Oʻzbekiston va Malayziya: oliy taʼlim, ilm fan va innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlik yangi qirralarini namoyon etmoqda

Otabek Mahkamov. Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari
Oʻzbekiston va Malayziya oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasida izchil va samarali hamkorlikni rivojlantirib, mustahkam aloqalarni yoʻlga qoʻymoqda. Ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi tashriflari va uchrashuvlari bu jarayonga kuchli turtki boʻlib, taʼlim va ilmiy hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini ochmoqda.
2025-yil fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Malayziyaga oliy darajadagi tashrifi doirasida hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qator muhim kelishuvlar imzolanishi rejalashtirilmoqda. Ushbu tashrif ikki davlat oʻrtasidagi taʼlim, fan va innovatsiya sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi, shuningdek, innovatsion texnologiyalar hamda kadrlar tayyorlash sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga turtki boʻlishi kutilmoqda.
Globallashuv jarayonlari jadallashayotgan hozirgi davrda oliy taʼlim sohasidagi xalqaro hamkorlik strategik ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, oliy taʼlim tizimidagi integratsiya Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi hamkorlikning muhim jihatlaridan biri sifatida ilgari surilmoqda. Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi oliy taʼlim sohasidagi munosabatlar soʻnggi yillarda sezilarli darajada rivojlanib, yangi bosqichga koʻtarildi. Bu hamkorlik ikki mamlakat taʼlim tizimini modernizatsiya qilish va xalqaro maydonda integratsiyalashuvini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikning institutsional asosi Malayziyaning yetakchi universitetlari bilan oʻrnatilgan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarga tayanadi. Xususan, Malayziya Bosh vaziri A.Badaviy tomonidan 2008-yil 16-17-noyabr kunlari Oʻzbekistonga amalga oshirilgan rasmiy tashrif davomida “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Malayziya Hukumati oʻrtasida oliy taʼlim sohasida hamkorlik toʻgʻrisida anglashuv memorandumi” imzolangan boʻlib, u bugungi kunda ikki davlat oʻrtasida oliy taʼlim sohasidagi hamkorlikning huquqiy asosini tashkil etadi.
Malayziya universitetlari bilan hamkorlik, ilmiy aloqalarni rivojlantirish va talabalarga xalqaro bilimlar olish imkonini taqdim etmoqda. Malayziya universitetlari xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinlarni egallaydi. Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi taʼlim sohasidagi hamkorlik soʻnggi yillarda universitetlararo darajada jadal rivojlanmoqda. Ushbu muassasalar bilan hamkorlik Oʻzbekistonda taʼlim sifatini oshirish va universitetlar oʻrtasida akademik almashinuv dasturlarini yoʻlga qoʻyish imkonini berdi. Hozirda Oʻzbekiston va Malayziya oliygohlari oʻrtasida 94 ta bitim, shartnoma va kelishuvlar amal qilmoqda. Bu hamkorlik fan va taʼlim sohasidagi loyihalarni rivojlantirishga yordam beradi.
Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik ikki davlatning strategik manfaatlariga xizmat qilmoqda. Malayziyaning innovatsion taʼlim metodlari va xalqaro tajribasi oʻzbekistonlik talabalar va oʻqituvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Bu esa oʻz navbatida, mamlakatdagi taʼlim sifati va ilmiy salohiyatni oshirishga hissa qoʻshadi. Shu bois Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarining 195 nafar professor-oʻqituvchilari Malayziya oliy taʼlim tashkilotlarida malaka oshirish uchun yuborildi. Oʻz navbatida, Malayziya hamkor oliygohlari va taʼlim tashkilotlarining 230 nafar professor-oʻqituvchilari oʻquv jarayoniga jalb etilgan. Malayziyaning texnikaviy hamkorlik dasturi (MTSP) doirasida 2016-yildan buyon Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarining 200 nafardan ziyod (2024-yilda 15 nafar) professor-oʻqituvchilari tajriba almashish, stajirovka oʻtash, turli sohalardagi oʻquv kurslarida ishtirok etish maqsadida Malayziyada boʻldi.
