Oʻzbekiston – Markaziy Osiyodagi yangicha tartibot bunyodkori
Xalqaro munosabatlarning bugungi bosqichida bir-biriga qarama-qarshi boʻlgan ikki paradigma – konflikt va hamkorliklar oʻziga xos tarzda namoyon boʻlmoqda.
Biroq dunyoda yuz berayotgan bugungi inqiroz xalqaro siyosatga zamonaviy xalqaro hayotning salbiy va ijobiy tomonlarini, milliy tashqi siyosatdagi “eskirgan” gʻoya va vazifalarni, xalqaro hamkorlikning ustuvor tizimidagi sukunatni koʻrsatish barobarida, oʻzgarayotgan xalqaro muhitda davlatlar tashqi siyosati uchun yangi imkoniyatlarni ochib berishga ham xizmat qilmoqda. Davlatlar oʻrtasidagi hamkorlik paradigmalari oʻzgarmoqda va davlatlar tashqi siyosatidagi yangicha tendensiyalar yuzaga kelmoqda.
Ahil qoʻshnichilik mana shunday hamkorlik paradigmalaridan, qolaversa, xalqaro munosabatlarning muhim tamoyillaridan biri hisoblanadi. Tamoyil amaliyoti xalq diplomatiyasi (Public Diplomacy) bilan hamohang va oʻsha xalqchillik shukuhi aynan ahil qoʻshnichilik siyosatining istiqbolini belgilab beradi.
Ahil qoʻshnichilik xalqaro munosabatlar tamoyili sifatida XX asr oʻrtalarida Gʻarb davlatlari tomonidan ilgari surilgan (masalan, F.Ruzvelt maʼmuriyatining Lotin Amerikasi davlatlariga nisbatan tashqi siyosati) va BMT hujjatlarida ham xalqaro huquq tamoyillaridan biri sifatida qabul qilingan.
Xalqaro munosabatlarda ahil qoʻshnichilik davlatlararo hamkorlikning fundamental tamoyillaridan biri sanaladi. Hamma davrlarda ham davlatlarning, aniqrogʻi, davlat rahbarlari tomonidan mazkur tamoyilni amaliyotga tadbiq etishiga shart-sharoit, imkoniyat yetarli boʻlmagan yoki davlatlar rahbarlarida siyosiy iroda yetishmagan. Oqibatda dunyo mintaqalarida konfliktlar obyektiv reallikka aylangan yoki mintaqalar biror yetakchi davlatning “hayotiy muhim” manfaatlari makonidan chiqib ketishi qiyin boʻlgan.
* * *
Bugungi kunda ham ahil qoʻshnichilikka dunyoning har bir mintaqasida turlicha yondashuvlarni kuzatish mumkin. Shuning uchun davlatlar oʻrtasidagi qoʻshnichilik munosabatlariga faqat klassik talqinda tavsif berish emas, oʻzgarayotgan dunyodagi shart-sharoitlar nisbatida ham baho berish shu kunning dolzarb masalalaridan biriga aylanmoqda.
Ahil qoʻshnichilik tamoyilining oʻziga xos jihatlari mavjud. Bular –
- tamoyil amaliyoti bilan birgina davlatda emas, unga tutash davlatlar – butun bir mintaqada konflikt oʻrniga konsensus ustuvor boʻladi;
- mintaqadagi siyosiy muloqot tabiati aynan ahil qoʻshnichilikni ilgari surayotgan davlat tashqi siyosatiga koʻp jihatdan bogʻliq boʻladi;
- ahil qoʻshnichilik siyosatining yalovbardori nafaqat mintaqada, balki xalqaro miqyosda ham eʼtirof etiladi. Bu jihatdan tan olish muammosi xalqaro munosabatlarning muhim kategoriyasi ekanligini ham eslash mumkin.
Bugun jahon hamjamiyati Oʻzbekistonga oʻzgacha bir nigoh bilan, aniqrogʻi, Markaziy Osiyo mintaqasida konstruktiv dialog shakllanishining tashabbuskori sifatida qaramoqda va eʼtirof etmoqda. Ahil qoʻshnichilik borasida yuqorida taʼkidlangan uchta muhim jihatni Yangi Oʻzbekiston tomonidan olib borilayotgan tashqi siyosiy faoliyatda koʻrish mumkin.
Prezident Sh.Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, Markaziy Osiyo – asrlar davomida qondosh xalqlar tinch va totuv yashab kelayotgan jahondagi kam sonli mintaqalardan biri. 3 962 790 km.kv. maydonga (Osiyo mintaqasining 10%) ega boʻlgan Markaziy Osiyo mintaqasi aholisi qariyib 80 mln va bu dunyo aholisining qariyb 1%ni tashkil qiladi. Jahon miqyosida ushbu koʻrsatkichlar kam boʻlishi mumkin, biroq tez oʻsib borayotgan mintaqaviy masʼuliyatli davlat – Oʻzbekistonning saʼy-harakatlari bilan dunyo Markaziy Osiyoni qaytadan kashf etmoqda.
