O‘zbekistonda qonun ijodkorligi xalqaro tajriba va milliy amaliyotga asoslanadi

Davlatimiz taraqqiyoti yangi bosqichga qadam qo‘ygan hozirgi davrda ijtimoiy hayotning barcha jabhalarini modernizatsiya qilish va huquqiy davlat barpo etish yo‘lida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda qonun ijodkorligi faoliyati alohida dolzarblik kasb etib, davlat boshqaruvi samaradorligining muhim omiliga aylanmoqda. Mamlakatimizda ro‘y berayotgan chuqur ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, xalqaro maydondagi integratsiya jarayonlarining faollashuvi, shuningdek, global raqamlashtirish tendensiyalari qonun ijodkorligi faoliyatini tubdan takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Institutsional o‘zgarishlar yoxud qonunlar sifatiga e’tibor
2018 yilda qabul qilingan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi sohada tub burilish yasadi. Mazkur hujjat norma ijodkorligi faoliyatining institutsional, huquqiy va tashkiliy asoslarini tubdan takomillashtirishga xizmat qilmoqda. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ilgari qonunosti hujjatlari qonunlarning ijro mexanizmini belgilab beruvchi asosiy vosita bo‘lib kelgan bo‘lsa, bugungi kunda qonunlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi ustuvorlik kasb etmoqda.
Qonun ijodkorligining institutsional tuzilmasini takomillashtirish borasida so‘nggi yillarda qator muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tashkil etildi va parlament faoliyati ilmiy jihatdan ta’minlandi.
Bu borada erishilgan yutuqlar xalqaro reytinglarda ham o‘z aksini topmoqda. Oxirgi 6 yil ichida O‘zbekistonning “Qonun ustuvorligi” (Rule of Law) indeksi bo‘yicha 5 pog‘ona, “Jahon boshqaruv ko‘rsatkichlari” (WGI) indeksida esa 24 pog‘ona yuqorilagani fikrimizning yaqqol dalilidir. Bu ko‘rsatkichlar ortida izchil islohotlar, tizimli o‘zgarishlar va qonun ijodkorligi sifatini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar mujassam.
“Aqlli tartibga solish” (Smart regulation) tamoyillarining joriy etilishi qonun ijodkorligi faoliyatining sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishiga olib keldi. Bu model doirasida qonun loyihalarining jamiyat hayotiga ta’sirini baholash (Regulatory Impact Assessment), tartibga solish yukini kamaytirish (Regulatory burden reduction) kabi zamonaviy vositalar qo‘llanilmoqda.
Normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda xalqaro tajriba va milliy qonunchilik amaliyotini uyg‘unlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish va milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Masalan, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan davlatlarning qonun ijodkorligi sohasidagi tajribasi chuqur o‘rganilib, milliy shart-sharoitlarni inobatga olgan holda joriy etilmoqda.
Har qanday huquqiy davlatda barcha munosabatlar qonun normalariga asoslanadi
2023 yil mamlakatimiz hayotida tub burilish yasagan yangi Konstitutsiyaning qabul qilinishi bilan alohida tarixiy ahamiyat kasb etdi. Yangilangan Asosiy qonunimiz xalqimizning azaliy qadriyatlari, bugungi kun talablari va ertangi kun istiqbollarini uyg‘unlashtirgan holda, qonun ijodkorligi sohasida ham muhim yangilanishlarga zamin yaratdi. Konstitutsiyamizning 98-moddasida qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlarining vakolatlari kengaytirilib, ularning qonun ijodkorligi jarayonidagi ishtiroki yanada faollashtirildi. Bu esa qonun ijodkorligi jarayonining demokratik tamoyillar asosida rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Davlat boshqaruvi mexanizmlari, avvalo, norma ijodkorligi, xususan qonun ijodkorligi faoliyati orqali amalga oshirilishi bugungi kunda o‘z isbotini topgan haqiqatdir. Qonun ijodkorligi – bu murakkab, ko‘p bosqichli va serqirra jarayon bo‘lib, uning samaradorligi bevosita qabul qilinayotgan huquqiy normalarning hayotiyligi va xalqchilligiga bog‘liq. Zero, har bir fuqaro huquqiy normalarda o‘z hayoti, farovonligi va kelajagining huquqiy kafolatlarini ko‘rishni istaydi.
