Oʻzbekiston Prezidenti rasmiy tashrif bilan Malayziyada boʻladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning taklifiga binoan 4-5-fevral kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻladi.
Tashrif doirasida Kuala-Lumpur shahrida Bosh vazir Anvar Ibrohim bilan ikki tomonlama muzokaralar, Malayziyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar, qoʻshma biznes forumi va boshqa tadbirlarda koʻzda tutilgan.
Boʻlajak oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan Oʻzbekiston-Malayziya doʻstlik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda amaliy hamkorlikni, shu jumladan, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, texnologik kooperatsiya, neft-kimyo, elektronika, “yashil” energetika, “aqlli” qishloq xoʻjaligi, turizm va boshqa koʻplab ustuvor yoʻnalishlarda kengaytirish masalalari oʻrin olgan. Madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Yetakchilar xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlarini ham koʻrib chiqadilar.
Sammit yakunida ikki davlat oʻrtasidagi keng koʻlamli sheriklikni yanada rivojlantirishga qaratilgan Qoʻshma bayonot va salmoqli bitimlar toʻplami qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Taʼkidlash joizki, tashrif arafasida Malayziyada bir qator muhim tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Xususan, yetakchi tahlil markazlari va tadqiqot tuzilmalarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Yaqin kunlarda Oʻzbekistonning turizm salohiyati va madaniy merosi taqdimotlari, ikki mamlakat yetakchi oliy taʼlim muassasalari rektorlari forumi va boshqa tadbirlar oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston-Malayziya: iqtisodiy va madaniy aloqalar va kelajakka nazar
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir Anvar Ibrohimning taklifiga binoan 4-5-fevral kunlari rasmiy tashrif bilan Malayziyada boʻladi.
Malayziya 1992-yil 21-fevralda Oʻzbekiston mustaqilligini birinchilardan boʻlib tan olgan va mamlakatimiz bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatgan davlatlardan biri hisoblanadi. Bu munosabatlarning asosiy tamoyillari Oʻzbekiston va Malayziya tomonidan 1993-yil 3-aprelda qabul qilingan qoʻshma kommyunikeda mustahkamlangan.
Ikki davlat oʻrtasida oliy darajada samarali muloqot yoʻlga qoʻyilgan. Bu mamlakatlarimiz oʻrtasida sezilarli jugʻrofiy masofa boʻlishiga qaramay, barcha sohalarda hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 1-dekabr kuni Dubay shahrida oʻtgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasi (SOR-28) doirasida sobiq Malayziya Podshohi Sulton Abdulloh Rioyatuddin Al-Mustafo Billoh Shoh bilan uchrashdi.
Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning 2024-yil may oyida mamlakatimizga tashrifi Oʻzbekiston–Malayziya hamkorligiga kuchli turtki boʻldi. Ushbu tashrif chogʻida Koʻp qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish toʻgʻrisidagi Qoʻshma bayonotni imzolanda. Unda tomonlarning siyosiy muloqotni, parlamentlararo aloqalarni, savdo va sarmoyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash tarafdori ekanligi tasdiqlandi. Shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarni yaqin kelajakda keng qamrovli sheriklik darajasiga olib chiqishdan tomonlar ham manfaatdor ekani taʼkidlandi. Bundan tashqari, Samarqandda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Malayziya biznes-forumi yakunlariga koʻra, umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq boʻlgan 19 ta investitsiya shartnomasidan iborat mustahkam hujjatlar toʻplami imzolandi.
Oʻzbekiston va Malayziya xalqlari oʻrtasidagi mustahkam doʻstlik rishtalari umumiy din, urf-odat va madaniy qadriyatlarning oʻxshashligiga asoslanadi. Amalga oshirilayotgan rivojlanish va modernizatsiyaga qaratilgan “Oʻzbekiston – 2030” va “Malayziya Madani” strategik dasturlarining maqsad va vazifalari oʻxshash.
Har ikki davlat barqaror iqtisodiy oʻsish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, hayot sifatini oshirish va inson kapitalini rivojlantirishga intilmoqda. Ustuvorliklarning mos kelishi bizga tajriba almashish, muvaffaqiyatli amaliyotlarni moslashtirish va turli sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish imkonini beryapti.