Oʻzbekistonlik talabalar uchun Malayziya oliy taʼlim muassasalarida tahsil olish imkoniyatlari kengaydi. Ayniqsa, muhandislik, axborot texnologiyalari, tibbiyot va menejment sohalaridagi taʼlim dasturlari talabalar oʻrtasida katta qiziqish uygʻotmoqda. Bundan tashqari, Malayziyaning Oʻzbekistondagi taʼlim forumlari va koʻrgazmalari ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga yordam bermoqda. Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasining 500 nafarga yaqin fuqarolari Malayziya oliy taʼlim muassasalarining turli yoʻnalishlarida tahsil olmoqda. Malayziya universitetlari tomonidan Oʻzbekiston talabalari uchun ajratilayotgan grantlar va stipendiyalar ham taʼlim sohasidagi aloqalarni rivojlantirishning muhim omillaridan biridir. Ushbu grantlar orqali koʻplab oʻzbekistonlik yoshlar xorijiy tajribani oʻrganish va kelajakda oʻz mamlakatlarida zamonaviy bilimlarni qoʻllash imkoniga ega boʻlmoqda.
Eʼtiborga loyiq tomoni shundaki, malayziyalik talabalarda ham yil sayin Oʻzbekistonda taʼlim olish istagi shakllanib bormoqda. Hozirgi kunda “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida 7 nafar, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 2 nafar, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida 3 nafar, jami 12 nafar Malayziya fuqarolari “Arxeologiya”, “Menejment”, “Muzeyshunoslik”, “Turizm” yoʻnalishlarida tahsil olmoqda, shuningdek, oʻzaro hamkorlik doirasida qoʻshma tadqiqotlar va ilmiy anjumanlar oʻtkazilmoqda. Bu esa oʻz navbatida, Oʻzbekistondagi taʼlim tizimi sifati xorijiy davlatlarda ham eʼtirof etilayotganinga ishora qiladi.
Hozirgi kunda ikki davlat oʻrtasida koʻplab qoʻshma taʼlim dasturlari va loyihalar amalga oshirilmoqda. Talabalar almashinuvi dasturlari va qoʻshma magistratura hamda doktorantura dasturlari qoʻllanilmoqda. Xususan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, Buxoro davlat universiteti hamda Malayziya milliy universiteti, Malayziya Texnologiya universiteti, Sulton Idris pedagogika universiteti, Malayziya Putra universiteti, “Petronas” texnologiya universiteti, Malayziya menejment universiteti kabi nufuzli oliy taʼlim muassasalari oʻrtalarida akademik almashuv va ilmiy tadqiqotlar sohasida samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, “Petronas” texnologiya universiteti va Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti oʻrtasida oʻrnatilgan hamkorlik natijasida 2023-yilda 6 nafar oʻzbekistonlik oʻqituvchilarga “faxriy professor” unvoni berildi. Buxoro tabiiy resurslarini boshqarish instituti va INTI universiteti hamkorligida “Modellashtirish va prototiplashtirish” markazi tashkil etildi.
Shuningdek, hamkorlik doirasida qoʻshma taʼlim dasturlari hamda dual taʼlim tizimi joriy etilmoqda. Qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish oʻzaro hamkorlikning muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida eʼtirof etiladi. Bu borada muhandislik, axborot texnologiyalari, tibbiyot va menejment sohalarida alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Malayziyaning MARA universiteti “Xalqaro turizm” va “Inson resurslarini boshqarish” yoʻnalishlarida qoʻshma taʼlim dasturlarini ishlab chiqqan. Ayniqsa, Malayziyaning Linkoln kollej universiteti bilan respublikaning bir nechta oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlik bu jarayonning muhim natijalari sifatida namoyon boʻlmoqda.
Jumladan, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti va Linkoln kollej universiteti oʻrtasida tashkil etilgan qoʻshma taʼlim dasturi doirasida “Menejment” yoʻnalishi va mutaxassisligi boʻyicha talabalar 2+2 hamda 1+1 tizimi asosida oʻqishni davom ettirmoqda. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali va Linkoln universiteti oʻrtasida “Raqamli iqtisodiyot” yoʻnalishi boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturi tashkil etilgan. Nukus davlat pedagogika instituti hamda Qoraqalpoq davlat universiteti kabi taʼlim muassasalarida ham qoʻshma dasturlar doirasidagi faoliyat jadal rivojlanmoqda.
