Oʻzbekiston – 2025-2027-yillar uchun BMT Turizm Yevropa komissiyasi raisligiga nomzod

Oʻzbekiston oʻz nomzodini 2025-2027-yillar uchun BMT Turizm Yevropa komissiyasi raisligiga ilgari surdi.
Mazkur nufuzli lavozimga Oʻzbekiston tarixida ilk bor oʻz nomzodini ilgari surmoqda. Bu tashabbus mamlakatimizning xalqaro turizm tashkilotlari doirasidagi faolligi va yuksak ishonchga sazovor boʻlayotganining yaqqol ifodasidir.
BMT Turizm Yevropa komissiyasi tarkibiga Yevropa, Markaziy va Gʻarbiy Osiyoning 41 ta davlati kiradi. Komissiya Yevropa mintaqasidagi turizm siyosatini shakllantirish, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda barqaror va inklyuziv turizmni rivojlantirishda muhim rol oʻynaydi.
Mazkur komissiyaning 71-yigʻilishi 2025-yil 4-6-iyun kunlari Ozarbayjonning Boku shahrida boʻlib oʻtadi. Mazkur yigʻilish davomida 2025-2027-yillarda BMT Turizm Yevropa komissiyasi raisi saylovi oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Oʻzbekistonning mazkur lavozimga oʻz nomzodini ilgari surishi – mamlakatimizning turizm sohasidagi izchil islohotlari, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi amaliy qadamlar, shuningdek, barqaror va inklyuziv turizmni rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasining eʼtirofi sifatida eʼtirof etilmoqda.
Mazkur lavozimni egallash orqali Oʻzbekiston Markaziy Osiyoni yagona turizm makoni sifatida targʻib qilish, transchegaraviy marshrutlarni rivojlantirish, raqamli yechimlarni keng joriy etish, shuningdek, BMT Turizm tashkiloti doirasida mintaqaviy muloqotni kuchaytirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surishni rejalashtirmoqda.
“Dunyo” AA