Oʻzbekiston energetika transformatsiyasi: bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich oʻtish

Tariflarni erkinlashtirish orqali energiya resurslardan oqilona foydalanish va samaradorligini oshirish
Oʻsib borayotgan talabni hisobga olgan holda barqaror bozor mexanizmlarini yaratish va investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan tariflarning erkinlashtirilishi energetika sohasidagi keng koʻlamli islohotlarning davomi boʻldi.
Shu munosabat bilan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2024-yil may oyida joriy etilgan ijtimoiy iste’mol normasiga asoslangan yangi tarif siyosatining uy xoʻjaliklarining energiya isteʼmoliga taʼsirini baholash boʻyicha tadqiqot oʻtkazildi.
Tadqiqotda respublikaning barcha hududlaridan 3516 ta uy xoʻjaliklari ishtirok etdi. Shuningdek, 3,5 million tabiiy gaz va 8 million elektr energiyasi abonentlarining isteʼmol maʼlumotlari tahlil qilindi. Bu esa, energiya isteʼmoli tarkibi va tariflar oʻzgarishiga aholining munosabatini tushunish imkonini beradi.
Tahlil natijalari shuni koʻrsatadiki, 2024-yil may oyida joriy etilgan ijtimoiy normaga asoslangan yangi tariflar natijasida aholining energiya isteʼmolida iqtisod qilish sezilarli oʻzgargan. Xususan, may-dekabr oylarida elektr energiyasi isteʼmoli 2023-yilning mos davriga nisbatan 1,3 mlrd kVt*soatga (-10,6%) qisqargan.
Ilgari oyiga 10 ming kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi isteʼmol qilgan uy xoʻjaliklari soni ayniqsa sezilarli darajada kamaydi. Xususan, 2023-yilda bunday uy xoʻjaliklarining soni 80 mingga yaqin boʻlgan boʻlsa, 2024-yilda bunday isteʼmolchilar soni 15 mingtaga tushgan.
Eʼtiborli tomoni, aksariyat aholi odatdagi meʼyorlar doirasida energiya isteʼmolidan foydalanishni davom ettirdi. Oyiga 200 kVt/soatgacha elektr energiyasi isteʼmol qilgan abonentlar ulushi 2023-yilda 71%ni va 2024-yilda 72%ni tashkil etib, barqarorligicha qoldi.
Tabiiy gaz isteʼmolida ham shunday tendensiya kuzatildi, 2024-yilda abonentlarning 58%i 500 kub metrgacha tabiiy gaz ishlatgan boʻlsa, 2023-yilda 54%ni tashkil etgan. Shunday qilib, tariflarning oshishi asosiy isteʼmol hajmining keskin oʻzgarishiga olib kelmadi.
Elektr energiya isteʼmolida eng sezilarli pasayish dastlabki isteʼmoli nisbatan yuqori boʻlgan hududlarda, masalan, Samarqand, Toshkent, Andijon va Namangan viloyatlarida kuzatildi. Yuqori isteʼmol darajasi (oyiga 10 000 kVt/soatdan ortiq) boʻlgan uy xoʻjaliklari sonining sezilarli darajada kamayishi energiya resurslaridan tejamkor foydalanishga oʻtishdan dalolat beradi.
Shu bilan bir qatorda energiya taʼminoti sifati ham yaxshilanmoqda. Soʻrov natijalariga koʻra, respondentlarning deyarli yarmi elektr energiyasi bilan taʼminlash, shuningdek, tabiiy va suyultirilgan gaz bilan taʼminlash borasidagi ijobiy oʻzgarishlarni qayd etdi.
Uy xoʻjaliklarining 47%, xususan, Surxondaryo (78%), Sirdaryo (70%) va Namangan (67%) viloyatlarida elektr energiyasi taʼminoti yaxshilangani qayd etildi.
Respondentlarning 39%ida tabiiy gaz taʼminoti yaxshilandi, eng yuqori koʻrsatkichlar Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida (har biri 68%) hamda Jizzax viloyatida (60%) qayd etildi.
Aholining 45%ini, xususan, Sirdaryo (73%), Surxondaryo (62%) va Namangan (59%) viloyatlarida suyultirilgan gaz bilan taʼminlash yaxshilandi. Shunday qilib, davom etayotgan islohotlar natijasida asosiy energiya xizmatlaridan foydalanish yaxshilanganligini koʻrsatadi.
Ijobiy oʻzgarishlardan yana biri uy xoʻjaliklarida maishiy darajada energiya tejash choralarini keng joriy etish boʻldi. Respondentlarning 90%dan ortigʻi energiya xarajatlarini kamaytirish uchun kamida bitta chora-tadbir amalga oshirilganligini maʼlum qildi.
Eng keng tarqalgan amaliyot LED-yoritish moslamalarini oʻrnatish boʻlib, uy xoʻjaliklarining 87%i svetodiodli yoritishga oʻtgan boʻlsa, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Navoiy va Toshkent viloyatlari kabi ayrim hududlarda bunday oilalar soni 90%dan oshdi.
Uy xoʻjaliklarining 44%i, ayniqsa, Qashqadaryo (84%), Buxoro (69%) va Xorazm (54%) viloyatlarida plastik deraza va eshiklarni oʻrnatish orqali energiya samaradorligini yaxshilagan.
31% uy xoʻjaliklari energiya tejamkor maishiy texnika sotib olgan, bunday qarorlarning eng katta ulushi Jizzax (60%), Navoiy (59%) viloyatlarida va Qoraqalpogʻiston (54%) Respublikasida kuzatildi.
Bundan tashqari, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga qiziqish ortib bormoqda.
Respublikadagi 64 ming uy xoʻjaliklarida umumiy quvvati 223,4 MVt/soat boʻlgan quyosh panellari oʻrnatilgan. Yillik ishlab chiqarish qariyb 313 mln kVt/soatni tashkil etadi, bu orqali 104 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi.
Quyosh panellarini oʻrnatgan uy-xoʻjaliklarining yarmidan koʻpi erishilgan natijalardan mamnun ekanliklarini, kelgusida mazkur qurilmalar sonini koʻpaytirishga qiziqish bildirishgan. Tahlil shuni koʻrsatadiki, respublikada 1,9 mln uy xoʻjaliklarida quyosh panellarini oʻrnatishga talab mavjud, bu esa umumiy qiymati 2,3 mlrd dollardan ortiq boʻlgan quyosh panellari boʻyicha ichki bozorni shakllantirish istiqbollari koʻrsatadi.
Shu bilan birga, xonadonlarda samaradorligi past boʻlgan gaz kotellari va qoʻlbola pechka orqali yuqori energiya isteʼmoli saqlanib qolmoqda, bu uy-joy infratuzilmasini modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarga oʻtishni ragʻbatlantirish zarurligini koʻrsatadi.
Energiya samaradorligini oshirish: iqtisodiy foyda va atrof-muhitga taʼsiri
Mamlakatimizda binolarning energiya samaradorligini oshirish sohasida investitsiya salohiyati shakllantirilmoqda. Hisob-kitoblarga koʻra, mamlakatdagi koʻp xonadonli uy-joy tashqi devorlarni izolyatsiyalash, isitish tizimlarini almashtirish, eshik va derazalarni almashtirish natijasida yiliga 60 million dollardan ortiq mablagʻni tejash mumkin.
Jahon bankining hisob-kitoblarga koʻra, ijtimoiy soha obyektlari, jumladan, sogʻliqni saqlash muassasalari, maktabgacha taʼlim muassasalari va davlat maktablarida ham shunday salohiyat mavjud boʻlib, energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan maqsadli investitsiyalar kiritilishi orqali energiya isteʼmolini 20-50%ga tejash imkonini beradi va isteʼmolni yiliga 7,1 mlrd kVt/soatgacha qisqartirish mumkin.
Iqtisodiy foydadan tashqari, bu chora-tadbirlar har yili atmosferaga chiqariladigan SO₂ hajmini oʻrtacha 780 ming tonnaga qisqarishiga yordam beradi. Mamlakatda uglerod birliklari savdosi bozori shakllanmoqda va biz ortiqcha kvotalarni boshqa davlatlarga muvaffaqiyatli ravishda sotyapmiz. Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish savdo hajmini yanada oshirishga imkon beradi, bu esa yiliga 50 million dollargacha daromad keltirishi mumkin.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi