Oʻzbekiston – 2030: Yangi davlat dasturining aholi hayotidagi ahamiyati

Mamlakatimizda 2025-yilga moʻljallangan Davlat dasturi loyihasi keng jamoatchilik va ekspertlar muhokamasidan oʻtkazilib, yaqinda rasman qabul qilindi. Ushbu muhokamalar parlamentning ikkala palatasida, siyosiy partiyalar, mehnat jamoalari, yoshlar orasida va mahallalarda faol oʻtkazildi. Jarayonlar keng jamoatchilikka ochiq tarzda yetkazilib, ommaviy axborot vositalari orqali yoritib borildi.
Bunday ochiq muhokamalar aholining siyosiy jarayonlarga boʻlgan qiziqishini oshirib, ularning faol ishtirokini taʼminladi. Davlat dasturida nazarda tutilgan muhim tashabbuslar haqida xabardorlikni oshirish va fuqarolarning qimmatli takliflarini olish maqsadida bir qator tadbirlar oʻtkazildi. Natijada, aholi va ekspertlarning 100 ga yaqin konseptual hamda mingdan ortiq tahririy takliflari qabul qilindi. Eʼtiborli jihati shundaki, muhokamalarda nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xalqaro hamjamiyat va xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlar ham faol ishtirok etdi. Ular tomonidan bildirilgan takliflar dasturni takomillashtirishda inobatga olindi.
Hayot sifatini oshirish – asosiy maqsad
Davlat dasturi doirasida aholi hayot sifatini yaxshilash, ekologik barqarorlikni taʼminlash va “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy etish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Bu yoʻnalishda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi: Yashil hududlarni kengaytirish: shahar va mahallalarda koʻchalar boʻylab daraxt ekish, yashil zonalar tashkil etish. Transport infratuzilmasini yaxshilash: piyodalar va velosiped yoʻlaklarini yaratish, ekologik toza jamoat transportini rivojlantirish. Suv tejamkorligi: yomgʻir va oqova suvlarni qayta ishlash orqali suv resurslaridan oqilona foydalanish.
Yashil iqtisodiyot va qayta tiklanuvchi energiya manbalari
Yashil iqtisodiyotni rivojlantirish doirasida quyosh va shamol energiya manbalaridan samarali foydalanish yoʻnalishida hududlarda 74172 ta quyosh panellari oʻrnatilib, 785 MVt qoʻshimcha quvvat yaratilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, quvvati 225 MVt boʻlgan gidroeyektr stansiyalarini barpo etish belgilangan. Bu chora-tadbirlar orqali qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 40 foizga yetkazish koʻzda tutilgan.
Iqtisodiyot va investitsiya muhiti
Iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish maqsadida eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va mahalliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarga chiqarish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. 2025-yilda iqtisodiy oʻsish kamida 6 foiz, sanoat 6 foiz, bozor xizmatlari 14,5 foiz, qishloq xoʻjaligi 4,1 foizga ga oʻsishi rejalashtirilgan. Eksport salohiyatini oshirish maqsadida mahalliy tadbirkorlar uchun “korxonabay” ishlash tizimi joriy etilib, ularning mahsulotlarini xalqaro bozorga chiqarishda qoʻllab-quvvatlash choralari kuchaytiriladi.
Taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasida islohotlar davom etadi
Davlat dasturi taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarini ham qamrab olgan. Maktabgacha taʼlim qamrovini oshirish maqsadida olis va chekka hududarda mobil guruhlar tashkil etiladi. Bunda maxsus jihozlangan avtobuslar ajratilib, bolalar oʻyin maydonchalari tashkil etiladi. Uyda taʼlim olayotgan oʻquvchilar uchun qulayliklar yaatish maqsadida bolalar uchun mbil qurilmalarda ishlaydigan maxsus platforma yaratiladi, platforma elektron va video darsliklar turli yoshdagi oʻquvchilar ehtiyojlariga moslashtiriladi va “Oylayn mentorlik” tizimi joriy qilinadi, bu esa oʻquvchilarga pedagogik yordam olish imkoniyatini beradi.
Pedagoglarni ragʻbatlantirish maqsadida oʻzbek tili va adabiyoti sertifikatiga ega boʻlgan oʻqituvchilar oylik maoshiga 50% foiz ustama toʻlanadi, maktablarga 500 nafar xorijiy mutaxassis jalb qilinadi. Shuningdek har bir tumanda (shaharda) inklyuziv taʼlim talablariga javob beradigan maktablar tashkil etiladi. “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 3,5 ming kambagʻal oila farzandlari oliy taʼlim muassasalariga grant asosida qabul qilinadi.
Sogʻliqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish doirasida tibbiy muassasalar zamonaviy uskunalar bilan jihozlanib, markazlashgan laboratoriyalar tashkil etiladi. Shuningdek, shifoxonalarda raqamli navbat tizimi joriy qilinib, tibbiy xizmat koʻrsatishning samaradorligi oshiriladi.
Kambagʻallikni qisqartirish maqsadida yangi kasb-hunar markazlari tashkil etilib, yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklarga oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi. Shu bilan birga, investitsiya loyihalari orqali yangi ish oʻrinlariyaratilib, aholi daromadlari oshiriladi.
Yashil iqtisodiyot va ekologik tashabbuslar
Yashil iqtisodiyotni rivojlantirish doirasida aholi uylarida energiya tejamkor uskunalar oʻrnatish uchun maxsus subsidiyalar ajratilishi koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, Orol dengizi tubida 100 000 gektar “yashil maydon”barpo etilishi rejalashtirilgan, bu esa ekologik muhitni yaxshilashga katta hissa qoʻshadi. Shuningdek, 9452 mahallada 32 milliondan ortiq koʻchatlar ekiladi, 5,8 million xonadon va 103 778 ming ichki koʻchalarda 388 million dona gul va qadamchalar oʻtqaziladi.
Eʼtiborlisi, 2025-yilga moʻljallangan Davlat dasturi Oʻzbekistonning barqaror rivojlanishi, aholi farovonligini oshirish va ekologik muhitni yaxshilashga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi. Ushbu tashabbuslar nafaqat hozirgi, balki kelajak avlod uchun ham mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi. Shu bois, har birimizning mazkur islohotlarni qoʻllab-quvvatlab, ularni amalga oshirishda faol ishtirok etishimiz maqsadga muvofiq. Bu bilan yurtimiz taraqqiyoti va xalq farovonligiga hissa qoʻshgan boʻlamiz.
Eldor Tulyakov,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori