9-fevral — Alisher Navoiy tavallud topgan kun

NAVOIYGA YETMOQ BAXTI
Buyuk bobokalonimiz Amir Nizomiddin Alisher Navoiy hazratlarining betimsol ijodi ul moʻʼtabar zot oʻzlari taʼriflaganidek, dunyo mamlakatlarini zabt etgan chinakam umumbashariy ijodiyotdir. Ґazrat bobomizning boy adabiy merosi — yuksak insonparvarlik gʻoyalari, ezgulik va doʻstlik, bagʻrikenglik va mehr-muruvvat singari mangu mavzularni tarannum qilishi bilan olamshumul ahamiyatga molik. Devon va dostonlari vaqt hamda makon tanlamaydi, jugʻrofiy-chegaraviy sarhadlarga boʻysunmaydi.
“Lison ut-tayr” dostonida oʻz asarlarining jahonshumul koʻlam va miqyosi haqida gapirar ekan, shunday sheʼriy maʼlumotga guvoh boʻlamiz:
Nazmu nasrim, kotibi taxminshunos
Yozsa, yuz ming bayt etar erdi qiyos.
Bu hazilakam gap emas — ado boʻlmas adabiy xazina, abadiyatga qadar moʻljallangan maʼnaviy karvon.
Shu bois asarlari butun olam ahliga taalluqli va daxldorligi bilan qadrlidir. Sheʼriyat mulkining sultoni degan ulugʻ martaba bobokalonimizga gʻoyat yarashgan.
Nomlari ellar va tillarda doston, minnatdor avlodlarning faxru iftixori boʻlib koʻngillarga maʼrifat va adabiyot ziyosini taratmoqda, maʼnaviyat va tarbiyaga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv payti viloyatning nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi, balki maʼnaviy-maʼrifiy yuksalish yoʻlidagi faoliyati haqida toʻxtalib oʻtib, 2025-yilni viloyatda “Alisher Navoiy yili”, deb eʼlon qilgan edi. Bu taklif va tashabbus nainki birgina viloyat doirasida, balki mamlakatimiz keng jamoatchiligi, olimu shoirlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari, ziyolilar, qoʻni-qoʻshni respublikalardagi maʼrifat ahli tomonidan katta quvonch, faxr va minnatdorlik bilan kutib olindi.
Davlatimiz rahbarining ezgu tashabbusini ijtimoiy-maʼnaviy hayotimizga tatbiq etish borasida qisqa davrda keng koʻlamli chora-tadbirlar rejasi tuzildi, bajariladigan xayrli ishlar dasturi navbatma-navbat amalga oshirilayotir. Muhtasham xalqaro anjumanlar, nazm va navo kechalariyu mushoiralar ham ulugʻ bobokalonimizning muborak nomi, oʻlmas xotirasiga avlodlar ehtiromining samimiy izhoridir.
Keyingi kunlarda poytaxtimiz Toshkent shahri markazida joylashgan Adiblar xiyobonida, bobomiz nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida, Navoiy shohkoʻchasida, viloyatlarda, bir tomoni Qozogʻistonu Tojikiston, bu yogʻi Boltiqboʻyi, Belarus diyori, naryogʻi Moskvadan tortib Ozarbayjonu Tokiogacha, yana bir tomoni Turkiyadan Mojaristongacha, Seuldan Vashingtonga qadar, Ashxoboddan to Shanxaygacha boʻlgan cheksiz-chegarasiz hududlar — mamlakatlaru shahru kentlardagi Alisher Navoiy haykallari poyiga gullar, guldastalar qoʻyiladi, bobokalonimizning muborak nomi va xotirasiga xalqaro miqyosda munosib hurmat-ehtirom koʻrsatiladi.
