MARKAZIY VA JANUBIY OSIYO: MUSHTARAK SAVDO-IQTISODIY, TARIXIY-MADANIY VA SIVILIZATSION MAKON

2025-yilning 19-21-may kunlari “Tinchlik, doʻstlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish” mavzusida Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining oʻzaro bogʻliqligi boʻyicha Termiz muloqoti oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Termiz muloqotining asosiy maqsadi – Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlashdan iborat. Ushbu format xavfsizlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni taʼminlashda Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, mintaqalararo aloqalarni chuqurlashtirish va iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda xususiy sektor va moliya institutlarining rolini kengaytirish kabi dolzarb masalalarni muhokama qilishga qaratilgan. Tinchlik va xavfsizlikka nisbatan anʼanaviy va noanʼanaviy xatarlar kuchayib borishi, mintaqalararo aloqalarni chuqurlashuvi bilan tavsiflangan zamonaviy zalqaro tizimda kuzatilayotgan inqirozlar sharoitida, davlatlararo siyosiy ishonchni mustahkamlash, oʻzaro aloqador va umumiy tahdidlarga qarshi mushtarak hamkorlikni rivojlantirish vazifalari ikki mintaqaning barcha davlatlariga birdek daxldor masalalardir. Shu boisdan, Termiz muloqoti Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari uchun favqulodda dolzarb va ahamiyatlidir. Zero, “geografiya – bu taqdirdir”, degan edi taniqli faylasuf va tarixchi Ibn Haldun. Necha zamonlar oʻtsa hamki, ushbu fikrlar oʻzining dolzarbligi va ahamiyatini yoʻqotmasdan kelmoqda. Taqdirning izmi va tarix taqozosi bilan Oʻzbekiston jahonaro dengiz yoʻllaridan mosuvo boʻlib qolishiga toʻgʻri keldi. Ayonki, eng yaqin dengiz yoʻlaklari janubiy qoʻshnimiz, uzoq yillardan buyon urush va ziddiyatlar iskanjasida qolgan Afgʻoniston oʻlkasi hududi orqali oʻtadi. Mashhur sarkarda, buyuk ajdodimiz Zahiriddin Bobur va uning vorislari zamonida janubiy yoʻlaklardan jami 13 ta savdo karvonlari oʻtgan ekan. “Hind sori yuzlangan” Boburiyning tarixiy rishtalarini, savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini, umuman yangi transport yoʻlaklarni barpo etish bugungi Oʻzbekiston tashqi siyosiy strategiyasining ustuvor maqsadlaridan biri hisoblanadi. Zero, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda: “Bugungi kunda dunyo turli tahdidlar, shu bilan birga, yangi imkoniyatlarni oʻzida mujassam etgan global geosiyosiy oʻzgarishlar davriga qadam qoʻydi. Shunday murakkab sharoitda qariyb ikki milliard aholi yashaydigan Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni qayta tiklash muhim hayotiy zarurat va tabiiy jarayonga aylanmoqda. Oʻylaymanki, xalqlarimizning ulkan tarixiy, ilmiy, madaniy-maʼrifiy merosi hamda iqtisodiyotlarimizning oʻzaro bir-birini toʻldirish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, mavjud intellektual salohiyatni, birgalikdagi saʼy-harakatlarimizni oʻzaro muvofiqlashtirish vaqti keldi. Bu esa, hech shubhasiz, oʻzining qudratli taʼsir kuchini namoyon etadi. Biz oʻzaro bogʻliqlik, hamkorlik, muloqot va eng asosiysi, ishonch izchil va barqaror rivojlanish, mintaqalarimiz aholisining turmush darajasi hamda farovonligini oshirishning harakatlantiruvchi kuchiga aylanishiga aminmiz. Bunday yondashuv – davr talabidir”.
Afgʻoniston Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo, Yaqin Sharqni Uzoq Sharq mintaqalari bilan bogʻlaydigan mintaqalararo transport koʻprigidir. Markaziy Osiyo mintaqasiga eng yaqin dengiz portlari aynan Afgʻoniston hududi orqali oʻtadi. Shu maqsadda Transafgʻon transport yoʻlagini ishga tushirish Oʻzbekiston uchun strategik darajada ahamiyatga ega. Oʻzbekistonning Afgʻoniston orqali dengiz portlariga chiqishi Qora va Boltiq dengiziga chiqish portlaridan 2-3-marta, Tinch okeani portlari yoʻnalishidan 5-marta qisqaroqdir. Tahliliy maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston umumiy xalqaro transportining 60 foizi Markaziy Osiyo davlatlari va Afgʻoniston tranzit yoʻllaridan oʻtadi. Ushbu tranzit yoʻllarining ulushi quyidagicha: 69 foiz Qozogʻiston va Turkmaniston, 21 foiz Tojikiston, 6 foiz Qirgʻiziston va 4 foiz Afgʻoniston hissasiga toʻgʻri keladi. Istiqbolda Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlarini Afgʻoniston orqali xalqaro bozorlarga olib chiqish uchun qulay imkoniyatlar va sharoitlar yaratishi mumkin. Shu sababdan, xalqaro transafgʻon koridorining ochilishi mintaqalararo savdo muloqotiga zamin yaratadi, jumladan, Oʻzbekiston Eron, Pokiston va Hindiston portlari orqali dunyo bozorlariga chiqadi hamda butun mintaqaning ulkan tranzit salohiyatini keng roʻyobga chiqarish uchun yangi imkoniyatlar ochiladi. Bugungi kunda Oʻzbekiston tomonidan Afgʻonistonning iqtisodiy tiklanishi uchun katta koʻmak koʻrsatilmoqda. Masalan, Oʻzbekiston 2010-yil Afgʻonistonda foydalanishga topshirilgan va poyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan ilk temir yoʻl – “Hayraton-Mozori Sharif” temir yoʻlini bunyod etgan davlat sifatida tarix sahifasidan joy olgan. Bu loyiha muddatidan oldin, yaʼni 11 oyda foydalanishga topshirildi. Ushbu transport yoʻnalishi ishga tushganidan buyon u orqali 20 million tonnadan ortiq yuk tashildi. Shuning 5,5 million tonnaga yaqini Oʻzbuistonning eksport tovarlari boʻldi. Osiyo taraqqiyot bankining maʼlumotlariga koʻra, mazkur temir yoʻl qurilishi natijasida 1200 ta afgʻonlar doimiy ish bilan taʼminlandi, loyiha hududlarida bandlik darajasi 10 foizdan oshib, 7 mlndan ortiq aholi temir yoʻl xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi. Shuningdek, yuklarni tashish vaqti ikki barobar qisqarib, Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi savdo hajmi 2008-yildagi 520 mln dollardan 2012-yilga kelib 1 mlrd dollardan oshdi. Ushbu davr mobaynida Afgʻonistonning umumiy savdo hajmi 2008-yildagi 3,5 mlrd dollarga nisbatan 6,8 mlrd dollarga yuqoriladi. Mutaxassislarining baholashicha, Hayraton Afgʻonistonning asosiy quruqlik va daryo bandargohi boʻlib, u mamlakat umumiy importining 50 foizga yaqin ulushini oʻzida jamlaydi. Bugungi kunda ham ushbu temir yoʻl Oʻzbekiston va Afgʻonistonni oʻzaro bogʻlovchi hamda Afgʻonistonga gumanitar koʻmak yuklarini yetkazib beruvchi asosiy yoʻl boʻlib qolmoqda. Bu borada aynan Termiz shahrining oʻrnini ham alohida eʼtirof etish joiz.
