Oʻzbekiston: suvni tejash - kelajakni asrashdir
Suv – eng muhim hayotiy resurs.
Dunyoda kechayotgan hozirgi globallashuv jarayonida ushbu resursning qadri va qiymati tobora oshib bormoqda.
Vaqtida taʼsirchan choralar koʻrilmasa, suv taqchilligining oqibatlari Markaziy Osiyodagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikka jiddiy putur yetkazishi muqarrarligini hisobga olgan holda Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan suv xoʻjaligi sohasini kompleks rivojlantirish, mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanish, jumladan, raqamli va suvni tejovchi sugʻorish texnologiyalarini keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratilib, bu borada natijalarga erishilayapti.
Suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi tasdiqlandi. Konsepsiya doirasida maʼlum davrga moʻljallangan strategiyalar qabul qilinib, ijrosi taʼminlab kelinmoqda. Beshta ustuvor yoʻnalish boʻyicha 100 ta muhim maqsad aks ettirilgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining
3-yoʻnalishi suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishga bagʻishlangan.
Oʻzbekiston foydalanadigan suv resurslarining 90 foizi qishloq xoʻjaligi sohasida sarflanadi. Shu bilan birga, mintaqada irrigatsiya tarmogʻi eng koʻp rivojlangan va yirik suv xoʻjaligi infratuzilmasiga ega davlat hisoblanib, sugʻoriladigan ekin maydonlari 4,3 mln gektarni tashkil etadi.
Oʻzbekiston sharoitida ekinlar asosan egatlab sugʻorilgan.
Bu usulda sugʻorishda koʻp suv isrof boʻladi. Muammoning eng maqbul yechimi sifatida suvni tejovchi texnologiyalarga oʻtishga qaror qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2019-yildan suv tejovchi texnologiyalarni joriy etganlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari yoʻlga qoʻyildi.
Buning natijasida hozirgi kunga kelib, 558,2 ming gektarda tomchilatib, 88,3 ming gektarda yomgʻirlatib va 59,2 ming gektarda diskret sugʻorish texnologiyalari joriy qilindi. 1,3 mln gektar yerlar lazer qurilmali agregatlar yordamida tekislandi.
Besh yil oldingi holatni tahlil qiladigan boʻlsak, tejamkor sugʻorish uskunalari va butlovchi qismlar Oʻzbekistonga chet davlatlardan olib kelingan. Qisqa fursatda mahalliy sharoitda ishlab chiqarish bazasi shakllantirildi, korxonalar soni 3 tadan
50 taga yetkazildi.
Kelgusi yilda yana 500 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar oʻrnatiladi. Yaqin yillarda sugʻoriladigan ekin maydonlari suv tejovchi texnologiyalar bilan toʻliq qamrab olinadi.
Prezident Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan “2024-yil – sugʻorish tarmoqlarida suv yoʻqotishlarini kamaytirish boʻyicha zarbdor yil” deb eʼlon qilindi. Davlat byudjetidan katta mablagʻlar ajratilib, 1500 km magistral kanallar rekonstruksiya qilinmoqda. Bu ishlarga Xitoy Xalq Respublikasi nufuzli kompaniyalari ham jalb etilgan.
Shu bilan bir qatorda, klaster va fermer xoʻjaliklari tashabbuskorligida 13,5 ming km ichki sugʻorish tarmoqlari betonlashtirildi. Ushbu tadbirlar kelgusi yilda izchil davom ettiriladi.
Hozir respublikadagi 2,5 million gektar yerni sugʻorishga
1 ming 600 dan ziyod nasos stansiya yiliga 6,8 milliard kilovatt elektr sarflayapti. 2017-yilda 2 million gektarga 8,3 milliard kilovatt ishlatilar edi.
2025-yilni suv xoʻjaligida “Nasoslar samaradorligini oshirish yili” deb belgilab oldik. Xususiy sheriklik asosida tejamkor nasos va quyosh panellarini oʻrnatib, 20 foiz elektrni tejash choralari koʻrilmoqda.
Sohani raqamlashtirish suv resurslarini adolatli va shaffof boshqarish imkonini bermoqda. Oxirgi yillarda suv xoʻjaligi inshootlarida real vaqt rejimida suvni nazorat qilish va uning hisobini yuritish uchun 13 mingta “Smart Water” (“Aqlli suv”), meliorativ kuzatuv quduqlarida yer osti suvlarini sathi va minerallashganlik darajasini monitoring qilish uchun 15 mingta “Dayver” qurilmalari oʻrnatildi. 73 ta yirik suv xoʻjaligi obyektlarida boshqaruv jarayoni avtomatlashtirildi.
