DAVLAT XIZMATI SOHASIDAGI GLOBAL HAMKORLIKNING MUHIM QADAMI

Tagsarlavha: BMT Davlat xizmati forumining Oʻzbekistonda
oʻtkazilishi — uning xalqaro hamjamiyatdagi roli
mustahkamlanayotganini koʻrsatadi.
BMT Davlat xizmati forumi (United Nations Public Service Forum — UNPSF) — Birlashgan Millatlar Tashkiloti homiyligida oʻtkaziladigan xalqaro darajadagi tadbir boʻlib, davlat xizmati sohasida innovatsiya, samaradorlik va barqaror taraqqiyotni ragʻbatlantirish maqsadida tashkil etilgan. Forumni BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy ishlar departamenti (UN DESA) tashkil qiladi. Forum barqaror rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash uchun davlat xizmatini rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish maqsadida 2003-yildan buyon oʻtkaziladi.
Forum anaʼnaga koʻra, davlat boshqaruvining muayyan muhim sohasiga eʼtibor qaratadi va uning turli oʻlchovlari, tarkibiy qismlarini yaxlit tarzda oʻrganadi. Xalqaro yirik tadbir jahon yetakchilari, siyosatchilar, amaliyotchilar, boshqaruv sohasidagi innovatorlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, ilmiy doiralar, notijorat tashkilotlar va xususiy sektor vakillarini birlashtiradi. Forum ilk bora 2003-yilda Nyu-Yorkda tashkil etilgan. Shundan soʻng har yili AQSH, Avstriya, Ispaniya, Tanzaniya, Bahrain, Marokash, Kolumbiya kabi davlatlarda, 2019-yilda Bakuda, 2024-yilda esa Koreya Respublikasida oʻtkazilgan.
Ahamiyatlisi, Forum vazirlar, yuqori darajada qaror qabul qiluvchilar, ishchi darajadagi davlat xizmatchilari uchun mahalliy hamda milliy darajada innovatsiyalar va transformatsiyalarni ragʻbatlantirish uchun platforma taqdim etadi.
Joriy yilda Forumni oʻtkazish uchun Oʻzbekistonning Samarqand shahri tanlandi. Sababi, bugun Oʻzbekiston davlat xizmati sohasida qator ijobiy natijalarga erishdi. Jumladan, 2019 yilning 3 oktyabrida Oʻzbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyov tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmon asosida mamlakatda yagona kadrlar siyosatini yuritish maqsadida davlat fuqarolik xizmati masalalari boʻyicha vakolatli davlat organi – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Oʻtgan qisqa vaqt davomida esa Oʻzbekiston bu sohada, jahon standartlariga javob beradigan innovatsiyalarni joriy etdi. Jumladan, davlat xizmatiga kirish hamda lavozimlarni egallash ochiq tanlov orqali amalga oshirish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining guruhlari va toifalari belgilandi. Kadrlar zaxirasi shakllantirildi. Bunda asosiy maqsad qilib, davlat fuqarolik xizmatining rahbar kadrlar tarkibini barqaror taʼminlash va uning sifatini yaxshilash, davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyasini oshirish hamda xizmatda lavozim boʻyicha koʻtarish belgilandi. Davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatining samaradorligini baholash tizimi joriy etildi. Kadrlarning kasbiy kompetensiyasini uzluksiz ravishda oshirish boʻyicha zaruriy shart-sharoitlar yaratildi. Davlat fuqarolik xizmatchisini ijtimoiy jihatdan himoya qilish mexanizmlari takomillashdi.
Oʻzbekistonning kadr tayyorlashdagi oʻziga xos amaliyoti ham eʼtiborga loyiq. Mamlakatda bugun kadrlar yuqori salohiyat, bilim va koʻnikmalari asosida tyenglik, raqobatlilik, ixtiyoriylik, shaffoflik, xolislik va ochiqlik tamoyillari asosida Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilmoqda. Oʻzbekiston yetakchisi davlat xizmatchisining intellektual darajasi qancha yuqori boʻlsa, tizim shunchalik samarali ishlashini taʼkidlab, inson kapitaliga eʼtiborni kuchaytirdi.
Yana bir eʼtirof etishga loyiq jihat — Oʻzbekistonda davlat xizmatchilari uchun malaka oshirish huquq emas, balki majburiyat darajasiga koʻtarildi. “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchilari oʻzining kasbiy kompetensiyasini muntazam ravishda oshirib borishi shart ekanligi (12-modda) belgilandi. Bunda davlat fuqarolik xizmatchisi tashkilot vakolatlarini lozim darajada amalga oshirish uchun zarur bilim, malaka va koʻnikmalarni qamrab olgan kasbiy kompetensiyasini doimiy rivojlantirib borishi majburiyat sifatida mustahkamlangan.
