"Travel Impact Newswire" jurnali: Tailand va O'zbekiston sivilizatsiyalar alyansini yaratadi

BANGKOK, 5-fevral. /"Dunyo" AA/. Tailandning ommabop "Travel Impact Newswire" jurnalida "O'zbekiston va Tailand musiqa, raqs va pazandachilik ko'magida Sivilizatsiyalar alyansini yaratadi" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda joriy yil 29-yanvar kuni O'zbekiston Bosh konsulligi ko'magida Tailandning Chulalongkorn universitetida ilk bor o'zbek-tailand madaniy tadbiri tashkil etilgani ma'lum qilingan.
Qayd etilishicha, O'zbekiston bosh konsuli Faxriddin Sultonov o'zining qutlov so'zida, ushbu tadbir xalqlarimiz boy madaniyatining uyg'unligi bayrami ekanligini va madaniy almashinuv hamda o'zaro hamjihatlikni rivojlantirish bo'yicha yaqin aloqalarning mustahkamlanayotgani muhim voqea ekanligini ta'kidladi.
"Joriy yil noyabr oyida Samarqand shahrida bo'lib o'tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik qizg'in kechmoqda. Mazkur yirik tadbir musiqa va raqs orqali O'zbekiston va Tailand an'analarini birlashtiruvchi ko'prik vazifasini o'taydi, – deya O'zbekiston bosh konsuli so'zlaridan iqtibos keltirilgan manbada
Nashrda tarix davomida san'at va madaniyat doimo muloqot shakli bo'lib kelgani va odamlarni birlashtirishda hal qiluvchi rol o'ynagani ta'kidlangan.
Shuningdek, maqolada O'zbekiston-Tailand o'rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar haqidagi muhim ma'lumotlar ham mushtariylar e'tiboriga taqdim etilgan. Xususan, qishloq xo'jaligi, turizm va savdo sohalarida Tailand investitsiyasi ishtirokida tashkil etilgan 10 dan ortiq qo'shma korxona faoliyat ko'rsatayotgani qayd etilgan.
"2023-yilda Tailand investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar 10 ming tonnaga yaqin qishloq xo'jaligi mahsulotlarini eksport qildi. Shuningdek, 2024-yilda qishloq xo'jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo'yicha uchta yirik shartnoma imzolandi", – deb yozilgan "Travel Impact Newswire"da bosilgan maqolada.