga xizmat qilayapti.
Shu asnoda, mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan taʼsis etilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi xalqaro miqyosda katta qiziqish uygʻotib, anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinmoqda.
Bundan tashqari, davlatimiz yetakchisi huzurida Xorijiy investorlar kengashi tuzilgan.
Kengashning asosiy vazifalari muvaffaqiyatli tajriba va xalqaro amaliyotdan kelib chiqib, mamlakatimizni investitsiyaviy, savdo-texnologik va innovatsiyaviy rivojlantirishning eng muhim yoʻnalishlari boʻyicha maslahat berish hamda Oʻzbekiston hukumati va xorijiy investorlar oʻrtasida ochiq muloqotni taʼminlashdan iborat. 2022-yilda boʻlib oʻtgan birinchi sessiyada ushbu mexanizmning samarali faoliyat yuritishi uchun poydevor yaratilgan edi.
2024-yil may oyida boʻlib oʻtgan uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda kengash aʼzolarining qoʻllab-quvvatlashi orqali Oʻzbekiston jadal oʻsish surʼatlarini namoyish qilishda davom etishi, xalqimiz turmush darajasini oshirishi va yurtimiz farovon kelajagini taʼminlashiga ishonch bildirildi.
Oʻzbekiston Prezidenti Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqida xorijiy sarmoyadorlarni qoʻllab-quvvatlab, quyidagi fikrlarni bildirgan edi. “Biz mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash, bu yoʻldagi toʻsiqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish uchun qatʼiy qadamlar tashladik. Aynan shu bois har bir sarmoyador oʻzini erkin va ishonchli his qilishi uchun keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirayapmiz”.
Maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi yetti yilda mamlakatimizga 100 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar kelgan. Davlat-xususiy sheriklik boʻyicha qonun qabul qilinib, mingdan ziyod loyihalar boshlangan. 1 ming 800 turdagi yangi mahsulotni oʻzimizda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.
Xorijiy investorga “Oltin viza” berish boʻyicha navbatdagi tashabbus ham yurtimizga chet eldan sarmoyalarni jalb etishni jadallashtirishga keng yoʻl ochadi.
Mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan xorijiy investorlar ham Yangi Oʻzbekistondagi keng koʻlamli islohotlar dasturini yuqori baholamoqda. Ularning taʼkidiga koʻra, davlatimiz rahbariga investitsiya faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgani va oʻzaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga qatʼiy intilishi yuksak eʼtirofga loyiq.
“Prezident Shavkat Mirziyoyev va hukumat aʼzolarining xorijiy investorlar bilan faol muloqoti muhim ahamiyatga ega. Bunday yondashuv mamlakatning iqtisodiy oʻsishi hamda taraqqiyoti uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirishga aniq va ishonchli ishora boʻldi.
Yurtingizdagi zamonaviy shart-sharoitlar va yangi tashabbuslar Oʻzbekistonni toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni qabul qilishga tayyor davlat sifatida namoyon etdi.
Shuningdek, davlatingiz rahbari amalga oshirgan iqtisodiy islohotlar, xususan, valyuta bozorini liberallashtirish, bank sektori va pul-kredit islohotlarini erkinlashtirish, davlat korxonalarini tarkibiy oʻzgartirish hamda xususiylashtirish va boshqa koʻplab ishlar xorijiy investorlarga ishonch va kuch bagʻishlamoqda.
Oʻzbekiston Prezidenti bilan uchrashuvimiz chogʻida u mening Oʻzbekistonga investitsiya kiritish boʻyicha barcha rejalarimni diqqat bilan tingladi va tegishli odamlarga barcha zarur yordamni koʻrsatish boʻyicha aniq va tezkor topshiriqlar berdi. Natijada, shakar ishlab chiqarishga qariyb 400 million dollar investitsiya kiritdik. Shuningdek, oltin va mis qazib olishga esa 20 million dollardan ortiq dastlabki sarmoyani jalb qildik”, – deydi Misrning yetakchi “Orascom Investment Holding” kompaniyasi asoschisi Nagib Saviris.
Mutaxassislarga koʻra, xalqaro amaliyotda, jumladan, Yevropa mamlakatlari, AQSH, BAA, Singapur va boshqa mamlakatlarda keng tarqalgan bunday viza dasturlari mavjud.
Jumladan, “Oltin viza” dasturi Portugaliya 250-500 ming yevro, Gretsiyada 250 ming yevro, Kiprda 300 ming yevro, BAAda 550 ming AQSH dollari, AQSHda 5 million dollar, Ispaniyada 500 ming dollar, Singapurda 7,7 million dollar, Vengriyada 250 ming dollar, Latviyada esa 60 ming dollar qilib belgilagan.
Mazkur dastur yuqorida qayd etilgan davlatlarda kapital, texnologiyalar va ishbilarmonlik faolligini jalb qilishning samarali vositasi sifatida oʻzini oqlagan. “Oltin vizalar”ning berilishi xorijiy investorlar uchun qulay va oldindan bashorat qilish mumkin boʻlgan muhitni yaratadi. Huquqiy kafolatlarni taʼminlaydi va investitsiya muhitiga boʻlgan ishonchni mustahkamlaydi. Yangilik mamlakatning ochiqlik, kapitalni himoya qilish va barqaror xalqaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga strategik yoʻnaltirilganligini aks ettiradi.
Baʼzi mamlakatlar “Oltin vizalar”ni, taklif qilishadi, baʼzilari esa “Oltin pasport” orqali hatto chet elliklar uchun toʻliq fuqarolikni beradi. Ularning maqsadi mamlakatga kapital va boy xorijiy investorlarni jalb qilishdan iborat.
Markaziy Osiyo davlatlari ham “Oltin viza” tartiblarini joriy etmoqda. Xususan, shu yil aprel oyida Qozogʻiston investor vizasini olishning yangi qoidalarini amalga kiritdi. Vizaga Qozogʻiston kompaniyalari ustav kapitaliga yoki mahalliy emissiyaviy qimmatli qogʻozlarga kamida 300 ming dollar sarmoya kiritganlar ariza topshira oladi. Keyinchalik ular 10-yillik yashash guvohnomasini olishlari mumkin.
Muxtasar aytganda, “Oltin viza” dasturi milliy iqtisodiyotni texnik jihatdan qayta jihozlash, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, davlat obyektlarini xususiylashtirish jarayonlariga, respublikaning ishchi kuchi mavjud boʻlgan hududlarida yangi ish joylarini yaratish maqsadlariga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalarni keng jalb etishga xizmat qiladi.
“Dunyo AA”