Paxta, sholi kabi ekinlarning kam suv talab qiladigan navlarini yaratish, suvsizlik chidamli ekinlar ekiladigan maydonlarni kengaytirishga eʼtibor qaratilmoqda.
Suv resurslarini samarali boshqarish, suvni tejaydigan va raqamli texnologiyalarni joriy qilish, irrigatsiya tarmoqlarini tozalash va betonlash, yerlarni lazerli tekislash, ekinlarni suv manbalaridan kelib chiqib joylashtirish, agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida oʻtkazish hisobidan har yili oʻrtacha 8 mlrd m3 suv iqtisod qilinyapti.
Suv xoʻjaligi sohasida ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Xitoy Fanlar Akademiyasining Shinjon Ekologiya va geografiya instituti hamda uning qoshidagi Markaziy Osiyo ekologiyasi va atrof-muhit ilmiy-tadqiqot markazi bilan oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Belostok Milliy texnika universiteti (Polsha) hamda Belarus Milliy texnika universiteti bilan hamkorlikda “Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatini rivojlantirish” konsepsiyasini ishlab chiqishga kelishildi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining doʻstona va ishonchli aloqalari mintaqamizdagi transchegaraviy suv resurslaridan hamkorlikda foydalanishga mustahkam zamin yaratdi. Qoʻshni davlatlar bilan koʻp yillardan buyon yechilmay kelayotgan masalalar hal qilinib, Sirdaryo va Amudaryo havzasida suv taʼminoti darajasini yaxshilash boʻyicha qator ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Bugungi kunda Oʻzbekiston qoʻshni davlatlar bilan suv masalalari boʻyicha aloqalarni Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi va Davlatlararo suv xoʻjaligini muvofiqlashtirish komissiyasi hamda ikki tomonlama ishchi guruhlar doirasida izchil rivojlantirmoqda.
Bu esa oʻz navbatida, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha koʻplab masalalarni vazirlik va joylardagi tashkilotlar darajasida oʻzaro manfaatli va samarali hal etish imkonini bermoqda.
Mamlakatda xalqaro NEXUS Gains hamda Hydro 4U loyihalari amalga oshirilmoqda. Suv resurslarini boshqarish xalqaro instituti Markaziy Osiyo ofisi bilan yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Suv-energiya-ovqat-ekosistema (WEFE) nekusi Markaziy Osiyoda suv boshqaruvi sohasidagi ijobiy yondashuvlardan biri boʻlib, Oʻzbekiston bu modelni muvaffaqiyatli joriy etmoqda. Mamlakatdagi innovatsion sugʻorish tizimlari va suvni tejash texnologiyalari energetika va ekologik ustuvorlik bilan bogʻliq muammolarni hal etishga yordam beradi. Sugʻorishning samarali usullari, suvni tejab, barqarorlikni taʼminlagan holda, umumiy mahsuldorlikni oshirishga olib kelmoqda.
Oʻzbekiston Integratsiyalangan Suv Resurslarini Boshqarish (IWRM) tashabbuslari orqali mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlamoqda va ICWC hamda IFAS kabi muhim platformada faol ishtirok etmoqda. Mahalliy jamoalarni jalb qilish orqali barqaror va inklyuziv suv boshqaruvini taʼminlashga katta eʼtibor berilmoqda.
Soha rivoji bilimli kadrlarga bogʻliq. Har yili 500 nafardan ziyod oliy maʼlumotli mutaxassislar tizim tashkilotlariga ishga qabul qilinmoqda. 2024-yilda 1 700 nafardan ortiq rahbar va mutaxassislarning malakasi oshirildi.
2023-yilda “Suvchilar maktabi” tashkil etildi. Respublikaning har bir hududida zamonaviy oʻquv xonalari hamda ilgʻor suv tejovchi texnologiyalar qoʻllaniladigan tajriba maydonlari tashkil etilib, 70 mingdan ortiq fermer xoʻjaligi rahbarlari va suv xoʻjaligi xodimlari qisqa muddatli kurslarda oʻqitildi.
Suv ulugʻ neʼmat, suvchilik savobli kasb. Shuni dildan his etgan oʻzbekistonlik suvchilar bir yoqadan bosh chiqarib, bir jonu bir tan boʻlib mehnat qilishayapti. Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga oʻz hissalarini qoʻshmoqdalar.
Rustam Qarshiyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari