OʻZBEKISTON “BMT DAVLAT XIZMATI FORUMI” DOIRASIDA RAQAMLI ISLOHOTLARINI NAMOYISH ETADI

Bugun Oʻzbekistonda davlat xizmati sohasidagi islohotlar ijobiy dinamika koʻrsatmoqda. Raqamlashtirish, shaffoflik va professionalizmga qaratilgan tashabbuslar davlat fuqarolik xizmatining sifati oshishiga xizmat qilmoqda. 2025 yil 23-25 iyun kunlari BMT Davlat xizmati forumini (UN Public Service Forum 2025) Oʻzbekistonda tashkil etilishi ham bejiz emas. Forum oʻz missiyasidan tashqari Oʻzbekistonning davlat xizmati, elektron hukumat va raqamlashtirish sohasidagi yutuqlari va saʼy-harakatlarini dunyo hamjamiyatida tanitishni ham taʼminlaydi. Bu, Prezident Sh.M.Mirziyoyev boshqaruvidagi mustaqil mamlakat uchun ijobiy qadam.
Kuzatuvlarimizga asosan, 2017-yildan boshlab Oʻzbekistonda davlat xizmati tizimini yangilash va raqamlashtirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Davlat xizmatlari markazlari (DXM) tashkil etilib, “Bir darcha” tamoyili joriy etildi. 2023-yil holatiga koʻra, ular orqali aholiga 13,2 milliondan ortiq xizmat koʻrsatildi. Mobil davlat xizmatlari yoʻlga qoʻyildi: Qishloq va olis hududlarda yashovchi aholi uchun mobil xizmatlar koʻrsatila boshlandi.
Oʻzbekistonda davlat xizmatini raqamlashtirish jarayonini shartli 3 davrga boʻlish mumkin:
Dastlabki bosqich - (2017–2018): 2017-yilda davlat xizmatlarini raqamlashtirish sohasida huquqiy va institutsional asos yaratildi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) toʻliq ishga tushirildi. “Elektron hukumat” konsepsiyasi qabul qilindi. Avval faqat qogʻoz shaklida amalga oshiriladigan xizmatlar onlayn tarzda koʻrsatila boshlandi.
Taraqqiyot bosqichi - (2019–2022): 2019-yilda “Elektron hukumat toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. MyGov mobil ilovasi ishlab chiqildi, elektron hujjat aylanmasi va raqamli imzo tizimi keng joriy etildi. Koʻplab xizmatlar integratsiya qilindi, DXMlar (Davlat xizmatlari markazlari) orqali xizmatlar qulaylashtirildi.
Innovatsion bosqich - (2023–2025): 2023-yilda Digital Uzbekistan 2030 dasturining amaliyotga joriy etilishi bilan raqamlashtirish yangi bosqichga koʻtarildi. MyID, E-imzo, Davlat xizmatlari yagona reyestri, QR-kod orqali tasdiq kabi vositalar keng tatbiq etildi. Xizmatlar API orqali turli dasturlar va veb-platformalarga integratsiya qilindi. Foydalanuvchilar uchun shaxsiy kabinet, xabarnoma va onlayn kuzatuv funksiyalari amaliyotga tatbiq qilindi.
Oʻtgan davr mobaynida mamlakat AKT tizimlari va raqamli infratuzilmasini takomillashtirish maqsadida sohaga katta miqdordagi investitsiyalarni jalb qildi. Natijada, 2024-yilda davlat xizmatlaridan foydalanuvchilar soni 10,3 millionga yetdi.
Qolaversa, bugun Oʻzbekistonda raqamli davlat fuqarolik xizmati amaliyotga tatbiq etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan inson resurslarini boshqarish yagona elektron platforma — HRM.ARGOS.UZga oʻtkazildi. Platforma kadrlarning son va sifat tarkibini avtomatik shakllantiradi. Natijada HR-boʻlinmalari iqtisod qilingan 40% ish hajmini ham xodimlarni rivojlantirishga sarflashga erishdi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz, foydalanuvchilarni identifikatsiyalashning yagona tizimi id.egov.uz, davlat fuqarolik xizmatchilarini sinovdan oʻtkazish moduli test.argos.uz, davlat fuqarolik xizmati vakant lavozimlarining yagona ochiq portali vacancy.argos.uz, davlat fuqarolik xizmatchilari malakasini oshirish portali ilm.argos.uz, rahbarlarning samaradorligini baholash boʻyicha elektron platforma samaradorlik.argos.uz, davlat fuqarolik xizmatchilari xizmat safari hisobini yuritish boʻyicha xs.argos.uz tizimlari joriy etildi.
Bugun Oʻzbekistonning raqamlashtirish ishlarini faqatgina ijobiy baholash mumkin. BMT Forumi doirasida “Oʻzbekistonning IT salohiyati” ekspozitsiyasining namoyish etilishi ham sohadagi katta oʻzgarishlarga ishoradir. Shuningdek, Forum yuqori darajadagi plenar sessiyalar, amaliyotga asoslangan seminarlar, milliy keyslar orqali Oʻzbekiston tajribasini xalqaro maydonda taqdim etish imkoniyatini ham beradi. Forum keng qamrovda oʻtkazilayotganligi sababli davlat tashkilotlari, ilmiy doiralar, IT-industriya va fuqarolik jamiyati uchun muhim xalqaro muloqot maydoniga aylanishi kutilmoqda.
Samarqand shahrida ushbu yirik Forumning oʻtkazilishi Oʻzbekistonning global darajadagi obroʻ-eʼtibori ortib borayotganining yorqin isbotidir. Shu bilan birga, mamlakatda amalga oshirilayotgan raqamli islohotlar Markaziy Osiyodagi ilgʻor tajriba sifatida xalqaro maydonda munosib taqdim etiladi.
Biz, Samarqandning Forum mezboni sifatida tanlanganini — mamlakatning davlat boshqaruvini ochiq, inklyuziv va innovatsion yoʻl bilan modernizatsiya qilish borasidagi saʼy-harakatlariga boʻlgan ishonch ifodasi sifatida baholaymiz. Ushbu jarayonlarni qoʻllab-quvvatlashga, hamkorlikni chuqurlashtirishga va davlatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga tayyormiz.