Bugungi kun respublikamizning 4 ta oliy taʼlim muassasasi Malayziya universitetlari bilan hamkorlikda 5 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va 3 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirmoqda. Bu saʼy-harakatlar taʼlim turizmini rivojlantirishda muhim qadam boʻlib, ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlamoqda. Yuqorida zikr etilgan muassasalarda turizm, filologiya, maktabgacha taʼlim yoʻnalishlarida talabalar xalqaro darajada zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirib, Yangi Oʻzbekistonning istiqbolli mutaxassislari sifatida shakllanib bormoqda.
Qoʻshma taʼlim dasturlari nafaqat Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi taʼlim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga, balki ikki mamlakat yoshlari oʻrtasida madaniy va ijtimoiy aloqalarni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Istiqbolda Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasida dual taʼlim dasturlarini rivojlantirish ikki davlatning taʼlim sohasidagi hamkorligini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu tizim talabalarga nazariy taʼlim va amaliyotni uygʻunlashtirish imkonini beradi. Dual taʼlim orqali talabalar nafaqat zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega boʻladi, balki sohadagi tajribaga ham erishadi. Bu esa ularning kelgusida ish bilan taʼminlanish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi.
Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi hamkorlik doirasida oliy muhandislik maktablarini tashkil etish istiqbolli yoʻnalishlardan biri sifatida qaralmoqda. Oliy muhandislik maktablarining asosiy vazifalari zamonaviy talablarga mos ravishda belgilangan. Ular, avvalo, talabalarga tanlangan yoʻnalish boʻyicha chuqur va zamonaviy bilim berish, ilmiy-tadqiqot, tahliliy, ijodiy hamda muloqot qobiliyatlarini rivojlantirishni oʻz ichiga olgan. Bu maqsadda taʼlim jarayonlari “4+1” shaklida tashkil etilib, bakalavriat, magistratura va doktorantura darajalarini oʻz ichiga olgan kompleks tayyorgarlik dasturlari joriy etiladi.
Shuningdek, muhandis-texnik kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash dasturlari yoʻlga qoʻyiladi. Hamkor korxonalarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda, yuqori texnologiyalar va koʻp tarmoqli ishlab chiqarishni oʻzlashtirishga qodir, jamoaviy ishlay oladigan “muhandis-tadqiqotchi” malakasiga ega kadrlarni tayyorlash ustuvor vazifa sifatida belgilanadi. Taʼlim jarayonlariga yetakchi mahalliy va xorijiy professor-oʻqituvchilar jalb qilinadi. Oʻqitishning zamonaviy usullari, jumladan, loyihaviy taʼlim, muammoli oʻqitish texnologiyalari va amaliy tadqiqotlardan foydalanish rejalashtirilgan. Shuningdek, sanoat muammolari boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish, amaliyotga yoʻnaltirilgan taʼlim dasturlarini joriy etish va innovatsion loyihalar ustida ishlash maqsad qilib olinadi.
Taʼlim standartlari sohasidagi hamkorlik doirasida Malayziyaning taʼlim sifatini taʼminlash tajribasi ham chuqur oʻrganilmoqda. Oʻquv dasturlari va uslubiy materiallar almashinuvi amalga oshirilib, Malayziya oliy taʼlim standartlari Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimiga bosqichma-bosqich moslashtirilmoqda. Mazkur jarayonda innovatsion taʼlim texnologiyalarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, ikki davlat oʻrtasida ilmiy-tadqiqot sohasidagi hamkorlik muhim ahamiyatga molik. Qoʻshma ilmiy loyihalar, konferensiyalar va seminarlar muntazam ravishda oʻtkazilib, ilmiy nashrlarda hammualliflik amaliyoti rivojlanmoqda. Malayziyaning innovatsion ekotizim yaratish borasidagi tajribasini oʻrganish va uni Oʻzbekistonda joriy etish orqali startaplar, texnoparklar hamda innovatsion klasterlarni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan hamkorliklar faol davom etmoqda. Xususan, Malayziyaning Fan, texnologiya va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda, 2025-yilda 10 ta ustuvor yoʻnalishda amaliy tadqiqotlar va innovatsion loyihalar tanlovlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, Malayziyaning