Ulugʻlarimiz eʼtiroflaridan iqtibos keltiradigan boʻlsak, Alisher Navoiy — insoniylik, tinchliksevarlik, maʼrifatparvarlik gʻoyalarini katta sanʼatkorlik bilan tarannum etgan buyuk ijodkor, turkiy xalqlar tili va adabiyotini jahon miqyosiga koʻtarib chiqa olgan daho adibdir. Shu jihatdan u zot jahon adabiyotining eng yorqin siymolari — Gomer, Dante, Rudakiy, Firdavsiy, Nizomiy, Saʼdiy, Dehlaviy, Hofiz singari buyuklar qatoridan munosib oʻrin olgan. Mumtoz adabiyotimizning yirik namoyandasi, hazrat bobomizning shogirdi Muhammadrizo Ogahiyning hazrat Navoiy dahosiga bergan taʼrifu tavsiflari hammamizga maʼlum. Ulugʻ ozarbayjon shoiri Fuzuliy Alisher Navoiy ijodiga taʼrif berarkan, u kishini “Sultoni salotini shuaro”, yaʼni “Shoirlar sultonlarining sultoni”, deb atagan.
Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da: “Alisherbek naziri yoʻq kishi erdi. Turkiy til bila to sheʼr aytubturlar, hyech kim oncha koʻp va xoʻb aytgʻon emas”, deya ulugʻlagani ham maʼlum va mashhur.
Alisher Navoiy hukmdorlar haqida soʻz yuritarkan, el-ulusning chorasozi, yaʼni taxt va saltanat egasi tom maʼnoda xalqparvar, adolatpesha, saxovatli va ayni paytda bilimli va donishmand zot boʻlishi kerak, degan ijtimoiy gʻoyani asarlarida ilgari surgan va tarannum etgan. Bobur Mirzo “Husayn Mirzo zamoni ajib zamone erdi”, deya tavsiflaganiday, maʼoniy mulkining sohibqironi Alisher Navoiy ham temuriylar sulolasining davomchisi Husayn Boyqaro shaxsiyati, saltanati va boshqaruv sanʼatiga ibratli baho beradi:
Shahyekim ulus chorasozidurur,
Ulus fozili Shohi Gʻoziydurur.
Ki, Tengri fuzun aylasin davlatin,
Yeti charxdin ham biyik rifʼatin
Ki, keldi zamoniga sendek kishi
Ki, ermas ishing odamizod ishi.
(“Saddi Iskandariy”dan)
Bu oʻrinda soʻz sohibqiron Amir Temur bobomiz tamal toshini qoʻygan Ikkinchi Uygʻonish davrining bardavomligi va moʻjizaviy bunyodkorliklari, ularni amalga oshirgan haqiqiy hukmdor — buyuk bunyodkor haqida borayotir. “Odamzod qilishi mumkin boʻlmagan ishlar”, deya taʼrif berarkan, Alisher Navoiy oʻz zamonasining inson ahli bovar qilmaydigan mahobatli oʻzgarishlarini nazarda tutadi. Va albatta, zamon qasrining bunyodkorini haqli ravishda yuksakka koʻtaradi. Xuddi shu ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar, maʼnaviy-maʼrifiy yangilanishlar va ortga qaytmas buyuk islohotlarning amaliy ifodasini biz bugungi yangi Oʻzbekistonimiz timsolida, uchinchi Uygʻonish davrining mustahkam poydevorini yaratishdek ulugʻvor va ustuvor ishlarda, uning Bosh meʼmori — davlatimiz rahbarining joʻshqin va beorom faoliyatida, azmu shijoati, matonat va gʻayratida koʻrib turibmiz.
Shu manzaralar ogʻushida bugungi Navoiy viloyatiga nazar tashlasangiz, ona diyorimizning barcha manzilu makonlarida boʻlgani kabi uning nashʼu namosidan dilingiz yayraydi, koʻnglingiz ravshanlashib ketadi. Ulugʻ ajdodimiz nomi bilan sharaflangan shahar va viloyat ahlining, bunda kamol topayotgan oʻgʻil-qizlarning, farzand tarbiyalayotgan oilalar, otaxonlar va onaxonlarning orzu-niyatlari, ezgu maqsadlari bir dunyo.
