BMT DAVLAT XIZMATI FORUMI: OʻZBEKISTONNING SOHADAGI ISLOHOTLARINI XALQARO MIQYOSDA NAMOYON ETISH IMKONINI BERADI

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi va davlat xizmati tizimini isloh qilishga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Asosiy maqsad — samarali, shaffof va xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi boshqaruv tizimini shakllantirishga yoʻnaltirildi. Mazkur sohadagi yutuqlar va salohiyat 2025-yil iyun oyida Samarqand shahrida oʻtkaziladigan BMT Davlat xizmati forumida namoyon boʻlishi kutilmoqda. Ushbu Forum Oʻzbekistonda ilk bor tashkil etiladi va bu mamlakat uchun muhim ahamiyatga ega. Forumning Oʻzbekistonda oʻtkazilishi — BMTning Oʻzbekiston bilan davlat xizmati sohasida shakllanayotgan mustahkam hamkorligining amaldagi namunasidir.
BMTning Davlat xizmati forumi barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishda davlat sektori imkoniyatlarini kengaytirish, uning inson kapitali va texnologik salohiyatini mustahkamlashga qaratilganligi bilan ahamiyatli. Forumda dunyoning turli mamlakatlaridan yuqori lavozimdagi davlat xizmatchilari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati va ilmiy-akademik doira vakillari, kompaniyalar hamda innovatsiya yetakchilari ishtirok etishi kutilmoqda.
Biz, ushbu muhim tadbirda ishtirok etishdan mamnunligimizni bildirib, uni davlat xizmati sohasidagi global muloqot va innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan muhim platforma deb baholaymiz. BMT homiyligidagi ushbu Forum nafaqat davlat boshqaruvida innovatsiyalarni joriy etish, balki xalqlar oʻrtasidagi yaqin hamkorlik va tajriba almashish uchun ham imkoniyatdir.
Ushbu nufuzli Forum uchun nega aynan Oʻzbekiston tanlandi? Maʼlumki, har qanday davlatning barqaror rivojlanishida amalga oshirilayotgan manzilli islohotlarini oʻrni katta. Jumladan, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev boshchiligida Yangi Oʻzbekistonni barpo etish maqsadida barcha sohalarda tizimli islohotlar olib borilmoqda. Mamlakat yetakchisi faoliyatining ilk kunidan boshlab Oʻzbekistonda davlat idoralarida ish tashkil etish va davlat xizmatini rivojlantirishga qaratdi. Davlatda kadrlar bilan bogʻliq qator tizimli muammolar mavjudligi yuqori minbarlardan aytildi. Davlat xizmatini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish hamda bugungi kun talablariga moslashtirish vazifasi kun tartibidan oʻrin egalladi.
Davlat xizmati transformatsiyasi “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan tamoyilga boʻysundirildi. “Davlat – xalq xizmatchisi” tamoyili aholini tinglashni, uning muammolarini tushunishni va ehtiyojlarini maksimal darajada qondirishni nazarda tutadi. “Inson qadri uchun, inson baxti uchun, inson roziligi uchun!“ tamoyili mamlakat Konstitutsiyasida, qonunlarida va davlat idoralari faoliyatida bosh mezon boʻlishi shartligi Oʻzbekiston yetakchisi qatʼiy talabiga aylandi.
Xalq manfaatini koʻzlab qaror qabul qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylanishi natijasi oʻlaroq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Mazkur tizimlar Oʻzbekiston Respublikasining har bir fuqarosiga oʻzining muammosi boʻyicha davlat rahbariga, mutasaddilarga toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilish imkoniyatini berdi.
Oʻzbekistonning boshqaruvdagi yana bir ijobiy natijasi — Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “davlat – jamiyat”, “rahbar – fuqaro” munosabatlarining yangi shakli yuzaga keldi. Maqsad – rahbarlarni xalq bilan yuzlashtirish, mansabdorlar bilan fuqarolarni bir-biriga yaqinlashtirish, joylardagi muammolarni sinchkovlik bilan oʻrganish asosida xalqchil qarorlar qabul qilish boʻldi.
Mohiyatan, Prezident Sh.M.Mirziyoyevning saʼy-harakatlari bilan Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi falsafasi oʻzgardi. Ilgari davlat birlamchi boʻlib, odamlarga siyosatni amalga oshiruvchi vosita deb qaralar edi. Shuningdek, kadrlar bilan ishlashda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish borasidagi saʼy-harakatlar institutsional oʻzgarishlardan boshlandi. 2019-yil 3-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Agentlik davlat organlari va tashkilotlarida inson resurslarini boshqarish hamda rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishga masʼul organ etib belgilandi. Agentlik zimmasiga professional davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish, kadrlar bilan ishlashning innovatsion usullarini joriy etish, kadrlar tarkibining son va sifat xususiyatlarini yaxshilash kabi qator vazifalar yuklatildi. 2022-yil 8-avgustda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonuni sohadagi koʻpgina muammolarning huquqiy yechimini berdi. Kadr siyosatiga oid 160 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Davlat xizmatchilari faoliyati samaradorligini baholash tizimi joriy etildi. Davlat xizmatidagi vakant lavozimlarni ochiq tanlov orqali egallash tizimi amaliyotda qoʻllanila boshlandi. Yuqori rahbarlik lavozimlariga zaxira tayyorlash tizimi yaratildi.
Shuningdek, davlat va jamiyat oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan yangi tashkiliy tuzilma — “mahalla yettiligi” tashkil etildi. Ushbu tuzilma mahallalardagi muammolarni erta aniqlash, profilaktika ishlarini kuchaytirish va aholi bilan bevosita ishlashni samarali tashkil etishga yoʻnaltirildi.
Oʻzbekistonda davlat xizmatini natijadorlikka yoʻnaltirish maqsadida esa ijro etuvchi hokimiyat organlari, shu jumladan, boshqaruv xodimlari 30 % qisqartirildi, 30 ga yaqin turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi, 70 dan ziyod davlat xizmatlari soddalashtirildi, davlat tashkilotlari tomonidan 60 dan ortiq hujjatlarni talab qilish bekor qilindi. “Elektron hukumat” tizimining foydalanuvchilari soni 4 milliondan oshib, u orqali davlat idoralarining 130 dan ortiq axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatlari yaratildi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida qariyb 350 turdagi xizmatlar onlayn shaklda koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyildi. 2023-yil 1-yanvardan boshlab mustaqil faoliyat yurituvchi respublika ijroiya organlari soni 61 tadan 28 taga, shu jumladan, vazirliklar soni 25 tadan 21 taga qisqartirildi. Ahamiyatlisi, Oʻzbekiston ushbu sohadagi islohotlarni davom ettirish yoʻlida sobitqadam.
Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekistonning koʻhna, boqiy va tarixiy shahri — Samarqandda BMTning “UN Public Service” forumi oʻtkazilishi mamlakat uchun davlat xizmatlari tizimini modernizatsiya qilish, raqamli transformatsiyani amalga oshirish va xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikni kuchaytirishda jiddiy qadam boʻladi. Biz, ushbu Forum ishini qoʻllab-quvvatlab, muhim tadbirda ishtirok etishdan mamnun ekanligimizni bildiramiz.
Eng muhimi, bu kabi xalqaro forumlar nafaqat samarali davlat xizmatlarini shakllantirish, balki yuksak masʼuliyat, sadoqat va fidoyilik bilan mehnat qilayotgan davlat xizmatchilari nufuzini yuksaltirishga ham xizmat qiladi.