Oʻzbekiston-Slovakiya: yangi imkoniyatlar asosidagi ikki tomonlama izchil muloqot

Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso 8-10-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonda boʻladi.
Oʻzbekiston va Slovakiya oʻrtasida diplomatik munosabatlar 1993-yil 1-yanvarda oʻrnatilgan. Oʻzbekiston va Slovakiya oʻrtasidagi aloqalar uzoq vaqtdan beri yirik formatlar soyasida qolib ketganiga qaramay, bugungi kunda muloqotni institutsionallashtirish va tartibga solish borasida izchil rivojlanish kuzatilmoqda. Oʻzbekiston tashqi siyosati strategiyasining faollashuvi va Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoga qiziqishi ortib borayotgani fonida rasmiy Toshkent va Bratislava oʻrtasidagi munosabatlar yangicha surʼat oldi.
Xalqaro maydonda mamlakatlar BMT, YEXHT, Yevropa kengashi, shuningdek, global barqaror rivojlanish kun tartibi bilan bogʻliq tuzilmalar doirasida hamkorlik qiladi. Slovakiya anʼanaviy tarzda Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, suv va atrof-muhit sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslarini, shuningdek, taʼlim va gender tengligi sohasidagi loyihalarini qoʻllab-quvvatlaydi.
Jumladan, BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi doirasida Slovakiya Oʻzbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan Markaziy Osiyoda hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha rezolyutsiyani qoʻllab-quvvatladi. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Slovakiyaning YEXHT doirasidagi saʼy – harakatlarini, jumladan, rasmiy Toshkent tashqi siyosati ustuvorliklariga mos keladigan mavzular – transparentlik, qonun ustuvorligi va madaniyatlararo muloqotga alohida eʼtibor qaratilgan 2019 yildagi raisligini yuqori baholadi.
Parlamentlararo muloqot ham izchil rijlanmoqda. 2023-yil aprel oyida Slovakiya Milliy kengashi raisi Boris Kollar boshchiligidagi delegatsiyasi Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi hamda Vazirlar Mahkamasida uchrashuvlar oʻtkazildi.
2025-yil mart oyida Oliy Majlisda Slovakiya Milliy kengashi bilan hamkorlik boʻyicha 13 nafar parlamentariydan iborat parlamentlararo guruh tuzildi. Slovakiya parlamentida ham Oʻzbekiston Oliy Majlisi bilan hamkorlik boʻyicha ana shunday guruh faoliyat koʻrsatmoqda.
Ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari oʻrtasidagi faol muloqot turli sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratyapti.
Ikki davlat TIV rahbarlari Toshkentda, shuningdek, yirik xalqaro tadbirlar doirasida bir necha bor uchrashuv oʻtkazdi. Tomonlar muntazam ravishda tashqi ishlar vazirliklariaro siyosiy maslahatlashuvlarni oʻtkazib, ikki tomonlama kun tartibini va xalqaro tashkilotlar doirasidagi sheriklikni muvofiqlashtirish masalalarini muhokama qiladilar. Bunday maslahatlashuvlarning beshinchi raundi 2025-yil 14-yanvarda Toshkent shahrida boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston va YEI oʻrtasidagi Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq, ikki davlat oʻrtasidagi savdoda eng qulay rejim oʻrnatilgan. Oʻzaro savdo hajmi kam boʻlishiga qaramay, har ikki davlat barqaror iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor. Xususan, mashinasozlik, farmatsevtika, energetika, telekommunikatsiyalar, axborot texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalar oʻzaro hamkorlik uchun istiqbolli yoʻnalishlar sifatida koʻrilmoqda.
Iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish istiqbollari Oʻzbekiston delegatsiyasining 2023-yil avgust oyida Slovakiyaga tashrifi davomida ham tasdiqlandi. Oʻzbekiston-Slovakiya biznes-forumi, shuningdek, Slovakiya Iqtisodiyot vazirligi Davlat kotibi Peter Shves, Slovakiya Investitsiyalar va savdoni rivojlantirish agentligi bosh direktori Robert Shimonchich, Savdo-sanoat palatasi raisi Peter Mixok hamda yirik slovak kompaniyalari rahbarlari oʻrtasidagi uchrashuvlar juda samarali kechdi va ular ikki davlat ishbilarmon doiralarining yaqinlashuviga turtki boʻldi.