Oxirgi 5-yil mobaynida davlat fuqarolik xizmatchilari uchun 550 dan ortiq malaka oshirish kurslari, oʻquv va amaliy seminarlar, ekspress-treninglar, xorijiy stajirovkalar tashkil etildi. Davlat xizmatchilarining kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan yagona malaka oshirish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Professional davlat xizmatchisini shakllantirish tizimining asosiy prinsiplari qilib, davlat fuqarolik xizmatchilarining kasbiy mahoratini oshirish, xalq bilan ishlash koʻnikmalarini shakllantirish, oʻz ustida ishlashi shartligi belgilandi.
Oʻzbekistonning Milliy kadrlar zaxira tizimi bugun salohiyatli kadrlarni yuqori vazifalarga qoʻyishga shay holatga keltirib, lavozimlarning boʻsh qolmasligini kafolatlayapti. Tizim hozirgi tez oʻzgarayotgan sharoitda raqobatbardosh, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega, islohotlarga tayyor, tashabbuskor boʻlgan yangi avlod kadrlariga boʻlgan ehtiyojni qondirishga xizmat qilmoqda. Oxirgi yillarda ushbu tizimga salohiyatli xotin-qizlar ham jalb qilinayotgani samara bermoqda.
Statistikaga koʻra, xotin-qizlar jahon aholisining, shu jumladan, Oʻzbekiston aholisining ham yarmini tashkil etadi. Xotin-qizlarning jamiyat hayotida toʻlaqonli ishtirok etishi davlatlar iqtisodiy taraqqiy etishining zaruriy sharti hisoblanadi. 2017-yildan eʼtiboran Oʻzbekistonda xotin-qizlar maqomi bilan bogʻliq barcha masalalarga munosabat tubdan oʻzgardi. Oʻzbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan eng yuqori idoralarda bu muammoning yechimini topishga kirishildi. Davlat rahbari bu boradagi fikrini qatʼiy bildirdi: «Bundan buyon Oʻzbekistonda biror-bir ayol davlat va jamiyatning eʼtiboridan chetda qolmaydi». Shu tariqa xotin-qizlar masalasi davlat siyosatining ustuvor qismi sifatida kun tartibidan joy egalladi.
Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi yuqori rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlarni tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻydi – “Rahbar ayollar maktabi” tashkil etildi. Mazkur tizim Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamkorligida tashkil etilib, davlat boshqaruvida xotin-qizlar ulushini oshirish maqsadiga yoʻnaltirildi.
“Rahbar ayollar maktabi” oʻquv dasturi Oʻzbekistonda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki va rahbarlik salohiyatini oshirishga qaratilgan muhim tashabbus hisoblanadi. Mazkur dastur doirasida 2022-yildan buyon jami 250 nafar xotin-qizlar tahsil oldi Nazariy bilimlarni ilgʻor tajriba bilan uygʻunlashtirish maqsadida “Rahbar ayollar maktabi” boʻyicha Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan salohiyatli va istiqbolli xotin-qizlar rivojlangan davlatlarga stajirovkaga yuborilib, ilgʻor xorijiy tajriba bilan tanishish imkoniga ega boʻlmoqdalar.
Shuningdek, mamlakatning davlat xizmatchilarini ochiq tanlov orqali qabul qilish tizimi, HR boshqaruv tizimini amaliyotga qoʻllash(Q-DEEP), raqamli davlat xizmatlarini koʻrsatish, davlat xizmatchilari faoliyatini baholash, davlat xizmatchilarining maoshini ish samaradorligiga bogʻlash kabi amaliyotlarini ham ijobiy baholash mumkin.
Fikrimizcha, Oʻzbekiston Forumda mezbonlik qilish va ishtirok etish orqali xalqaro tajribalarni oʻrganadi, samarali davlat boshqaruvi amaliyotlarini oʻzlashtiradi, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, inklyuzivlik va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻllari boʻyicha boy tajribaga ega boʻladi. Bu, Oʻzbekistonning 2030-yilgacha boʻlgan rivojlanish strategiyasiga ham muvofiq kelayotgani quvonarlidir.
Shu bilan birga, ushbu Forum faqat davlat xizmatlarining emas, balki ular orqali jamiyatga xizmat qilayotgan davlat xizmatchilarining oʻrni va mehnatini alohida eʼtirof etish, ularning nufuzini oshirish hamda yangi avlod xizmatchilarini ruhlantirish uchun ham muhim maydon hisoblanadi.