O'zbekiston va Malayziya ikki tomonlama munosabatlari Tailand OAV nigohida

BANGKOK, 7-fevral. /"Dunyo" AA/. Tailandning "M-Today" yangiliklar portalida O'zbekiston va Malayziya ikki tomonlama munosabatlariga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Malayziya 1992-yil 21-fevralda O'zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo'lib tan olgan va ushbu mamlakat bilan diplomatik munosabatlar o'rnatgan davlatlardan biri hisoblanadi. Bu munosabatlarning asosiy tamoyillari O'zbekiston va Malayziya tomonidan 1993-yil 3-aprelda qabul qilingan qo'shma kommyunikeda mustahkamlangan", – deyilgan maqola muqaddimasida.
Ikki davlat o'rtasida oliy darajada samarali muloqot yo'lga qo'yilgan. Bu mamlakatlarimiz o'rtasida sezilarli jug'rofiy masofa bo'lishiga qaramay, barcha sohalarda hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ma'lum qilinganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 1-dekabr kuni Dubay shahrida o'tgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o'zgarishi bo'yicha konferensiyasi (SOR-28) doirasida sobiq Malayziya Podshohi Sulton Abdulloh Rioyatuddin Al-Mustafo Billoh Shoh bilan uchrashdi.
Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning 2024-yil may oyida mamlakatimizga tashrifi O'zbekiston–Malayziya hamkorligiga kuchli turtki bo'ldi. "Ushbu tashrif chog'ida Ko'p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish to'g'risidagi Qo'shma bayonotni imzolanda. Unda tomonlarning siyosiy muloqotni, parlamentlararo aloqalarni, savdo va sarmoyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yana-da mustahkamlash tarafdori ekanligi tasdiqlandi. Shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarni yaqin kelajakda keng qamrovli sheriklik darajasiga olib chiqishdan tomonlar ham manfaatdor ekani ta'kidlandi", deyilgan nashrda.
Tailand OAV ta'kidiga ko'ra, O'zbekiston va Malayziya xalqlari o'rtasidagi mustahkam do'stlik rishtalari umumiy din, urf-odat va madaniy qadriyatlarning o'xshashligiga asoslanadi. Amalga oshirilayotgan rivojlanish va modernizatsiyaga qaratilgan "O'zbekiston – 2030" va "Malayziya Madani" strategik dasturlarining maqsad va vazifalari o'xshash.
Har ikki davlat barqaror iqtisodiy o'sish, ilg'or texnologiyalarni joriy etish, hayot sifatini oshirish va inson kapitalini rivojlantirishga intilmoqda. Ustuvorliklarning mos kelishi bizga tajriba almashish, muvaffaqiyatli amaliyotlarni moslashtirish va turli sohalarda o'zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish imkonini beryapti.
"O'zbekiston va Malayziya BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Qo'shilmaslik harakati kabi mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida ham yaqin hamkorlik qilib, global va mintaqaviy xususiyatdagi eng dolzarb muammolarga oid tashabbuslarni ilgari surish va pozitsiyalar o'xshashligini namoyish etishda bir-birini faol qo'llab-quvvatlamoqda", - deb yozilgan "M-Today" yangiliklar portalida joylashtirilgan maqolada.