O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Kuvayt Davlatiga rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot

Kuvayt Davlati Amiri shayx Mishʼal al-Ahmad al-Jobir as-Saboh Aʼlo Hazratlarining taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari 2025-yil 17-18 fevral kunlari Kuvayt Davlatida rasmiy tashrif bilan bo‘ldi.
Konstruktiv va do‘stona muhitda o‘tgan tashrif doirasida ikki davlat rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasida keng qamrovli munosabatlarni chuqurlashtirish va mustahkamlashga kelishib oldilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Kuvayt Amirining Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash bo‘yicha saʼy-harakatlarini yuksak baholadi. Kuvayt Davlati Amiri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Markaziy Osiyoda tinchlik va xavfsizlik, yaxshi qo‘shnichilik va integratsiya jarayonlarini mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Janobi Oliylari Kuvayt Davlatini joriy yilda Ko‘rfaz hamkorlik kengashiga raislik qilayotgani bilan tabrikladi hamda tomonlar Ko‘rfaz hamkorlik kengashi va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlar rivojlanib borayotganligini yuqori baholadilar. Kuvayt Davlati Amiri O‘zbekistonning Markaziy Osiyo Davlat rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvida raisligi hamda mintaqaviy aloqalarni rivojlantirish va barqaror taraqqiyotni ilgari surishdagi o‘rnini olqishladi.
Tomonlar Samarqand shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Ko‘rfaz hamkorlik kengashi davlatlari rahbarlarining bo‘lib o‘tadigan 2-sammitini olqishladilar, Kuvayt tomoni esa Ko‘rfaz hamkorlik kengashining amaldagi raisi sifatida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz hamkorlik kengashi o‘rtasida hamkorlikni har tomonlama chuqurlashtirishni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi.
O‘zbekiston-Kuvayt aloqalarining muhim jihatlarini har tomonlama muhokama qildilar hamda ularni yana-da rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab oldilar.
O‘zbekiston Respublikasi bilan Kuvayt Davlati o‘rtasidagi aloqalardan kelib chiqib, siyosiy muloqotni, savdo-iqtisodiy munosabatlarni, madaniy-gumanitar almashinuvlarni hamda xavfsizlik, mudofaa va huquqni muhofaza qilish idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni hamda mintaqalararo hamkorlikni kuchaytirish muhimligini tasdiqladilar.
Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi sheriklikni chuqurlashtirish va kengaytirishga intilgan holda, quyidagilarni taʼkidladilar:
1. Tomonlar o‘zaro manfaatli barcha sohalarda keng qamrovli sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha saʼy-harakatlarni davom ettiradilar.
Tomonlar navbati bilan har yili yuqori mansabdor shaxslar darajasidagi siyosiy maslahatlashuvlarni o‘tkazish, uning doirasida ikki tomonlama munosabatlar kun tartibi, shuningdek, umumiy manfaatlar, mintaqaviy va global masalalar xususida fikr almashish muhimligiga urg‘u berdilar.
2. Tomonlar 2024-yil 19-21 noyabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan Savdo-iqtisodiy va texnik hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiya birinchi yig‘ilishining moliya, savdo, raqamli iqtisodiyot, investitsiya, energetika, qurilish va transport infratuzilmasi, innovatsiya, qayta tiklanuvchi energiya, qishloq xo‘jaligi, mehnat migratsiyasi, madaniyat, turizm, taʼlim kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdilar.
Ikki Tomon o‘zaro savdo uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, savdo tuzilmasini to‘liq diversifikatsiyalash hamda uning hajmini kengaytirish maqsadida o‘z davlatlarining masʼul idoralari o‘rtasida uchrashuvlarni, jumladan, Savdo-iqtisodiy va texnik hamkorlik bo‘yicha qo‘shma komissiya yig‘ilishlarini faollashtirishga kelishib oldilar.
3. Kuvayt tomoni xususiy sektor vakillarining Kuvayt Savdo-sanoat palatasi orqali O‘zbekistonning investitsiya salohiyatini o‘rganishni rag‘batlantirish istagini bildirdi, O‘zbekiston tomoni esa kuvaytlik investorlarni jalb qilish va amaldagi qonunchilik bo‘yicha zarur ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini qayd etdi.
