Milliy armiya – Yangi Oʻzbekiston barqarorligini taʼminlashning ishonchli kafolati
“Milliy armiyamiz va xalqimizning faol hamkorligi tufayli Qurolli Kuchlarimiz mamlakatimiz taraqqiyoti, tinchligi va barqarorligining ishonchli kafolatiga, chinakam jasorat va matonat maktabiga aylanmoqda”.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti,
Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni
Shavkat Mirziyoyev
Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston armiyasi murakkab va shu bilan birga sharafli yoʻlni bosib oʻtdi. Qurolli Kuchlar mustaqillikni ishonchli taʼminlash, respublikada demokratik islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish kafolatiga aylandi.
Soʻngi yillarda Qurolli Kuchlarda olib borilgan tub islohotlar natijasida mamlakatning suvereniteti va hududiy yaxlitligini, xavfsizlik va barqarorlikni, chegaralar daxlsizligini taʼminlay oladigan, shuningdek xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilish boʻyicha taktik va strategik vazifalarni samarali hal qilishga qodir mobil, ixcham va yuqori texnologik milliy armiyamiz shakllandi.
Bugungi kunda armiyamiz jismoniy, maʼnaviy, ilmiy jihatdan tayyor, shuningdek zamonaviy qurollardan foydalanish boʻyicha ilgʻor bilim, koʻnikmalarga ega.
Avvalambor, tarixan qisqa davrda, Oʻzbekiston Respublikasining harbiy siyosatini belgilovchi, qoʻshinlarning jangovar tayyorgarligi, harbiy qudrati va salohiyatini yanada oshirish imkonini beruvchi bir qancha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Bunday hujjatlar sirasiga Oʻzbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”, “Favqulodda vaziyatlar toʻgʻrisida”, “Terrorizmga qarshi kurash toʻgʻrisida”, shuningdek mudofaa sohasidagi qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan bir qator farmon va qarorlar va harbiy xavfsizlikni taʼminlash sohasida xalqaro shartnomalar kiradi.
Mudofaa doktrinasi davlatning mudofaa sohasidagi siyosatini va harbiy qurilishini belgilaydi va Qurolli Kuchlarni rivojlantirish masalalari boʻyicha asosiy yoʻnalish va zamonaviy yondashuvlarni aks ettiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa siyosati quyidagi prinsiplarga asoslanadi:
boshqa davlatlarga qarshi harbiy kuch ishlatmaslik, bundan harbiy tajovuzning oldini olish va uni daf etish hollari mustasno;
xavfsizlikning boʻlinmasligi, oʻz xavfsizligini boshqa davlatlar xavfsizligi hisobiga mustahkamlashga yoʻl qoʻyilmaslik;
boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, ehtimoliy nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish;
harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaslik va Qurolli Kuchlarning xorijdagi tinchlik oʻrnatish bilan bogʻliq operatsiyalarda va harbiy mojarolarda qatnashmaslik;
mudofaaning yetarli darajada boʻlishi;
harbiy qurilishning zamonaviy harbiy mojarolar xususiyatiga monand boʻlishi;
yadroviy va boshqa turdagi ommaviy qirgʻin qurolini ishlab chiqarish, olish, saqlash, tarqatish va joylashtirishdan voz kechish;
Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi zona toʻgʻrisidagi shartnoma prinsiplariga sodiqlik;
oʻz hududida chet el harbiy bazalari va obyektlarining joylashtirilishiga yoʻl qoʻymaslik;
xalqning maʼnaviy-axloqiy qadriyatlariga va oʻziga xos madaniy tamadduniga tayanish.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi umum eʼtirof etilgan xalqaro huquq normalariga amal qilgan va milliy qonunchiligiga asoslangan holda tinchliksevar va pragmatik harbiy siyosatni olib bormoqda.