Tabiiyki, har bir buyuk shaxs millati va xalqu Vatani baxtiga Yaratgan tomonidan oʻz tarixiy missiyasi va vazifasi bilan dunyoga keladi. Beixtiyor atoqli shoirimiz Gʻafur Gʻulomning donishmandona hamohang satrlari koʻngildan kechadi:
Duraxshon yulduzlar sari oʻkirgan,
Boʻynida zanjiru, qalbi ozod sher.
Insoniy muhabbat, mehr ila vafo,
Erku baxt timsoli ulugʻ Alisher.
Ne-ne tarixlarni boshdan oʻtkazib,
Ne-ne jafolarni tortgan koʻhna Sharq —
Talay daholarni tarbiyat qilib,
Oftobday jahonni nurga qildi gʻarq.
Alisher Mushtariy yulduzi kabi,
Oʻzbek osmonida balqigan chogʻi,
Yana bir muhtaram oʻgʻil koʻrganday
Kattaroq ochildi olam quchogʻi.
Biz — bugungi avlodlar “daholari oftobday olamni nuru ziyoga gʻarq qilgan” mamlakatda, yangi zamonamiz va siyosatimiz sharofati bilan olam bizga quchogʻini keng va kattaroq ochgan sershiddat, ayni paytda dorilamon bir davrda yashamoqdamiz. Sertahlika dunyoning turfa avzoyi va raftoriga qaramay ona xalqimiz Prezidenti rahnamoligida oʻzi tanlagan yoʻldan dadil va mardona istiqbolga intilmoqda. “Lashkar bexatar boʻlmas”, deydi donishmand xalqimiz. Tabiiyki, islohotlarimiz ham ortga qaytmaydi.
Albatta, karvon ham bexatar boʻlmasligi tabiiy hol. Keng koʻlamli yangilanishlar, oʻzgarish va uygʻonishlar, haqiqatan ham, oʻz-oʻzidan boʻlayotgani yoʻq. Jonajon Vatanimizning koʻrku jamoli olamni hayratga solayotgani ham bor gap. Doʻstlarimiz, davlatlararo hamkorlarimiz koʻpaygandan koʻpayib borayotir.
Ichlari gʻijimlanib, ola koʻz bilan qarayotganlar ham topiladi. Yurt egasi lutf etganday, hyech narsa oʻz-oʻzidan koʻkdan tushmaydi, biz uchun hyech kim jonini jabborga berib bir nima qilib bermaydi. Oʻzimiz bajarmogʻimiz kerak, oʻzimiz kurashmogʻimiz kerak! Boshqa yoʻli yoʻq. Vallomatlaru shovvozlarni aytmaylik, koʻrinmas “agʻyorlar”dan, tutqich bermas raqiblardan asrasin. Mamlakat qachon obod boʻladi, xalqu millat qachon shod va farovon yashaydi, degan eskirmas savollarga, mana, ulugʻ shoirimiz qanday javob bergan ekanlar:
To hirsu havas xirmani barbod oʻlmas,
To nafsu havo qasri baraftod oʻlmas.
To zulmu sitam jonigʻa bedod oʻlmas,
El shod oʻlmas, mamlakat obod oʻlmas.
Biz shu shodlikni, shu obodlik va farovonlikni bugun ona Oʻzbekistonimiz timsolida qurayotirmiz, koʻrayotirmiz. Farzandlarimiz, aziz oʻgʻil-qizlarimizning baxtu tolei, kelajagi va taqdiri uchun barchamiz birdek masʼul va javobgarmiz.
Dilbandlarimizning oʻy-xayolidagi, dilidagi orzu-havaslari uchun ham burch va masʼuliyatimiz bor. Maʼlumki, Alisherbek bilan Husayn Mirzo bobomiz bolalik pallalaridanoq ajralmas doʻst va hammaslak boʻlgan. Birga oʻqib, birga taʼlim olgan, tarbiya topgan.
Mana, “Risolai Husayn Boyqaro”da hukmdor hazratlari oʻz sadoqatli doʻsti haqida naqadar yuksak baho beradi:
“...Mir Alisher aslahallou shonahukim, taxallusi Navoiygʻa mashhurdurur va ashʼorida bu taxallusi mastur — turk tilining oʻlgan jasadigʻa Masih anfosi bila ruh kiyurdi va ul ruh topqonlargʻa turkiy oyin alfoz toru pudidin toʻqulgʻon hulla va harir kiydurdi... Har sinf sheʼr maydonigʻakim, takovar surdi — ul kishvarni tigʻi zabon bila oʻz xittai tasarrufigʻa kivurdi. Aning nazmi vasfida til qosir va bayon ojiz turur...
Bu kun nazm arkonining rubʼi maskunida qahramon ul turur va bu mamolik fathigʻa sohibqiron ani desalar boʻlur:
Erur sґz mulkining kishvarsitoni,
Qayu kishvarsiton, xisravnishoni.
Dema xisravnishonkim, qahramoni,
Erur gar chin desang, sohibqironi”.
Alisherbek buyuk tarixnavis Sharafiddin Ali Yazdiydan aqlliligi, hozirjavobligi uchun besh yoshida duo olgan, ulugʻ zotning oq fotihasiga musharraf boʻlgan. Bu mavzuda misol va tamsillar juda koʻp. Jomiy hazratlariyu mavlono Lutfiyning hayrat va eʼtiroflari ham aziz oʻquvchilarga yaxshi maʼlum.
Bugungi zamonamizga qaytadigan boʻlsak, shu asnoda ustoz Abdulla Oripovning ulugʻ shoir va mutafakkirga bagʻishlangan sheʼri yodga tushadi:
Boyqaro irgʻishlab istak otida,
Jahonga boqqanda misli bola sher —
Hirot darvozasin bir qanotida
Sheʼriy lashkarini tizgan Alisher.
Shu oʻrinda, bundan chamasi yigirma yillar avvalgi bir ibratli voqyeani aytib oʻtsam. Abdulla aka boshchiligida bir guruh ijodkorlar poyezdda Navoiy shahri sari yoʻlga otlangan edik. Ustoz bora-borguncha Alisher Navoiy ijodi haqida toʻxtovsiz gurung berdi. Buyuk bobokalonimizning gʻazallari qolmadi, dostonlari qolmadi, qitʼalari bilan fardlari, “Munshaoti”, “Arbain”u “Muhokamat ul-lugʻatayn”i qolmadi — biz har soʻzi va tahlilidan bilim va maʼrifat balqib turgan donishmand bir zotning aqlu zakovatidan gʻayrat va hayajonda edik. Qiziqarli va maroqli suhbat bilan manzilga yetib kelganimizni ham sezmay qoldik. Vagon navbatchisi vokzalga yaqinlashganimizni maʼlum qildi. Tadorigimizni koʻrayotib, vagon yoʻlagiga qatorlashish asnosida hamrohlarimizdan kimdir Abdulla akaga:
— Navoiyga yetib keldik... — deya eslatganday boʻldi.
Shunda ustoz yarim oʻgirilgancha yonoqlari pirpirab shunday dedi:
— Biz Navoiy shahriga yetib keldik! Navoiyga yetguncha hali yana besh yuz yillar yurmoq kerak! Buni esingdan chiqarma!..
Biz bugun yangi Oʻzbekiston zamonida, uchinchi Renessans poydevorini bunyod etishdek ulugʻvor oʻzgarishlar, “Asrlar taqdiri lahzalarda hal” boʻlayotgan sershiddat va buyuk bunyodkorliklar davrida hazrat Alisher Navoiyga asrlar qadar yaqinlashganimizni anglamoqdamiz.
Mana shunday hayajonli pallalarda beixtiyor yana bir ustozimiz, mumtoz sheʼriyatimizning zakiy bilimdoni hurmatli Erkin Vohidovning faxru iftixorga toʻla satrlari koʻnglimizdan kechadi:
Menga Pushkin bir jahonu
Menga Bayron bir jahon,
Lek Navoiydek bobom bor,
Koʻksim osmon, oʻzbegim!
Gʻurur va sururga toʻla ushbu qutlugʻ ayyomda, shu tabarruk sarzamin va shu muborak kunlarda ulugʻ bobokalonimiz nomi va ijodi oldidagi qarzdorligimizni biz, avlodlar yanada teranroq his etmoqdamiz. Navoiy hazratlarining muhtojlik joylari yoʻq, lekin biz ul zoti sharifning dahosi oldida, betimsol ijodi va oʻlmas gʻoyalari, eskirmas va mangu saboqlari oldida hamisha muhtojligimizni sezib yashaymiz.
Mamlakatimiz boʻylab navoiyxonlik anjumanlari, mushoiralar, sheʼrxonlik, uchrashuv va maʼrifiy suhbatlar davom etayotir. Havas qilsa arziydi: Ulugʻ Vatan timsolini olgan ulugʻ bobokalonimizning navqiron orzu-umidlari — kelajak egasi va bunyodkorlari boʻlmish oʻgʻil-qizlarimizning baxt va tolei baland boʻlsin! Iloho, bu suhbatlar hyech qachon tugamasin.
Navoiylik yoshlarga qarab, ularning saodatli chehralariga boqib, buyuk shoir bobomizning ming bir havas va zavqlari kelib, mana, taxminan nima degan boʻlar edilar:
Boqib Sizga, Navoiy, bu soʻzimdir:
Yuzingizkim mening porloq yuzimdir.
Yonib turgan shul oʻtlugʻ koʻzlaringiz —
Sharaf osmonida yulduzlaringiz.
Shijoat birla mardlik mutanosib,
Bagʻoyat qomatingizga munosib.
Aziz avlodlarim, sohibjahonlar,
Muborak Sizga bu davru zamonlar.
Bu davron egasi, qalqoni Sizlar,
Elu yurt ertasi, qoʻrgʻoni Sizlar.
Mening besh asrlik devonlarimni,
Hama sheʼru gʻazal, dostonlarimni.
Mudom eslab, meni yod aylagansiz,
Ruhimni doimo shod aylagansiz.
Qilur to davru davron Sizni eʼzoz —
Saodat birla boʻlgaysiz sarafroz.
Valekin oʻz-oʻzidin kelmagay Baxt,
Bilim olingu ilm izlangiz har vaqt.
Jahonni qutqaruvchi bir jihat bor:
Jaholat yengilur to maʼrifat bor.
Umidim shul edi har lahza, doim,
Umidingizga yetkizmish Xudoyim.
Koʻrib Siz navqiron avlodlarimni,
Yana eslab buyuk ajdodlarimni.
Deyurman: kimga meros nomus, ordir,
Ki unga doimo tolei yordir.
Jahon evruldi garchi necha ming bor,
“Temurxon naslidin...” deb aytganim bor.
Temuriyzodalardin bu shijoat:
Vatanga xizmatu elga sadoqat.
Jahonga shoh siz — ogoh sizsiz,
Agar ogoh sizsiz — shoh sizsiz.
Boqib Sizga, Navoiy, bu soʻzimdir:
Yuzingizkim mening yorugʻ yuzimdir,
Baland oru baland nomu baland shon
Bilan yuksak boʻlib har lahza, har on,
Yasharsiz toki bu kavnu makonda —
Yengolmas Sizni hyech bir kuch jahonda!
Sirojiddin Sayyid,
Oʻzbekiston xalq shoiri,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.