Qonun ijodkorligi faoliyatida jamiyat ehtiyojlarini chuqur o‘rganish, ijtimoiy munosabatlarning rivojlanish tendensiyalarini hisobga olish va istiqbolli prognozlash muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, bugungi shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyo sharoitida qonun ijodkorligining sifati va samaradorligini oshirish, qonunlarning barqarorligini ta’minlash masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Global innovatsiyalar, raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi va yangi ijtimoiy munosabatlarning paydo bo‘lishi qonun ijodkorligi faoliyatiga yangicha yondashuvlarni talab etmoqda. Bu borada qonun ijodkorligi subyektlari oldida nafaqat mavjud huquqiy munosabatlarni tartibga solish, balki istiqbolda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yangi ijtimoiy munosabatlarni ham huquqiy jihatdan ta’minlash vazifasi turibdi.
Qonun ijodkorligi faoliyatining asosiy makoni
2024 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga bo‘lib o‘tgan saylovlar natijasida parlamentning yangi tarkibi shakllantirildi. Yangi tarkibdagi deputatlar korpusi oldida qonun ijodkorligiga yangicha yondashuvlarni joriy etish, xalqchil va samarali qonunlarni qabul qilish kabi muhim vazifalar turibdi.
Qonun ijodkorligi o‘ziga xos murakkab usul va vositalar majmuini talab etadigan, jamiyatda huquq normasiga bo‘lgan ehtiyojni aniqlashdan to tegishli normativ-huquqiy hujjat kuchga kirib, uning ijrosi monitoringini amalga oshirishgacha bo‘lgan murakkab harakatlarni o‘z ichiga oladigan tizimli jarayon ekanligi barchamizga ma’lum.
Aytish joizki, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatining shakllanishida qonunchilikning maqbulligi, mukammalligi, xalqchilligi va samaradorligini ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Bir so‘z bilan aytganda, jamiyat va davlat taraqqiyoti norma ijodkorligi faoliyatining sifatiga bog‘liqdir.
Shu sababli, parlament faoliyatida ishlar yangicha yondashuv asosida tashkil etilmoqda. O‘tgan davr mobaynida parlamentning quyi palatasi tomonidan norma ijodkorligi bo‘yicha ilg‘or tajribaga ega 20 dan ortiq rivojlangan davlatlar, shu jumladan AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya va Turkiya amaliyoti hamda zamonaviy ilm-fan yutuqlari chuqur o‘rganildi va tahlil qilindi.
Yangi chaqiriq parlamenti bu tajribalarni inobatga olgan holda, yanada samarali, xalqchil qonunlarni ishlab chiqish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirishi kutilmoqda. 2022 yilda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborilgan qonunlar soni 88 tani tashkil etgan bo‘lsa, bu raqam 2023 yilda 99 taga yetdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 98-moddasiga muvofiq qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari tomonidan Qonunchilik palatasiga ko‘rib chiqish uchun 2023 yilda jami 121 ta qonun loyihasi kiritildi. 2022 yilda esa bu ko‘rsatkich 120 tani tashkil etgan.
O‘tgan davrda saylovchilar, shu jumladan, partiya elektorati manfaatlaridan kelib chiqib, deputatlarning qonunlar sifatiga, konsepsiyasiga nisbatan talabi sezilarli darajada kuchaydi. Natijada muhokama qilingan bir qator qonun loyihalari jiddiy munozara va bahslarga sabab bo‘lib, ovoz berish yakunlariga ko‘ra 4 ta qonun loyihasi rad etildi hamda tashabbuskor subyektga qaytarildi.
Parlament palatalarining qonun ijodkorligi sohasidagi o‘zaro munosabatlarini muvofiqlashtirish, qonunlarni qabul qilishdagi kelishmovchiliklarni bartaraf etishda kelishuv komissiyalari alohida o‘rin tutadi. Ushbu komissiyalar qonunlarni yanada takomillashtirishning muhim mexanizmiga aylanmoqda. 2023 yilda Senat tomonidan rad etilgan 2 ta qonun bo‘yicha Kelishuv komissiyalari tuzildi va ularning xulosasiga ko‘ra, qonunlar Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Yangi tarkibdagi parlament oldida xalqimizning farovonligini yuksaltirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, odamlarning kundalik hayotini yaxshilash, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish kabi muhim yo‘nalishlardagi huquqiy asoslarni yanada mustahkamlashga qaratilgan ustuvor vazifalar turibdi.
Oldimizda turgan dolzarb vazifalar
O‘zbekistonda qonunchilik faoliyatining yangi bosqichda rivojlanishi mamlakatimizning jahon huquqiy hamjamiyatiga integratsiyalashuv jarayonlarini jadallashtirmoqda. Xalqaro huquqiy tuzilmalarga integratsiyalashuv milliy qonunchiligimizni xalqaro standartlar va talablarga muvofiqlashtirishni taqozo etmoqda. Bu borada “Qonun ustuvorligi indeksi”, “Jahon adolat loyihasi” kabi nufuzli xalqaro reytinglarda mamlakatimizning o‘rni muntazam yaxshilanib bormoqda.
Qonun ijodkorligi sohasida erishilgan yutuqlar bilan birga, hal etilishi lozim bo‘lgan bir qator dolzarb vazifalar ham mavjud. Jumladan:
Birinchidan, qonun hujjatlarining ijrosi ustidan parlament nazoratini yanada kuchaytirish zarur. Bu borada zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda monitoring tizimini takomillashtirish, qonunlar ijrosining samaradorligini baholash metodologiyasini rivojlantirish lozim.
Ikkinchidan, qonunchilik bazasini tizimlashtirish va kodifikatsiyalash ishlarini davom ettirish kerak. Bu yo‘nalishda bir-birini takrorlovchi va eskirgan qonun normalarini bartaraf etish, sohaviy kodekslarni qabul qilish orqali qonunchilik tizimini optimallashtirish zarur.
Uchinchidan, qonun ijodkorligi jarayoniga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalasi. Xususan, qonun loyihalarini tayyorlash, ularning ta’sirini baholash, huquqiy ekspertizadan o‘tkazish jarayonlarida zamonaviy dasturiy mahsulotlardan foydalanish amaliyotini kengaytirish lozim.
To‘rtinchidan, xalqaro tajribani chuqur o‘rganish va milliy qonunchilikka samarali implementatsiya qilish vazifasi. Bunda xalqaro huquqiy standartlarni milliy qonunchilikka uyg‘unlashtirish, ilg‘or xorijiy tajribani milliy xususiyatlarni inobatga olgan holda joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Beshinchidan, qonun ijodkorligi jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kengaytirish zarur. Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, qonun loyihalarini muhokama qilishda fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish lozim.
Oltinchidan, qonun ijodkorligi sohasida kadrlar salohiyatini oshirish masalasi. Bu borada xalqaro tajribani o‘rganish, malaka oshirish tizimini takomillashtirish, xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikni kuchaytirish kerak.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda qonun ijodkorligi sohasida olib borilayotgan islohotlar izchil davom ettirilmoqda.
Bu islohotlar pirovard natijada mamlakatimizda huquqiy davlat asoslarini mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, jamiyat farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Qonun ijodkorligi sohasidagi islohotlarning izchil davom ettirilishi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirish, jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuv jarayonlarini jadallashtirishga zamin yaratmoqda.
Javohir Safayev,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi huzuridagi
Parlament tadqiqotlari instituti
bosh ilmiy xodimi