Shu bilan birga, konseptual strategik hujjatlar doirasida (Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan rivojlanish strategiyasi, “Oʻzbekiston-2030”) murakkab xalqaro vaziyat, qurolli toʻqnashuvlar oʻchoqlar, terrorizm va radikal ekstremizmning kengayishi sharoitida Oʻzbekiston Respublikasining harbiy va siyosiy rahbariyati qoʻshinlarning harbiy tayyorgarligi va jangovar qobiliyatini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini isloh qilish boʻyicha quyidagi yoʻnalishlarda keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda:
Birinchidan, Prezidentimiz tashabbusi bilan “Xalq va armiya bir tanu-bir jon” tamoyili asosida hududlarda mudofaa sohasida yagona davlat siyosatini yuritish maqsadida harbiy-maʼmuriy sektorlar tashkil etildi. Bugungi kunda mazkur sektorlar armiya bilan mahalliy hokimiyat oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlovchi, hududiy mudofaa masalalarida hal etuvchi organ boʻlib xizmat qilmoqda.
Ikkinchidan, rivojlangan mamlakatlar ilgʻor tajribasi asosida harbiy kadrlar tayyorlash tizimi qayta tashkil etildi va optimallashtirildi.
Xususan, yangi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari harbiy instituti va Oliy harbiy aviatsiya maktabi tashkil etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasi va Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan Qurolli Kuchlarning tibbiyot Akademiyasi tashkil etilib, qisqa vaqt ichida innovatsion qurilmalar va jahon darajasidagi texnologiyalarga asoslangan eng zamonaviy oʻquv-moddiy baza bilan jihozlandi.
Shuningdek, “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari va boshqa ixtisoslashtirilgan oʻquv yurtlari esa professional kadrlar tayyorlanadigan maskanlarga aylandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tizimida harbiy ilm-fanni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida, soʻnggi yillarda ilmiy salohiyat 4 % dan 56,7 % ga yetkazildi.
Uchinchidan, mudofaa sanoati majmuasi faol rivojlantirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa sanoati agentligi tashkil etildi va ayrim turdagi qurol-yarogʻ va texnika turlarini ishlab chiqarishni modernizatsiya qilindi va mahallliylashtirildi.
Hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda “Arslon” transportyorlari, “Tarlon-M” va “Qalqon” yengil zirhli avtomashinalari, shuningdek “Lochin” uchuvchisiz uchish apparatlari harbiy texnikalarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
“Arslon” zirhli transporteri NATO standartlariga muvofiq mamlakat Qurolli Kuchlari uchun maxsus ishlab chiqarilgan. Ushbu zirhli transportyor zamonaviy jangovar modulga ega boʻlib, kunduzi ham, kechasi ham har qanday iqlim sharoitida jangovar vazifalarni bajara oladi.
Umuman olganda, soʻnggi yillarda qoʻshinlarning zamonaviy qurollar bilan taʼminlanganlik darajasi 45 foizni tashkil yetdi. Oʻz navbatida, sohadagi izchil islohotlar Oʻzbekiston armiyasining jangovar qudratini 2 barobar oshirdi.
Toʻrtinchidan, harbiy xizmatchilar va ular oila aʼzolarining ijtimoiy himoyasi kuchaytirildi. Yurtimizda «Inson qadri uchun» tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida soʻnggi besh yilda 10 mingga yaqin harbiy xizmatchi imtiyozli kreditlar asosida uy-joy bilan taʼminlandi. Harbiy xizmatchilarni ish bilan taʼminlash va tibbiy yordam koʻrsatish masalalari ham eʼtibor markazida qolmoqda.
Shuningdek, 2018-2024-yillarda 6 mingdan ortiq harbiy xizmatchilarning farzandlariga respublika oliy taʼlim muassasalarining bakalavriyatiga davlat granti asosida tanlovsiz oʻqishga kirish uchun vazirlikning tegishli tavsiyanomasi berildi.
2021-2024-yillar davomida harbiy xizmatchilarning oila aʼzolaridan 4000 dan ortigʻi monomarkaz, kasb-hunarga oʻqitish markazlari hamda oʻquv maskanlarida kasbga yoʻnaltirildi.
Beshinchidan, Qurolli Kuchlar mamlakatimiz aholisini, ayniqsa, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash sohasida muhim institut va samarali kuchga aylandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Milliy armiyamiz – bizning iftixorimiz va gʻururimiz” tamoyili asosida harbiy qismlarning eshiklari jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar uchun keng ochib berildi.
Harbiy xizmatchilar va yoshlar ishtirokida muntazam ravishda “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik”, “Qoʻmondon va yoshlar”, “Harbiy qismda bir kunim!” loyihasi boʻyicha “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari, shuningdek yoshlar, Qurolli Kuchlar faxriylari va harbiy xizmatchilar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” kabi harbiy-vatanparvarlik va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar doimiy ravishda tashkil etib kelinmoqda.