Termiz muloqoti davomida muhokama qilinadigan masalalardan biri “Hayraton-Mozori Sharif” temir yoʻlini uzaytiradigan va Transafgʻon transport yoʻlagining bugungi muhim loyihalaridan hisoblangan “Termiz-Mozori Sharif-Kobul-Peshovar” temir yoʻli (Kobul koridori) tashabbusini amalga oshirish uchun oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashdan iborat. Hozirda Kobul koridorining “Termiz-Noibobod-Logʻar-Xarlachi” temir yoʻli yoʻnalishi shakllantirilib, loyihani muvofiqlashtirish boʻyicha Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Pokiston oʻrtasida yoʻl xaritasi tuzib chiqilgan. Mutaxassislar ushbu temir yoʻlni “Asr loyihasi” va Janubiy Osiyo dengiz yoʻlaklariga chiqish darvozasi sifatida baholashmoqda. Darhaqiqat, loyihaning amalga oshishi asrga tatigulik imkoniyatlarni taqdim etadi. Ammo, sir emaski, loyihaga toʻsqinlik qiluvchi omillar ham yoʻq emas. 2024-yildagi koʻrsatkichlarga koʻra, ikki mintaqa oʻrtasidagi savdo aylanmasi atigi 5 mlrd dollardan ham oshmaydi. Tabiiyki, bu raqam ikki mintaqaning butun salohiyati va imkoniyatlarini toʻliq koʻrsatib bera olmaydi. Shu sababdan, Kobul koridorining ahamiyati xususida quyidagilarni sanab oʻtish lozim:
birinchidan, koridor Afgʻonistonning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari, jumladan terrorizm va giyohvand moddalar savdosi kabi buzgʻunchi hodisalaraning ijtimoiy asoslarini bartaraf etishga yordam beradi. Loyihaga diqqat bilan eʼtibor qaratganda, u Afgʻonistonning markaziy shaharlari va viloyatlarini bir-biri bilan bogʻlabgina qolmasdan, butun aholining ishsizlik (500 ming aholiga ish oʻrni), qashshoqlik, elektr energiyasi tanqisligi, umuman, ushbu oʻlkaning izdan chiqqan ishlab chiqarish va sanoat infratuzilmasi rivojlanishiga katta turtki boʻladi. Qolaversa, “Mozori Sharif-Torxam” avtomobil yoʻli “Kobul halqa yoʻli”ni ham tezkor ravishda yakunlanishiga amaliy hissa qoʻshadi;
ikkinchidan, ushbu temir yoʻl nafaqat mintaqaviy, balki halqaro iqtisodiy-siyosiy munosabatlar rivojlanishida samarali oʻrin egallaydi. Mutaxassislarning baholashicha, “Kobul koridori” Yevropa, Markaziy Osiyo, Pokiston, Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari oʻrtasida savdo-sotiqning kengayishi, eksport va import oʻsishiga xizmat qiladi. Zamonaviy jahon iqtisodiyoti sust rivojlanayotgan sharoitda ushbu loyihaning amalga oshishi mintaqaviy taraqqiyotni taʼminlash barobarida global iqtisodiy oʻsish surʼatlariga yangi turtki boʻlish imkonini beradi;
uchinchidan, loyiha SHHTning barcha aʼzo davlatlarini Afgʻoniston orqali oʻzaro bogʻlaydi. Bu geografik jihatdan Rossiya va Markaziy Osiyoni Hindiston va Pokiston bozorlariga, oʻz navbatida, Hindiston va Pokistonni Markaziy Osiyo, Rossiya va Yevropa bozorlariga olib chiqadi;
toʻrtinchidan, koridor Oʻzbekiston uchun eng yaqin dengiz bandargohlariga chiqish imkoniyatlarini ochib beradi. Ushbu temir yoʻlning foydalanishga topshirilishi savdo-iqtisodiy, transport-logistika aloqalarini diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi va transport izolyatsiyasidan chiqish imkonini beradi.
Tabiiyki, aynan Termiz muloqoti Transafgʻon transport yoʻlagining Janubiy Osiyoga qaratilgan loyihalarini amalga oshirish yoʻlida turgan bir qator muammolarni hal etishda zarur muloqot va muzokara maydoni boʻlib xizmat qiladi. Zero, Termiz muloqoti turli savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika va energetika loyihalarini keng va atroflicha muhokama qilishga, ularni moliyalashtirishga yordam beradi.
Oʻtmishga nazar solsak, Termiz shahri turli xalqlar, elatlar, turfa tillar va dinlarni oʻzaro birlashtirgan madaniyatlar chorrahasi boʻlib kelgan. Jumladan, ushbu shahar zardushtiylik, nasroniylik, islom, buddizm va boshqa dinlar markazi sifatida tanilgan. Termizga yaqin hududlardan topilgan qadimiy arxeologik yodgorliklar, jumladan Dalvarzintepa shahri turli xalqlar va madaniyatlar beshigi hisoblangan. Olimlarning faraziga koʻra, Kushon podsholigining dastlabki poytaxti Dalvarzintepa oʻrnida boʻlgan. Shahar yodgorliklari, ayniqsa, Dalvarzintepa xazinasidan topilgan taqinchoqlar qadimiy Markaziy Osiyo, Afgʻoniston, Pokiston va Hindiston hududlarida yashagan xalqlarning madaniy va iqtisodiy aloqalari qanchalik yuqori boʻlganidan darak beradi. Shuningdek, Termiz shahri jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan buyuk islom ulamolari Hakim at-Termiziy, Iso Termiziy, Sobir Termiziy va boshqa shu kabi qomusiy mutafakkirlarning vatani hisoblanadi. Taʼbir joiz boʻlsa, endi Termizni turli tarixiy sivilizatsiyalarni birlashtiradigan zaminga aylantirish imkoniyati vujudga kelmoqda, deb aytsak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Markaziy Osiyo davlatlarining bugungi hamkorligi, ahil qoʻshnichilik siyosati va eng muhimi, oʻzaro ishonch muhiti boshqa mintaqalar uchun oʻziga xos oʻrnak boʻlmoqda, deb aytsak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Darhaqiqat, Janubiy Osiyo mintaqasi bilan bogʻlanish, ushbu mintaqa bilan tarix davomida gurkirab rivojlangan siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar rishtalarni qayta tiklash maqsadida tashkil etilayotgan Termiz muloqoti nafaqat ikki mushtarak tarixiy-madaniy va sivilizatsiviy makonni bir-biri bilan yaqinlashtirishga, balki Afgʻonistonda barqarorlik va tinch taraqqiyotni taʼminlashning yangicha yondashuvlarini amalga oshirishga katta turtki vazifasini oʻtaydi. Qolaversa, dunyoning turli mintaqalarida kuzatilayotgan geosiyosiy raqobat va qurolli nizolar sharoitida Termiz muloqotining tashkil etilishi tom maʼnoda oldindan aytib boʻlmaydigan xavfsizlik bilan bogʻliq tahlikalar, iqtisodiy inqirozlar, ekologik xatarlar, tamaddunlar toʻqnashuvi kabi oʻtkir muammolariga preventiv diplomatiya va konstruktiv muloqot orqali javob izlashga sezilarli darajada imkoniyat yaratib beradi. Oʻzbekiston tashqi siyosatidagi strategik yondashuvning mohiyati ham aynan ikki mintaqa xalqlari oʻrtasidagi tarixiy aloqalarni tiklash, oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash hamda Markaziy Osiyo mintaqasini yangi bozorlarga olib chiqishdan iborat. Bu tashabbus mintaqada yashaydigan barcha xalqlarning manfaatlariga toʻliq mos kelibgina qolmay, jahon hamjamiyatining, jumladan, BMT tomonidan qabul qilingan “Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash toʻgʻrisida”gi maxsus rezolyutsiya ijrosini ham taʼminlashga har jihatdan hissa qoʻshadi.
Umuman, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari tarixiy burilish pallasida turibdi. Termiz muloqoti mintaqalararo oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirishga turtki beruvchi maydon sifatida mushtarak tarixiy-madaniy va sivilizatsion aloqalarni tiklash bilan birgalikda, Afgʻoniston orqali yangi xalqaro transport-logistika yoʻlaklari rivojlanishiga imkoniyat eshiklarini ochib beradi. Diplomatiya va ishonch inqirozi kuchayib borayotgan hozirgi davr uchun Termiz muloqoti kabi tashabbuslar favqulodda muhim va ahamiyatli hisoblanadi. Zeroki, mintaqalar nizo va raqobat bilan emas, balki bir-birini tushunish, oʻzaro muloqot va yaqin hamkorlik asosida rivojlanishi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir.
Suhrob Boʻronov
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti,
ciyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD)