O'zbekiston Prezidentining Malayziya amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlari Tailand OAV nigohida

BANGKOK, 11-fevral. /"Dunyo" AA/. Tailandning "Khaosod English" yangiliklar portalida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 4-5-fevral kunlari Malayziyaga buyurgan rasmiy tashrifiga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko'tarishga kelishib oldilar, deb ta'kidlangan. Shuningdek, nashrda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, "halol" sanoat, aviatsiya sohasidagi hamkorlik va O'zbekiston-Malayziya sanoat zonasini tashkil qilish, shuningdek, to'g'ridan-to'g'ri aviareyslar sonini oshirish, turizm, ta'lim va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni jadallashtirishga alohida e'tibor qaratilgani qayd etilgan.
"Oliy darajadagi muzokaralar yakunida, ikki davlat o'rtasida sud ekspertizasi, sog'liqni saqlash, ta'lim va madaniyat kabi sohalarda bitimlar imzolandi. O'zbekiston Malayziyaning "PETRONAS" neft va gaz kompaniyasi bilan neft-kimyo hamda ekologik toza energetika loyihalarida hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi", – deyilgan manba.
Maqolada, shuningdek, Malayziya 2025-yilda ASEANga raisligi davomida ushbu tashkilotning O'zbekiston bilan hamkorligini qo'llab-quvvatlashga intilishi ma'lum qilingan.
Tailand OAV yozganidek, ikki davlat yetakchilar mintaqaviy muammolar, shu jumladan, Afg'oniston va Falastin bo'yicha ham fikr almashdilar.
"O'zbekiston va Malayziya bir-biridan jug'rofiy jihatdan uzoq bo'lishiga qaramasdan, iqtisodiy va madaniy aloqalarni kengaytirish orqali 32 yillik diplomatik munosabatlarini jadallashtirmoqda. 1992 yilda asos solingan hamkorlik sezilarli darajada kengayib, 2024-yilda ikki tomonlama savdo hajmi 102 million AQSh dollariga yetdi", – deb yozilgan "Khaosod English" elektron portali maqolasida.