Har bir hujjat zamirida hududlar manfaati mujassam
Joriy yil 28-fevral kuni Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisi o‘tkaziladi.
Yuqori palataning yangidan shakllanganiga ko‘p vaqt bo‘lmadi. Ammo joylarda senatorlarning mahalliy Kengashlar deputatlari bilan muloqotlari, yalpi majlisda ko‘riladigan masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashish jarayonlari ancha jonlandi.
Hududiy vakillik organi sifatida Senatning ikkinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi kutilayotgan masalalar viloyatlar hamda tumanlarimiz kesimida qay darajada muhokama qilindi va uning samaradorligi qanday?
Bu haqida Oliy Majlis Senati Raisining o‘rinbosari, ikkinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh rahbari Zayniddin Nizomxo‘jayev bilan suhbatlashdik.
— Zayniddin Maxamatovich, Senatning ikkinchi yalpi majlisida muhokama etiladigan masalalar mazmun-mohiyati xususida to‘xtalib o‘tsangiz.
— Yalpi majlisda o‘nga yaqin qonunlar, Vazirlar Mahkamasiga avval yuborilgan parlament so‘rovlari natijalari hamda qator boshqa masalalar muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan. Yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi, “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi, “Metrologiya to‘g‘risida”gi va “Mahalla tizimi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Ularning har biri mamlakatimizda kechayotgan keng ko‘lamli islohotlarga dahldorligi bois juda dolzarb masalalar yechimiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Xususan, bugungi kunda joylarda o‘tkazilayotgan muhokamalarda ham jamoatchilik tomonidan eng katta qiziqish bildirilayotgan hujjat bu — “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonuni bo‘lib, u Prezidentimizning “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish turlari nazarda tutilmoqda. Ya’ni mamlakatimiz hududida uzluksiz besh yil yashagan xorijiy davlat fuqarolari, shuningdek, yashash ma’lumotnomasiga ega bo‘lgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga fuqarolik taqdim etilishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, “Mahalla tizimi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun ham Vazirlar Mahkamasi tomonidan davlatimiz rahbarining “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla instituti^™ ni yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Unda jamiyatda aholi osoyishtaligi va qonun ustuvorligini ta’minlash, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda mahalla institutining rolini yuksaltirish ko‘zda tutilmoqda. O‘zbekistonning boy tarixi bilan chambarchas bog‘liq bu o‘ziga xos institutning mavqeini yanada oshirish maqsadida, shuningdek, mahalla tizimi xodimlari faoliyati jamiyatda muhim ahamiyatga egaligini inobatga olib, qonun bilan 22 mart sanasini mamlakatimizda Mahalla tizimi xodimlari kuni etib belgilash taklif qilinmoqda.
Yalpi majlisda senatorlar Vazirlar Mahkamasiga yuboriladigan parlament so‘rovlarini ham muhokama qilishadi. Ulardan biri tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va nogironlikni aniqlash masalalari yuzasidan parlament so‘rovidir. Mazkur masala bo‘yicha senatorlarimiz joylardagi ahvolni batafsil o‘rganishgan. Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan mazkur masalaga oid qonun xujjatlarining ijro etilishi holati o‘rganildi. So‘nggi uch yilda nogironligi bo‘lgan shaxslarning soni 9 foiz ortib, aholining umumiy soniga nisbatan 2,2 foizni tashkil etmoqda. 2017 — 2019 yillarda Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasida yetti yuz ming nafarga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslar hisobga olinib, jami 105 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan. Aniqlanishicha, sohada bir qator muammolar mavjud. Jumladan, ayrim toifadagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus davolanishdan o‘tmasdan, tibbiy tekshiruv o‘tkazmasdan aniqlanishi mumkin bo‘lgan nogironlik toifalari uchun majburiy statsionar davolanishda bo‘lish tartibi bekor qilinmagan. Yordamga muhtoj shaxslarni aniqlash va zarur hujjatlarni rasmiylashtirishda tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari ning majburiyatlarini nazarda tutadigan aniq tartib mavjud emas. Nogironlik belgilari yaqqol ko‘rinib turgan murojaat qiluvchilarni nogironlik belgilanguncha qo‘llab-quvvatlash mexanizmi yo‘q. Tibbiy mehnat ekspertiza xizmati faoliyatini tartibga soladigan yagona normativ huquqiy hujjat mavjud emas. Bu turdagi faoliyat Vazirlar Mahkamasining beshta qarori bilan tartibga solinmoqda. Shularni inobatga olgan holda, Vazirlar Mahkamasiga sohada aniqlangan muammolar va ularning yechimiga oid parlament so‘rovini yuborish masalasi ko‘rib chiqiladi.
— Senatorlarning yalpi majlisda ko‘tarilayotgan masalalar yuzasidan targ‘ibot va tashviqoti, umuman, ular yuzasidan keng jamoatchilik fikrini o‘rganish amaliyoti xususida nima deya olasiz?
— Avvalo, aytish joiz, bugun yuqori palata a’zolarining ish uslubi tubdan o‘zgartirildi. Faoliyatimizda asosiy e’tibor Prezidentimizning Murojaatnomasida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlashga qaratilmoqda. Barcha senatorlar mamlakat bo‘ylab amaliy muloqotlar o‘tkazish uchun hududlarga yo‘l olishdi. Joylardagi senatorlar ham o‘z viloyatining har bir tumaniga biriktirilib, mahalliy Kengashlar ishini takomillashtirishga hissa qo‘shmoqda.
Fevral oyida barcha senatorlar hududlarda bo‘lib, mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari faoliyatini o‘rgandi, uni kuchaytirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berishdi.
Yana bir yangi amaliyot yo‘lga qo‘yildi. U ham bo‘lsa, viloyat, tuman hokimliklarida senatorlarning xonalari tashkil etildi. Bu esa yuqori palata vakillarining xalq ichiga kirib borishi, joylardagi muammolarni o‘rganishi, hal qilishi, mavjud kamchiliklarni mahalliy Kengashlarning sessiyalarida muhokama etishi uchun zarur mexanizmdir.
Shu bilan birga, amaliy muloqotlar jarayonida Senatning ikkinchi yalpi majlisida ko‘rilishi rejalashtirilgan qonunlar va boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Qonunlarda ko‘zda tutilgan normalarning hududlar manfaatlariga mosligini aniqlash maqsadida joylarda senatorlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida muhokamalar tashkil etildi.
Ularda bildirilgan fikr va mulohazalarni senatorlarimiz qo‘mita yig‘ilishlarida batafsil ravishda ko‘rib chiqishmoqda. Yangi fikrlar va munosabatlar asosli tarzda ko‘rib chiqilyapti. Bu ham bo‘lsa, Senatning hududlar manfaatlarini himoya qilish tamoyilini amalga oshirishga xizmat qilmoqda.
“Xalq so‘zi” gazetasi, 27.02.2020