Xususan, parlamentlararo muloqot faol rivojlanmoqda. 2020-yilda ikki mamlakat parlamentlarida doʻstlik guruhlari tashkil etilgan. Malayziya parlamenti Vakillar palatasi spikeri Johari bin Abdul 2023-yil aprel oyida oʻtkazilgan Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga oʻzgartishlar kiritish boʻyicha referendumda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi. 2024-yil iyul oyida Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov Malayziyaga tashrif buyurdi.
Ikki davlat tashqi siyosat idoralari oʻrtasida muntazam ravishda siyosiy maslahatlashuvlar oʻtkazilib, ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar faol muhokama qilinyapti. 2024-yilning fevral va iyul oylarida Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyaning Malayziyaga tashriflari juda samarali kechdi.
Oʻzbekiston va Malayziya BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Qoʻshilmaslik harakati kabi mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida ham yaqin hamkorlik qilib, global va mintaqaviy xususiyatdagi eng dolzarb muammolarga oid tashabbuslarni ilgari surish va pozitsiyalar oʻxshashligini namoyish etishda bir-birini faol qoʻllab-quvvatlamoqda.
Malayziya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Oʻzbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan “2018-2024-yillarda Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish kun tartibi” (2018-yil), “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi”gi (2021). “Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni mustahkamlash” (2022), “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi (2022), “Markaziy Osiyo ekologik muammolar qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yoʻlida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash” (2023), “2027-yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb eʼlon qilish (2024) toʻgʻrisida”gi rezolyutsiyalarni qoʻllab-quvvatladi hamda hammuallifi boʻldi.
Ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarga eng koʻp qulaylik yaratish tartibi joriy etilgan boʻlib, Hukumatlararo qoʻshma komissiya bu yoʻnalishdagi hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashga yaqindan koʻmaklashmoqda. 2024-yil 29-may kuni Kuala-Lumpurda Hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi va uning yakuni boʻyicha qoʻshma bayonot imzolandi.
2019-yilda Malayziyaning Toshkentdagi elchixonasida tashqi savdoni rivojlantirish boʻyicha Malayziya korporatsiyasi (MATRADE) vakolatxonasining ochilishi oʻzaro savdo hajmining oshishiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
2024-yilning 18-20-dekabr kunlari Petaling Jaya shahridagi “Paradigm Mall” savdo majmuasida Malayziyaning “KNKV Group” kompaniyasi bilan birgalikda Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat mahsulotlari, yongʻoq va quritilgan mevalarning birinchi koʻrgazma-yarmarkasi boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbir Oʻzbekiston mahsulotlari Malayziya bozorida raqobatbardosh ekanligini koʻrsatdi va savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning yangi tendensiyalarini belgilab olish uchun muhim platformaga aylandi.
Umuman olganda, 2024-yilda ikki davlat oʻrasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 102 million AQSH dollaridan oshdi. Biroq, Oʻzbekiston ham, Malayziya ham bu koʻrsatkichni oshirish uchun yuqori salohiyat mavjudligini taʼkidlamoqda. Shu nuqtayi nazardan, yangi transport yoʻnalishlarini izlash alohida ahamiyatga ega va bu hozirgi hamkorlikning yana bir dolzarb yoʻnalishi boʻlib, u jadal rivojlanmoqda. Bugungi kunda Oʻzbekistonda Malayziya kapitali ishtirokidagi 40 ta korxona faoliyat koʻrsatayapti. Oʻzbekiston tadbirkorlari Malayziya bozorini endigina oʻzlashtira boshladilar va bu mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qoʻshmoqda.
Oʻz navbatida, keyingi yillarda Malayziya investitsiyasi ishtirokida umumiy qiymati 12 million dollarlik oltita loyiha amalga oshirildi. Xususan, Guliston shahrida Malayziya texnologiya universiteti ishtirokida qiymati 9,3 million dollarlik infratuzilma loyihalari ishga tushirildi. Shuningdek, “Innovatsion IT-taʼlim muassasasini yaratish loyihasi” amalga oshirilmoqda.
