Yangi Oʻzbekistonda saylov tizimini takomillashtirish demokratiyaning muhim talabidir

Dunyoning siyosiy sahnasida yildan-yilga shaffof, adolatli va inklyuziv saylovlarga boʻlgan talab ortib bormoqda. Ushbu saqiriqlarni Oʻzbekiston nafaqat kuzatmoqda, balki oʻzining saylov manzarasini faol ravishda oʻzgartirmoqda, yanada joʻshqin va faol demokratiyaga zamin yaratmoqda.
Saylov tizimining huquqiy asoslari.
Mamlakatdagi saylovlarning oliy huquqiy asosi bu Oʻzbekiston Konstitutsiyasidir, u nafaqat huquqiy hujjat, balki demokratik qadriyatlar manifestidir.
Konstitutsiya har bir fuqaroning saylov jarayonida ishtirok etish huquqini qatʼiy tasdiqlaydi, hech qanday asossiz cheklovlar ushbu asosiy erkinlikni boʻgʻib qoʻymasligini taʼminlaydi. Xususan, Konstitutsiyaning 128-moddasida Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga ega ekanliklari, ovoz berish huquqi, oʻz xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanishi qatʼiy belgilab qoʻyilgan
Yana bir asosiy hujjat 2019-yilda qabul qilingan Saylov kodeksi boʻlib, u Oʻzbekiston demokratik mafkurasining rivojlanib borayotganidan dalolat beradi. Mazkur xujjat “Inson manfaatlari — har narsadan ustun!” degan hayotbaxsh demokratik gʻoyani oʻzida mujassam etgan.
Unda inson manfaatlarining ustuvorligi, saylovchi va nomzodlarning huquqlarini himoya qilish, adolatli va erkin saylov muhitiga yoʻl ochish alohida taʼkidlangan va saylov jaroyonining barcha bosqichlari tartibga solingan.
Saylov tizimining institutsional asoslari
Oʻzbekiston hayotidagi muhim siyosiy jarayonlar - Prezident saylovi, Oliy Majlisga saylov, Mahalliy kengashlarga saylov, referendumni tashkil etish va oʻtkazish saylov komissiyalari tizimi tomonidan amalga oshiriladi.
Saylov komissiyalari tizimiga Markaziy saylov komissiyasi (MSK), hududiy saylov komissiyalari, tuman va shahar saylov komissiyalari, okrug saylov komissiyalari, uchastka saylov komissiyalari kiradi.
MSK nafaqat saylovlar tashkilotchisi, balki demokratik jarayonning qoʻriqchisi hamdir. Uning aʼzolari har bir saylovlar erkin va adolatli boʻlishini taʼminlash uchun tinimsiz mehnat qiladi.
Saylov tizimining modernizatsiyasi: tarixiy sakrash
2023-yilda Oʻzbekiston saylov qonunchiligida katta oʻzgarishlar yuz berda. Bu mamlakat tarixidagi katta ijobiy burilish nuqtasi desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Xususan, 2023-yil 18-dekabr kuni Saylov kodeksi va yettita qonunga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar orqali mamlakatimizda parlament quyi palatasini shakllantirishda aralash saylov tizimi joriy etildi. Bu oʻz navbatida, saylovlarning mutlaqo yangi ijtimoiy-siyosiy muhitda oʻtgazilishini anglatadi.
Aralash saylov tizimi degani, bu saylovning ikkita, yaʼni majoritar-proporsional saylov tizimlarini uygʻunlashtirgan demokratik saylov usulini tushunsak boʻladi.
Joriy yilning 27-oktyabr sanasida yurtimizda boʻlib oʻtgan saylovlarda ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 75 nafari bevosita majoritar tizim asosida, yaʼni saylovchilar oʻzlari maqbul nomzodlarga ovoz berish yoʻli bilan, qolgan 75 nafari esa proporsional tizim – siyosiy partiyalarga berilgan ovoz asosida saylandi.
Xorijiy mamlakatlar tajribasiga nazar soladigan boʻlsak, koʻplab mamlakatlar, shu jumladan Janubiy Koreya, Belgiya, Vengriya, Germaniya va boshqalarda aralash saylov tizimi amal qiladi.
