Tailandga kirishning yangi tartibi – 2025-yil 1-maydan TDAC raqamli ro‘yxatdan o‘tish shakli joriy etiladi!

2025-yil 1-maydan boshlab Tailandga kirishda yangi raqamli ro‘yxatdan o‘tish tizimi (TDAC) joriy etiladi
Hurmatli O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari!
Tailand Immigratsiya Byurosi va Tailand Turizm boshqarmasi 2025-yil 1-maydan boshlab mamlakatga kirish qoidalari o‘zgartirilganini ma’lum qildi.
Davlat xizmatlarini raqamlashtirish doirasida ilgari Tailandga kirishda qoʻllanilgan qog‘oz shaklidagi kirish kartasi (TM.6 shakli) to‘liq bekor qilinadi va uning o‘rnini yangi Raqamli Kirish Kartasi — Thailand Digital Arrival Card (TDAC) egallaydi.
TDAC — bu Tailandga kelishdan oldin onlayn tarzda to‘ldirilishi lozim bo‘lgan elektron forma bo‘lib, u havo, quruqlik yoki dengiz orqali kiruvchilar uchun majburiy hisoblanadi. Ushbu yangilik chegara nazoratini soddalashtirish va kutish vaqtlarini qisqartirishga qaratilgan.
Kimlar to‘ldirishi kerak?
TDAC formasi quyidagi barcha xorijiy fuqarolar tomonidan to‘ldirilishi shart:
- Turistlar
- Ishbilarmon sayohatchilar
- Uzoq muddatga yashash huquqiga ega shaxslar
Qachon va qanday to‘ldiriladi?
- Formani rejalashtirilgan kelish sanasidan 3 kun oldin to‘ldirish mumkin.
- Masalan: agar siz 4-may kuni Tailandga kirishni rejalashtirgan bo‘lsangiz, formani 1-maydan boshlab to‘ldirishingiz mumkin.
- 1-may kuni kiruvchilar uchun forma 28-apreldan e’tiboran ochiq bo‘ladi.
- Forma Tailand Immigratsiya Byurosining rasmiy portalida mavjud.
Formani yakka tartibda yoki guruh bo‘lib to‘ldirish mumkin. Unga parvoz oldidan o‘zgartirishlar kiritish ham mumkin.
Qanday ma’lumotlar kerak bo‘ladi?
- Pasport ma’lumotlari
- Shaxsiy ma’lumotlar
- Sayohat maqsadi va tafsilotlari
- Tailanddagi yashash manzili
- Qisqa tibbiy deklaratsiya
Internetga kirish imkoni yo‘q bo‘lsa
Istisno holatlarda, chegara nazorat punktlarida joylashgan maxsus yordam markazlarida koʻkam ko‘rsatiladi. Biroq, Tailand Immigratsiya Byurosi formani oldindan onlayn tarzda to‘ldirishni qat’iy tavsiya qilmoqda, bu Tailandga kirishda kutib qolishni oldini oladi.
Kimlar TDAC to‘ldirishdan ozod qilinadi?
- Tailand orqali tranzit o‘tayotgan, ammo immigratsiya nazoratidan o‘tmaydigan yo‘lovchilar TDAC to‘ldirishdan ozod qilinadi.
Eslatib oʻtamiz, amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari Tailandga 60 kungacha muddatga vizasiz tarzda kirishlari mumkin.
Foydali havolalar
- TDAC portali: https://tdac.immigration.go.th
- Foydalanuvchi qo‘llanmasi: https://tdac.immigration.go.th/manual/en/index.html
- Ko‘p so‘raladigan savollar: https://tdac.immigration.go.th/manual/en/faq.html
E’lon qilingan sana: 2025-yil 21-aprel
O‘zbekiston Respublikasining Tailanddagi Bosh konsulxonasi