Turizm, sogʻliqni saqlash, sport sohalaridagi ikki tomonlama sheriklik yildan-yilga kengaymoqda, madaniy aloqalar mustahkamlanib, taʼlim va akademik almashinuvlar kengaymoqda. Qoʻshma konferensiyalar, simpoziumlar, koʻrgazmalar, sayyohlik yarmarkalari, madaniyat va kino kunlari, konsert va festivallar muntazam oʻtkazib kelinayotir.
Oʻzbekiston va Malayziya “Halol” standartlari va Islom banki kabi sohalarda ham oʻzaro aloqalarni faollashtirmoqda. Malayziya “halol” mahsulotlarning eng yirik eksportchilaridan biri ekanligi, shuningdek, islom moliyasining xalqaro markazi sifatida eʼtirof etilishini inobatga oladigan boʻlsak, bu jabhadagi hamkorlikni rivojlantirish, albatta, katta istiqbolga ega. Xususan, Oʻzbekistonning “halol” mahsulotlar yetkazib berishning global zanjirlariga integratsiyalashuvi va mamlakatimizda Islom banki ishini rivojlantirish, ushbu sohalarda kadrlar salohiyatini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Oʻzbekiston-Malayziya madaniy-gumanitar aloqalari ikki xalqning anʼanalari, urf-odatlari va maʼnaviy qadriyatlarini birlashtirgan oʻziga xos koʻprikdir. Oʻzaro hurmat va madaniy-maʼnaviy merosni asrab-avaylash istagiga asoslangan bunday yaqin sheriklik mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlashning muhim elementiga aylanib bormoqda. Mushtarak tarixiy va madaniy oʻxshashliklar taʼlim, sanʼat, ilm-fan, turizm kabi sohalarda tajriba almashish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va oʻzaro hamjihatlikni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratayapti.
Xususan, taʼlim va tibbiyot muassasalari, islom sivilizatsiyasining boy merosini oʻrganish markazlari oʻrtasidagi samarali hamkorlik muttasil kengayib, ikki mamlakat aholisi uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Jumladan, Malayziya hukumatining Texnik hamkorlik dasturi (MTCR) doirasida 1994 -2024-yillarda Oʻzbekiston vazirlik va idoralarining 900 nafar mutaxassisi Malayziyada turli qisqa muddatli kurs va seminarlarida qatnashdi.
Bugungi kunda Malayziya oliy oʻquv yurtlarida 500 dan ortiq oʻzbekistonlik talaba tahsil oladi. 2021-2023-yillarda ikki davlat taʼlim taʼlim muassasalari oʻrtasida 25 ta hamkorlik shartnomasi imzolangan.
2024-yil may oyida Malayziyaning “Q Study World” tashkiloti Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi bilan birgalikda Toshkent shahrida oʻzining oʻquv markazini ochdi. Uning faoliyati xorijiy mamlakatlardagi oliy oʻquv yurtlarida oʻqish istagida boʻlgan yoshlarga yordam berishga qaratilgan.
Shuningdek, Malayziya tomoni Oʻzbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk olimlar va mutafakkirlarning islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasini yuksak baholagan holda, mamlakatimizning boy maʼnaviy merosini oʻrganish, ommalashtirish va asrab-avaylashda faol ishtirok etmoqda.
2024-yil 30-may kuni Toshkent shahrida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Malayziya Islom sivilizatsiyasi instituti hamkorligida tashkil etilgan “Islom sivilizatsiyasi mutafakkirlari” toʻrtinchi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi ana shunday oʻzaro hamkorlikka misol boʻla oladi. 2024-yil 22-oktyabr kuni Kuala-Lumpurda xalqaro konferensiyasi doirasida Imom Buxoriy ilmiy merosini oʻrganishda zamonaviy yondashuvlarning oʻrni muhokama qilindi.
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiyaning joriy yilning yanvar oyida Malayziyaga safari juda samarali boʻldi. Malayziya Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti mamlakatimiz madaniy merosiga oid tarixiy qoʻlyozmalar – Abu Rayhon Beruniyning “At-Tafhim” va Abul-Qasim Firdavsiyning “Shohnoma” asarlarining faksimil nusxalarini Oʻzbekiston tomoniga topshirdi. 2022-yilda “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” turkumi doirasida Malayziya Islom sanʼati muzeyi kolleksiyasiga bagʻishlangan maxsus kitob-albom nashr etilganini alohida taʼkidlash kerak.
Malayziya vakillari ham Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan xalqaro madaniy, musiqiy, sport va maʼrifiy tadbirlarning muntazam ishtirokchilari hisoblanadi. Oʻz navbatida, oʻzbekistonlik sanʼatkorlar Malayziyada gastrol safarlarida boʻlib, oʻzbek milliy musiqa va raqs sanʼatining boy merosini keng namoyish etib kelayotir.
Malayziyada milliy oʻzbek meʼmorchilik uslubi va anʼanalariga alohida hurmat bilan yondashiladi. Oʻzbekiston hunarmandlari Malayziyadagi koʻplab yirik inshootlar va maʼmuriy binolarni noyob meʼmorchilik texnikasidan foydalangan holda taʼmirladilar. Dunyoga mashhur Petronas egizak minoralari, filarmoniya konsert zali, Bosh vazir qarorgohi yonida joylashgan mamlakatdagi eng katta Putra masjidi, Kedax va Malakkadagi An-Nur va Kampung Klang masjidi, Islom sanʼati muzeyi va Kedaxdagi Al-Buxoriy xalqaro universiteti, Johor va Saboh shtatlari hukumat binolari va ularning gumbazlari milliy oʻzbek naqshlari bilan bezatilgan.
Malayziya kinoijodkorlarining mamlakatimizga qiziqishi ham ortib bormoqda. 2020-yilda Malayziyadan kelgan suratga olish guruhi Samarqand, Buxoro va Xivaning diqqatga sazovor joylari haqida 10 qismdan iborat hujjatli film suratga oldi. Ular Malayziyaning yetakchi “TV1” va “TV2” telekanallari orqali namoyish etildi. 2024-yilda Malayziyaning “RTM” telekanali Buxoroning ziyorat turizmi salohiyatiga bagʻishlangan maxsus filmni namoyish etdi. Shuningdek, Oʻzbekiston madaniy merosi va sayyohlik salohiyati haqida 10 qismli hujjatli filmni suratga olish boʻyicha kelishuvga erishilgan.
Oʻzbekiston, oʻz navbatida, Malayziya xalqi uchun oʻz eshiklarini keng ochdi. Jumladan, 2018-yil fevral oyidan buyon ushbu mamlakat fuqarolarining respublikamizga kirishi uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilingan. Oʻrnatilgan muntazam havo qatnovlari oʻzaro sayyohlik oqimining oshishiga xizmat qilmoqda. 2024-yilda Oʻzbekistonga kelgan malayziyalik sayyohlar soni salkam 10 ming kishini tashkil etdi.
2019-yilning fevral oyida Buxoroda boʻlib oʻtgan ziyorat turizmi boʻyicha birinchi xalqaro forum davomida Malayziyaning Perlis shtati muftiysi Mohd Asri bin Zaynul Obidin Oʻzbekistonning ziyorat turizmi boʻyicha faxriy elchi etib tayinlandi. Oʻsha yilning aprel oyida Oʻzbekistonda tugʻilgan malayziyalik aktyor Daler Hamroqulov ham Oʻzbekiston turizm brendining Malayziyadagi elchisi boʻldi.
Oʻzbekiston turoperatorlari Malayziyadagi yirik “MATTA Fair” sayyohlik koʻrgazmasi va boshqa nufuzli yarmarkalarning, Malayziya mehmondoʻstlik sanoati vakillari esa anʼanaviy Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasining doimiy ishtirokchisi hisoblanadi.
Muxtasar aytganda, Oʻzbekiston–Malayziya munosabatlari rivojining ufqlari yil sayin kengayib bormoqda. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Malayziyaga boʻlajak tashrifi, shubhasiz, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashdagi navbatdagi bosqichning boshlanishi boʻlib, tomonlarning uzoq muddatli ishonchli sheriklik munosabatlarini shakllantirish istagini tasdiqlaydi. Bu nafaqat amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, balki samarali hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini aniqlash imkonini ham beradi. Shuningdek, tashrif davomida imzolanadigan hujjatlar va erishiladigan kelishuvlar mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash, Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi biznes va gumanitar almashinuv uchun yangi imkoniyatlar yaratadigan strategik loyihalarni amalga oshirish uchun asos boʻlishi kutilmoqda.
Oʻzbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat
“Dunyo” AA