BMT DAVLAT XIZMATI FORUMINING OʻZBEKISTONDA OʻTKAZILISHI — MAMLAKAT UCHUN TARIXIY VOQELIKDIR

2025-yilning 23-25-iyun kunlari Samarqand shahrida BMTning Davlat xizmati forumi (UN Public Service Forum 2025) oʻtkaziladi. Ushbu nufuzli xalqaro tadbirning asosiy mavzusi — “2030-yilgacha besh yil: Barqaror kelajak uchun davlat xizmatlarini koʻrsatishni jadallashtirish”. Forum BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti (UN DESA) va Oʻzbekiston Respublikasi hukumati tomonidan tashkil etilmoqda. Forumning Oʻzbekistonda oʻtkazilishi — mamlakat uchun sohadagi islohotlarini namoyish etish va baholash imkonini ham beradi.
BMT Davlat xizmati forumi (UNPSF) — davlat xizmatlarini samarali tashkil etish, innovatsiyalarni joriy etish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlida davlatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati vakillarini birlashtiradigan yirik xalqaro tadbirdir.
Oʻzbekistonda 2017-yilda boshlangan tub islohotlar Oʻzbekiston davlat xizmati tizimida ham ijobiy oʻzgarishlarga yoʻl ochdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning tashabbusi bilan davlat fuqarolik xukumati transformatsiya qilindi. “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, — degan hayotiy tamoyilidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi, Xalq qabulxonalari tashkil qilindi. Yangi tuzilma — “mahalla yettiligi” tizimi joriy etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etildi (2019-yil 3-oktyabrda). Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilindi (2022-yil 8-avgust). Kadr siyosatiga oid 160 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, davlat xizmatchilari faoliyati samaradorligini baholash tizimi joriy etildi, davlat xizmatidagi vakant lavozimlarni ochiq tanlov orqali egallash tizimi joriy etildi. Shuningdek, yuqori rahbarlik lavozimlariga zaxira tayyorlash amaliyoti qoʻllanila boshlandi. Natijada, davlat va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlar yanada demokratlashdi.
Oʻzbekiston davlat xizmatida eʼtirof etishga loyiq amaliyot qoʻlladi. Ijtimoiy davlat qurish boʻyicha tashabbuslar koʻrsatdi. “Inson qadri” markaziy masalasiga aylandi, inson kapitalini rivojlantirish davlatning birlamchi vazifasi sifatida tan olindi. Ushbu maqsadni amalga oshirish mexanizmlaridan biri sifatida “Mahalla yettiligi” unikal tuzilmasi shakllandi. Tuzilma davlat xizmatchilarining xalqqa yaqin boʻlishi, muammolarini joyida hal etish, ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish maqsadida tashkil etildi. Hozirda “mahalla yettiligi”da qariyb 50 mingga yaqin davlat xizmatchilari faoliyat koʻrsatayotgani (mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim, soliq inspektori, profilaktika inspektori) ham ahamiyatlidir.
Bu, bevosita Prezident Shavkat Mirziyoyevning “yutuqlar daftari”ga bitilgan oʻzgarishlardan biri. Davlat boshqaruvidagi islohotlar bois, barcha davlat idoralari faoliyati mahallagacha tushirildi. Mahalla, oʻz navbatida, boshqaruv piramidasining choʻqqisiga chiqarildi. Mahalla davlat siyosatining muhim boʻgʻini, islohotlar drayveriga aylandi.
Dastlab mahallalarga tushib, muammolar oʻrganildi. Tizimli muammolar aniqlangach, tegishli vazirliklarda bu muammolarni hal qilishga yoʻnaltirilgan qarorlar qabul qilindi. Bora-bora mahalla muammolar oʻrganiladigan va aniqlanadigan maskandan muammolar joyida hal qilinadigan, muhim qarorlar qabul qilinadigan maskanga aylandi. Aholi farovonligini taʼminlashda mahalla jamoatchilik va davlat organlari oʻrtasidagi “tayanch koʻprik” vazifasini oʻtay boshladi. “Ochiq byudjet” loyihasinining ishga tushirilishi natijasida mahalla jamoatchilik boshqaruvining muhim boʻgʻiniga aylandi.
Mahalla moʻjaz bir hokimiyat modelini oʻzida gavdalantirib, uni menejer-rais rahbarligidagi “yettilik” boshqara boshladi. Institutsional jihatdan takomillashtirilgan mahalla yangi avlod boshqaruv kadrlarini tayyorlashning hayotiy maktabiga aylandi. Mahalla “qozonida qaynagan” kadrlar yuqori va masʼuliyatli lavozimlarga tayinlana boshlandi. Boshqacha aytganda, Prezident mahalladagi yettilik uchun karyera modelini chizib berdi: mahallada ishlab, xalq dardini bilib, uning muammolarini hal qilishga astoydil bel bogʻlagan mahalla menejerlarini yuqori lavozimlarga tayinlash mexanizmi yaratildi. “
Ushbu unikal tuzilmaning afzalliklari nimalarda koʻrindi? Birinchidan, barcha sohalarni qamrab olgan holda joylardagi muammolarga birgalikda yechim berila boshlandi, har bir tizim vakili oʻz sohasi boʻyicha natijadorlikni taʼminlashga kirishdi va eng muhimi, xalq va davlat vakillari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish imkoniyati yaratildi.
Fikrimizcha, Oʻzbekistonning Forumda ishtiroki va mezbonligi yuqoridagi kabi mamlakatning oʻziga xos tajribasini namoyon etish, shuningdek, davlat xizmati sohasini modernizatsiya qilish, raqamli transformatsiyani amalga oshirish va xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikni kuchaytirishda muhim qadam boʻladi. Biz, ushbu Forum ishini qoʻllab-quvvatlab, muhim tadbirda ishtirok etishdan mamnun ekanligimizni bildiramiz. Forum ishtirokchilarini tarixiy va navqiron Samarqandda kutamiz!