Slovakiya kompaniyalari Oʻzbekistonni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha MDH mamlakatlariga chiqish imkoniyatiga ega salohiyatli bozor deb biladi. Oʻz navbatida, oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilar Slovakiyadan texnologik yechimlar va sarmoyalarni jalb qilishdan manfaatdor.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda Slovakiya kapitali ishtirokida oltita, shu jumladan, 100 foiz xorijiy sarmoya ishtirokidagi toʻrtta korxona faoliyat yuritmoqda. Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarni tartibga soluvchi mexanizm avval Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Slovakiya hukumatlararo komissiyasi (HK) edi. Bugungi kunga qadar HKning uchta yigʻilishi oʻtkazilgan.
Uzoq tanaffusdan soʻng joriy yilning 5-may kuni Toshkentda Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning birinchi majlisi boʻlib oʻtdi.
Taʼkidlash joizki, Slovakiya hukumati rahbari Robert Fitso va ushbu mamlakat ishbilarmon doiralari delegatsiyasi mamlakatimiz poytaxtida boʻlib oʻtadigan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etadi. Iqtisodiyot va investitsiyaviy sohalardagi aloqalarni chuqurlashtirishga qaratilgan siyosiy irodaning bunday yorqin ifodasi oʻz samarasini berib, barqaror va oʻzaro manfaatli iqtisodiy sheriklikni oʻrnatishga xizmat qilishi shubhasiz.
Taʼkidlash joizki, ikki davlat ham transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor. Slovakiya Transkaspiy yoʻnalishi va “Global Gateway” tashabbusi doirasida Oʻzbekiston eksporti uchun muhim markazga aylanishi mumkin.
Oʻzbekistonning ochiqlik siyosati doirasida Slovakiya fuqarolari uchun biznes va turistik almashinuvni kengaytirish maqsadida 2019-yildan boshlab 30 kungacha boʻlgan muddatga vizasiz kirish tartibi amal qilyapti.
Soʻnggi paytlarda migratsiya sohasi oʻzaro hamkorlikning yangi yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Jumladan, joriy yilning 3-6-mart kunlari Oʻzbekiston Migratsiya agentligi delegatsiyasi ishchi tashrif bidan Slovakiyada boʻldi. Tashrif doirasida ushbu mamlakat Taʼlim vazirligida uchrashuv va Slovakiya Iqtisodiyot vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida Oʻzbekiston-Slovakiya forumi boʻlib oʻtdi. Delegatsiya aʼzolari rekruting kompaniyalari bilan ham uchrashuvlar oʻtkazdi, uning yakunlari boʻyicha Slovakiya Ish beruvchilar federatsiyasi va Kadrlar agentliklari assotsiatsiyasi bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi.
1997-yil noyabr oyida imzolangan Oʻzbekiston va Slovakiya oʻrtasidagi madaniyat va sanʼat sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimga asosan madaniyat yoʻnalishida delegatsiyalar almashilmoqda. Shuningdek, Oʻzbekiston va Slovakiya delegatlari ikki davlatda tashkil etilayotgan xalqaro madaniy tadbirlarda muntazam ishtirok etyapti.
2014-2015 oʻquv yilidan boshlab Slovakiya hukumati Oʻzbekistonni ushbu mamlakat oliy taʼlim muassasalarida tahsil olish uchun stipendiya oluvchi davlatlar qatoriga kiritdi. Ushbu dasturda talabalar, yosh tadqiqotchilar, Oʻzbekiston ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari ishtirok etishi mumkin.
Ikki mamlakatda tashkil etilayotgan kino kunlari va konsertlar madaniyatlararo muloqotni yanada yaqinlashtirish hamda mustahkamlashga xizmat qilyapti.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, yuqori salohiyatga ega Oʻzbekiston-Slovakiya munosabatlari ijobiy dinamikani namoyon etish va oʻzaro manfaatli zamonaviy davlatlararo muloqotning yorqin namunasi boʻlishga barcha asoslar bor. Shu nuqtayi nazardan, Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitsoning Oʻzbekistonga boʻlajak tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirish va strategik sheriklik darajasiga koʻtarishga kuchli turtki beradi.
“Dunyo” AA