MRANTI markazi va Toshkentdagi INNO texnopark oʻrtasidagi hamkorlik ikki davlatning innovatsion rivojlanishida muhim ahamiyatga ega. Bu hamkorlik zamonaviy texnologiyalarni iqtisodiyotga integratsiya qilish, innovatsion gʻoyalarni rivojlantirish va xalqaro bozor uchun raqobatbardosh mahsulotlar yaratishga qaratilgan. MRANTI va INNO texnopark oʻrtasidagi qoʻshma loyihalar tadqiqot infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy texnologiyalar va robototexnika, raqamli texnologiyalar sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishga qaratilgan. Bu hamkorlik Oʻzbekistonda koʻplab startap loyihalarning hayotga tatbiq etilishiga va Malayziyaning texnologiyalarini yangi bozorlarga muvaffaqiyatli integratsiya qilishga yordam bermoqda. MRANTI va INNO texnoparkning birgalikdagi faoliyati ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga va xalqaro innovatsion platforma yaratishga xizmat qilmoqda. Bu hamkorlik nafaqat Oʻzbekiston va Malayziya uchun, balki mintaqaviy va global rivojlanish uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Oʻzbekistonda 2025-yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot” yili deb eʼlon qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston va Malayziya hamkorligida atrof-muhitni muhofaza qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va uglerod izini kamaytirishga qaratilgan tadqiqotlar olib borilishi kutilmoqda. Bu kabi loyihalar doirasida qoʻshma ilmiy laboratoriyalarni tashkil etish, oliy taʼlim hamda ilmiy tadqiqot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Shuningdek, Oʻzbekiston va Malayziya olimlari oʻrtasida tajriba almashinuvi va stajirovkalar tashkil etilib, ilm-fan yutuqlarini oʻzaro boʻlishish jarayonlari yoʻlga qoʻyilmoqda. Ayniqsa, Oʻzbekiston milliy universitetida oʻtkazilgan “Malayziya va Oʻzbekiston: oliy taʼlim sohasidagi xalqaro hamkorlik istiqbollari” mavzusidagi seminar ikki davlat universitetlari oʻrtasida qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish va talabalar almashinuvini rivojlantirish boʻyicha yangi istiqbollarni belgilashda muhim oʻrin tutdi.
Malayziyada innovatsion sohaga eʼtibor tobora kuchayib bormoqda va bu borada sezilarli yutuqlarga erishilmoqda hamda innovatsion salohiyatni oshirishga yoʻnaltirilgan izchil siyosat olib borilmoqda. Shu oʻrinda Oʻzbekiston Eron tajribasidan foydalanib, mamlakatda innovatsion sohani rivojlantirishning amaliy yoʻllarini ishlab chiqishga koʻmak berishi mumkin. Zero mazkur yoʻnalishlardagi yaqin hamkorlik oʻzaro manfaatli boʻladi.
Malayziyaning yetakchi taʼlim va ilmiy muassasalari bilan olib borilayotgan hamkorlik Oʻzbekistonda oliy taʼlim va ilmiy tadqiqotlarning sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Akademik almashinuv va qoʻshma taʼlim dasturlari orqali har ikki davlat talabalari va professor-oʻqituvchilari uchun yangi bilimlar va tajriba almashish imkoniyatlari yaratilmoqda. Shu bilan birga, innovatsion loyihalar va texnoparklarning hamkorligi mamlakatlar oʻrtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlashga turtki boʻlib, global miqyosdagi taraqqiyotga yangi imkoniyatlar ochmoqda. Kelgusida ham ushbu hamkorlik ikki davlatning fan, taʼlim va innovatsiyalar sohasidagi aloqalarini yanada chuqurlashtirib, ilmiy-ijodiy salohiyatni oshirishga xizmat qiladi.
Istiqbolda ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik doirasini yanada kengaytirish koʻzda tutilmoqda. Jumladan, qoʻshma onlayn kurslar yaratish, virtual oʻquv platformalarini ishga tushirish va zamonaviy tadqiqot markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, talabalarning tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish ham rejalardan biridir.
Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik yangi marralarga erishmoqda. Ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik nafaqat taʼlim sohasidagi aloqalarni, balki umumiy madaniy va ilmiy munosabatlarni ham mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, kelajak avlod uchun yanada keng imkoniyatlar yaratadi va ikki davlatning xalqaro maydondagi nufuzini oshiradi.