Oltinchidan, horijiy davlatlar bilan harbiy hamkorlik mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlashning muhim elementidir.
Xorijiy hamkorlar bilan aloqalar har yili imzolanadigan harbiy hamkorlik Rejalari asosida amalga oshiriladi. Xususan, AQSH, GFR, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Rossiya, Belarus, Koreya, XXR, Hindiston, Pokiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkiya davlatlari, shuningdek MDH, SHHT va TDT doirasida harbiy sohanining turli yoʻnalishlarida hamkorlik oʻrnatilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida muhim xalqaro harbiy tadbirlar faol oʻtkazilmoqda, bu ham mamlakatimiz va Milliy Qurolli Kuchlarimizning jahon sahnasidagi obroʻsini oshirishga xizmat qilmoqda.
2022-2024-yillar mobaynida yurtimiz hududida MDHga aʼzo davlatlar Mudofaa vazirlari kengashi muvofiqlashtirish qoʻmitalarining bir qator yigʻilishlari, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari bosh shtab boshliqlarining konferensiyalari oʻtkazildi. 2024- yilning oʻzidayoq qabul qilingan Harbiy hamkorlik rejalari doirasida 400 dan ortiq birgalikdagi tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda (2021- yilda bunday tadbirlar soni 300 yaqin edi).
Maʼlumki, soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari qoʻshni davlatlar rahbarlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi natijasida Markaziy Osiyoda siyosiy muloqot va oʻzaro ishonch mustahkamlandi. Natijada mintaqadagi harbiy hamkorlik va xavfsizlik sohasidagi munosabatlar darajasi yangi bosqichga koʻtarildi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Shavkat Mirziyoyevning mintaqa davlatlari Xavfsizlik Kengashlari kotiblarining muntazam yigʻilishlarni oʻtkazish taklifini bildirdi va ushbu tashabbusga muvofiq, joriy yilning may oyida Ostonada Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizlik kengashlari kotiblarining birinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Shuningdek, joriy yilning 9-avgustida Ostona shahrida oʻtkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash konsepsiyasini ishlab chiqishni ilgari surdi. Bu oʻz navbatida, Oʻzbekiston mintaqani yagona xavfsizlik makoni sifatida koʻrayotganligini tasdiqlaydi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston bilan “Markaz”, “Hamkorlik” kabi ikki va koʻp tomonlama harbiy oʻquvlar amaliyotlarini olib bormoqda. Shuningdek, jangovar tayyorgarlik tadbirlari doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari (Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston) birinchi marta Qozogʻistonning Mangʻistau viloyatida “Birlashish-2024” qoʻshma harbiy mashgʻulotlarini oʻtkazdi va bu Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi faol harbiy hamkorlik tendensiyasini mustahkamlanyotganidan dalolat beradi.
Harbiy taʼlim sohasidagi mintaqaviy hamkorlikni ham alohida taʼkidlab oʻtish mumkin. Agar 2021-2024 oʻquv yillarida Mudofaa vazirligining oliy harbiy taʼlim muassasalarida Tojikiston va Qirgʻiziston Respublikasining 28 nafar harbiy xizmatchilari tahsil olgan boʻlsa, 2024-2025 oʻquv yillarida qoʻshni davlatlarning 107 nafar harbiy xizmatchilarini oʻqitish va malakasini oshirish rejalashtirilgan.
Harbiy sohadagi mintaqaviy hamkorlik – Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadamdir.
Umuman olganda, Umuman olganda, Qurolli kuchlar Oliy Bosh qoʻmondonining bevosita rahbarligi ostida amalga oshirilayotgan kompleks harbiy qurilish chora-tadbirlari Oʻzbekistonning mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Hech shubhasiz, mamlakatning suvereniteti va hududiy yaxlitligini, xavfsizlik va barqarorlikni, chegaralar daxlsizligini taʼminlay oladigan, shuningdek xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilish boʻyicha taktik va strategik vazifalarni samarali hal qilishga qodir milliy armiyamiz shaklllantirishda olib borilayotgan tub islohotlar yanada kuchayib, zamonaviy tizim tarzida takomillashib boradi.
Narimon Nabiyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar
instituti yetakchi ilmiy xodimi