Ikkinchidan, avvalgi saylovlarda qonunan 50+1 yoki undan yuqori ovoz olgan nomzod deputatlikka saylanardi va kuchli raqobatchilar orasida nomzodlarning bu natijaga erishishi qiyin kechardi. Oqibatda, oʻz-oʻzidan ikkinchi tur saylovlarini oʻtkazishga toʻgʻri kelardi. Bitta saylov okrugidan eng yuqori ovoz olgan ikki nomzod uchun yana bir saylov tashkil etilardi. Bu esa, ortiqcha vaqt, sarf-xarajatga, saylovchilarning ovoragarchiligiga olib kelar edi.
Shunday holatlarga barham berish uchun bu yilgi saylovlarda “nisbiy koʻpchilik ovozi” prinsipi qoʻllanildi. Uning mazmuni shundaki, bitta oʻrin uchun kurashayotgan bir nechta nomzoddan nisbatan eng koʻp ovoz olgan nomzod saylangan hisoblanadi.
Uchinchidan, saylov tizimiga raqamli texnologiyalar joriy etish masalasi yanada kengaytirildi. “E-Saylov” tizimi ishga tushirildi. Natijada murojaatlarni koʻrib chiqish va javob qaytarish elektron shaklda operativ amalga oshirildi.
Bu tizimda 130 mingdan ortiq saylov komissiyalari aʼzolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, 30 mingdan ortiq deputatlikka nomzodlar va ularning dasturlari, 70 mingga yaqin mahalliy va xalqaro kuzatuvchilarga oid maʼlumotlar, 1200-1300 atrofida mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari maʼlumotlari joylashtirildi.
Toʻrtinchidan, oʻtgan saylovda siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlarning kamida 30 foizini xotin qizlar tashkil etishi haqidagi norma mavjud boʻlgan. Bu yilga saylovda esa, har bir mandatli saylov okruglari, ham siyosiy partiyalar taqdim etadigan nomzodlarning roʻyxatining kamida 40 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Bunda roʻyxatda har beshta nomzodning ikki nafari xotin-qizlardan iborat boʻldi.
Beshinchidan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Markaziy saylov komissiyasining huquqiy maqomi mustahkamlandi. Unga koʻra, Markaziy saylov komissiyasi butun boshli saylov tizimiga rahbarlik qilib, endi nafaqat Qonunchilik palatasi saylovlariga balki ilk marotaba mahalliy kengashlar saylovlariga ham masʼul sifatida saylovlarni tashkil etdi.
Texnologik taraqqiyot: yangi raqamli demokratiyani joriy etish
Shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi kunda, saylov tizimini takomillashtirish va demokratik prinsiplarni yanada chuqurlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratish zarur.
XXI asr-axborot asrida saylovlarning sifati va shaffofligini oshirishning asosiy yoʻnalishlari axborot texnologiyalari bilan uzviy bogʻliq boʻlib qolmoqda.
Dunyodagi ilgʻor davlatlar, jumladan, AQSH, Britaniya, Irlandiya, Shveysariya va Estoniya kabi mamlakatlarda elektron ovoz berish amaliyoti allaqachon joriy etilgan. Ular tajribasidan maʼlumki axborot texnologiyalari saylov jarayonlarini tezlashtirish va natijalarning aniqligiga erishishda muhim vosita sifatida xizmat qilmoqda.
Masalan, Estoniyada parlament yoki mahalliy saylovlarda Internet orqali ovoz berish imkoniyati yaratilgan. Ular mikrochipli ID-kartalardan foydalangan holda maxsus onlayn platforma orqali oʻz ovozlarini berishadi.
Shu nuqtayi nazardan, milliy amaliyotga onlayn ovoz berish mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etib borish lozim.
Shunday boʻlsa-da, buning natijasida katta masʼuliyat ham keladi. Onlayn ovoz berish tiriziga oʻtish kibertahdidlardan himoyalanish zaruratini keltirib chiqaradi. Saylov jarayonining xavfsizligi va maxfiyligini taʼminlash muhim ahamiyatga ega, chunki har qanday qoidabuzarlik jamoatchilikning demokratik tizimga boʻlgan ishonchiga putur yetkazishi mumkin.
Amirullo Tuxliboyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti bosh ilmiy xodimi