Har ikkala mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini oshirishga hissa qo‘shish maqsadida o‘simliklar va chorvachilik mahsuldorligini oshirishga qaratilgan texnologiyalar va tajriba bilan ham davlat, ham xususiy sektor orqali almashish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
4. Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri doimiy aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish lozimligi va turizm sohalarini yana-da rivojlantirishga hamda buni amalga oshirish uchun talab etiladigan jarayonlarni yengillashtirish yo‘lida birgalikdagi saʼy-harakatlarni kuchaytirish zarurligini taʼkidladilar.
5. Tomonlar aholi salomatligini yaxshilashga yo‘naltirilgan hamkorlikni kengaytirish hamda sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va tibbiyot sohasida tajriba almashish hamda AKTga asoslangan tibbiyot tizimi sohasida o‘zaro muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
6. Tomonlar mudofaa, xavfsizlik va huquq tartibot idoralari o‘rtasidagi aloqalarni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash, shuningdek, kadrlar tayyorlash hamda AKT, sunʼiy idrok va kiberxavfsizlik sohalarida hamkorlikni kengaytirish borasida yakdil fikrni ifoda etdilar.
7. Ikki mamlakat BMT Nizomi va xalqaro huquqqa asosan davlatlarning hududiy yaxlitligi va suverenitetini hurmat qilish, ularning ichki ishlariga aralashmaslik hamda mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish muhimligini yana bir bor taʼkidlab o‘tdilar.
8. Xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va aloqalarni mustahkamlash maqsadida Tomonlar madaniyat, taʼlim, fan, sport, turizm va “xalq diplomatiyasi” sohalarida hamkorlikning mavjud va yangi shakllarini yana-da rag‘batlantirish niyatlarini bildirdilar.
Tomonlar bir-birlarining madaniy merosi, tillari va yutuqlarini ko‘rgazmalar, madaniyat va sanʼat tadbirlari orqali yana-da kengroq yoritish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirish muhimligini taʼkidladilar.
Tomonlar arxeologik, badiiy va madaniy merosni saqlash, muhofaza qilish, ulardan foydalanish, raqamlashtirish va restavratsiya qilish sohalarida olimlar va mutaxassislar almashuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish, hamda, axboroti, tajriba almashinuvida sohasida qo‘shma faoliyat orqali hamkorlikning boshqa shakllarini olib borishga kelishib oldilar.
9. Tomonlar oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida sheriklik aloqalarini mustahkamlash, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, stipendiya dasturlarini kengaytirish, fakultetlar va oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida qo‘shma taʼlim dasturlarini yaratish orqali oliy taʼlim sohasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish muhimligini qayd etdilar.
10. Tomonlar mintaqaviy va global miqyosda xavfsizlik, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga intilishlarini tasdiqladilar hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Shuningdek, O‘zbekiston tomoni Kuvaytning Osiyo hamkorlik muloqotini mintaqaviy tashkilotga aylantirish bo‘yicha tashabbusini olqishladi.
11. Har ikkala Tomon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining Kuvayt Davlatiga rasmiy tashrifi manfaatli yakunlaridan mamnunliklarini bildirdilar va ushbu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi mavjud keng qamrovli sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlash uchun muhim asos bo‘lganligini taʼkidladi .
12. Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni turli sohalarda mustahkamlashga qaratilgan turli shartnomalar imzolanganligini olqishladilar.
13. Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan muzokaralar do‘stona va ishonch ruhida bo‘lib o‘tdi. Prezident Janobi Oliylari Amir Aʼlo Hazratlariga ko‘rsatilgan samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik izhor qildi. Shuningdek, Prezident Janobi Oliylari Amir Aʼlo Hazratlarini Kuvayt Davlati mustaqilligining oltmish to‘rt yilligi va ozodlikka erishganining o‘ttiz to‘rt yilligi nishonlanadigan Milliy kunlar munosabati bilan tabrikladi, Prezident Janobi Oliylari Kuvayt Amiri Shayx Mishʼal al-Ahmad al-Jobir as-Sabohni O‘zbekistonga rasmiy tashrif buyurishga taklif qildi. Tashrif muddatlari diplomatik kanallar orqali kelishiladi.