Bangkokda O'zbekiston Konstitutsiyasi va Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan ma'rifiy tadbir o'tkazildi
BANGKOK, 8-dekabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz Bosh konsulxonasida 8-dekabr – O'zbekiston Konstitutsiyasi hamda 10 dekabr – O'zbekiston Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan ma'daniy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tailand iqtisodiy, madaniy va ilmiy doiralari vakillari, shuningdek, vatandoshlar ishtirokida bo'lib o'tgan tadbir O'zbekiston Davlat madhiyasi ijrosi bilan boshlandi.
O'zbekiston Bosh konsuli Faxriddin Sultanov o'zining qutlov nutqida bu yilgi Konstitutsiya bayrami yurtimizda alohida shukuh bilan o'tayotganini qayd etdi. Shu yil 27-oktabr kuni o'tkazilgan O'zbekiston parlamenti saylovi yangilangan Konstitutsiyamizni hayotga tatbiq etish yo'lidagi muhim qadam bo'lgani ta'kidlandi.
Ta'kidlanganidek, Bosh qomusimizda inson qadrini ulug'lash, uning huquq va manfaatlarini ta'minlash bo'yicha mustahkamlab qo'yilgan ustuvor tamoyillarni hayotga izchil tatbiq etish borasida yurtimizda keng ko'lamli o'zgarishlar amalga oshirilmoqda.
Yangilangan Konstitutsiyamizda fuqarolarning ekologiya sohasidagi huquqlari konstitutsiyaviy darajada belgilab berilgani, jumladan, kirib kelayotgan 2025-yil – O'zbekistonda "Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili" deb e'lon qilingani mazkur normalarni hayotga tadbiq etish uchun muhim asos bo'lib xizmat qilayotgani qayd etildi.
Shuningdek, yakunlanayotgan 2024-yil O'zbekiston va Tailand o'rtasidagi munosabatlar rivojida juda samarali bo'lgani, o'zaro tashriflar va ishlab chiqilayotgan masalalar qamrovi kengaygani ma'lum qilindi. O'zaro sayyohlar almashinuvi oldingi yillarga nisbatan keskin ko'paygani e'tirof etildi.
Tadbir davomida O'zbekiston gastronomik turizm imkoniyatlariga bag'ishlangan burchak tashkil etildi. Qayd etish kerakki, o'zbek milliy taomlari Tailand vakillariga juda manzur bo'ldi.