Markaziy Osiyoda ahil qoʻshnichilik siyosatining bunyodkori Oʻzbekiston hisoblanadi. Taʼbir joiz boʻlsa aytish mumkinki, xalqaro munosabatlar tarixiy-tadrijiy taraqqiyotida yaqin qoʻshnichilikning konstruktiv shakli aynan Prezident Sh.Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini yoʻlga qoʻyish tashabbusi bilan bevosita bogʻliq.
Tashabbus barcha Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi va ilk Maslahat uchrashuvi 2018-yil Nur-Sultonda (Qozogʻiston), ikkinchi bor 2019-yil Toshkent (Oʻzbekiston), uchinchisi 2021-yil Avaza (Turkmaniston), toʻrtinchisi 2022-yil Choʻponota (Qirgʻiziston) va beshinchi uchrashuv Dushanbe (Tojikiston) shaharlarida boʻlib oʻtdi. Mazkur uchrashuvlar Markaziy Osiyoning mintaqaviy diplomatiyasida yangi bir bosqichni boshlab berdi.
Yaqin qoʻshnichilikka asoslangan Maslahat uchrashuvlarining amaliy ahamiyati quyidagilar bilan bogʻliq:
birinchidan, Markaziy Osiyoda keyingi yetti yilda yuz berayotgan siyosiy jarayonlar ortidan yetakchi davlatlar mintaqaga oʻz manfaatli siyosatlarining obyekti emas, balki u yerda joylashgan davlatlar ham “tirik organizm”, oʻz geosiyosiy kuch-qudrat manbalariga ega davlatlar ekanligini tan olishga majbur boʻlmoqda. Bu jihatdan Oʻzbekiston Prezidentining tashabbusi bilan shakllangan yangi format – mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari tashqi kuchlarning ishtirokisiz boʻlib oʻtayotganligi geosiyosiy ahamiyatga molik;
ikkinchidan, bugun Markaziy Osiyoda konfliktdan koʻra, konsensus shukuhi ustuvor. Mintaqa davlatlarida barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlashga muhim omil sifatida qaralmoqda. Eʼtiborli tomoni shundaki, mintaqada suv resurslaridan oqilona foydalanish va bu jarayonga innovatsion texnologiyalarni jalb qilish, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik tizimining bir qismi boʻlgan Afgʻonistonga anʼanaviy tahdid manbasi sifatida qarashni davom ettirmasdan, ushbu mamlakatda tinchlik va taraqqiyot yoʻlida qatʼiy qadam qoʻyishi uchun yordam berish Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash borasidagi umummanfaatlariga toʻliq mos keladi.
“Markaziy osiyoliklar Afgʻonistonning janubga bogʻlanish uchun muhim mamlakat ekanligini anglab, bu davlat muammolarini hal etishda faol ishtirok etishmoqda”. Oʻzbekiston ham Markaziy Osiyo davlatlarining barqaror rivojlanish istiqbollarini mintaqaga janubdan chegaradosh boʻlgan Afgʻonistonda tinchlikka erishish va uning tiklanishi bilan bogʻliq ekaniga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Qardosh davlatlar – Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan bir qatorda, xalqaro hamjamiyat tomonidan doim xavf-xatar oʻchogʻi sifatida koʻrib kelingan qoʻshni Afgʻoniston bilan ham munosabatlar faollashdi. Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan olib borilayotgan pragmatik tashqi siyosatning ijobiy natijalaridan biri ekanligi bugungi kunda xalqaro hamjamiyat tomonidan keng eʼtirof qilinayotganligi bejiz emas;
uchinchidan, iqtisodiy hamkorlik yaqin qoʻshnichilik aloqalarining muhim tarmogʻiga aylanib bormoqda. Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2023-yilda Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan umumiy tovar aylanmasi 7,2 mlrd AQSH dollarga yetgan. Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasida mintaqa davlatlarining ulushi 11,5%ga toʻgʻri keladi va bu koʻrsatkichlar mintaqa davlatlariga nisbatan olganda Qozogʻiston bilan 61%, Turkmaniston – 15%, Qirgʻiziston 13% va Tojikiston – 11%ni tashkil etadi.
Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirishga jiddiy hissa qoʻshayotgani shubhasiz. Biroq Oʻzbekiston iqtisodiy diplomatiyasi mintaqadagi real holatni (status-quo) inobatga olib, mintaqa davlatlari tomonidan mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanilmayotganlik hamda savdo-sotiq hajmi oʻsib borayotganiga qaramay, tashqi bozorlar ham Markaziy Osiyoning har bir davlati uchun jiddiy ahamiyat kasb etayotganligiga eʼtiborni qaratish lozimligini ilgari surmoqda;
toʻrtinchidan, odatda davlatlar oʻrtasidagi hamkorliklar mexanizmi ikki tomonlama aloqalardan tashqari, koʻp tomonlama - biror siyosiy institutlar doirasida amalga oshiriladi. Bugun Markaziy Osiyo davlatlari ham turli formatdagi hamkorliklar tizimida ishtirok etib kelmoqda. Mintaqadagi besh davlat Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga (YEXHT) aʼzo.
Biroq harbiy-siyosiy maqomga ega boʻlgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) tarkibida mintaqaning Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston singari davlatlari bor. Qozogʻiston bilan Qirgʻiziston 2015-yilda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) hamda 2015 va 1998-yillarda mos ravishda Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlib kirdi. 2013-yilda Tojikiston JSTga aʼzo boʻlsa, 2020-yilda Turkmaniston tashkilot tarkibida kuzatuvchi-davlat maqomini oldi.
Mintaqa davlatlarining xalqaro tashkilotlarda turlicha aʼzolik shakllari ular hamkorligiga qanday taʼsir koʻrsatadi? – degan savol tugʻilishi tabiiy. Bunga javob shunday – turli mintaqaviy tashkilotlarga aʼzolik boʻyicha tafovut, chuqur va yaqin tarixiy, siyosiy va madaniy aloqalarga ega boʻlgan hamfikr davlatlar oʻrtasidagi mintaqaviy hamkorlikka toʻsqinlik qilmaydi.
Toʻgʻri, yillar davomida Oʻzbekiston yuqoridagi tashkilotlardan chetda qoldi. Yangi Oʻzbekiston sharoitida oʻtkazilayotgan islohotlarning natijasi oʻlaroq, 2017-yildan boshlab JSTga kirish uchun shaxdam qadamlar tashlandi. Oʻzbekiston YEOII tarkibida (2020-y.) kuzatuvchi-davlat maqomini oldi.
* * *
Bugun oʻzbek davlatchiligi tarixida Yangi Oʻzbekiston favqulodda keskin burilishlar davrini boshlab berganligi bilan tavsiflanmoqda. Bunday eʼtirof milliy manfaatlarimizni izchil himoya qilishga, dunyo davlatlari bilan koʻp qirrali munosabatlarni rivojlantirishga, hamkor mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga hamda davlatimiz rahbari tashabbuslarini xalqaro va mintaqaviy miqyosda ilgari surishga qaratilgan qator amaliy saʼy-harakatlarning natijasi hisoblanadi.
Yangi Oʻzbekiston xalqaro munosabatlarning shunchaki ishtirokchisi emas, xalqaro siyosat kesimida oʻz tashqi siyosiy tashabbuslarini dadil ilgari surayotgan hamda iqtisodiy jihatdan oʻsib borayotgan mintaqaviy masʼuliyatli davlat sifatida namoyon boʻlmoqda. Jumladan, Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT) Bosh Asssambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” (iyun, 2018), “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” (dekabr, 2018), “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish” (dekabr, 2019), “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi (may, 2021) rezolyutsiyalari qabul qilinishida Oʻzbekistonning munosib hissasi bor.
2020-yilda Oʻzbekistonning xalqaro tashkilotlar bilan inson huquqlarini taʼminlash borasidagi hamkorligida yangi sahifa ochildi – Oʻzbekiston ilk bor BMT Inson huquqlari boʻyicha kengash aʼzosi etib saylandi. YEXHT ekspertlari Oʻzbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida ahil qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi siyosatni yuqori baholadi va qoʻllab-quvvatladi.
BMT shafeligida Termez shahrida Afgʻonistonga gumanitar yordam koʻrsatish uchun koʻp funksiyali Markaz (sentyabr, 2021) tashkil etildi. Bu jihatdan, “BMTga aʼzo davlatlar global muammolarni hal etishni taʼminlashi kerak, Oʻzbekiston esa buning yaqqol timsoli boʻlmoqda”.
Bunday saʼy-harakatlar natijasi oʻlaroq, Markaziy Osiyo mintaqasida butunlay yangi, ochiq, sogʻlom va doʻstona siyosiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar muhit yaratildi. Birinchi navbatda qoʻshni davlatlar bilan pragmatik va strategik munosabatlarimiz mustahkamlandi va kengaytirildi. Markaziy Osiyoda uzoq yillar davomida saqlanib kelayotgan chegara, suv va energiya taqsimoti, erkin harakatlanish va boshqa muammolar oʻz yechimini topa boshladi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari Mustaqil Davlatlar hamdoʻstligi (MDH) va Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT – faqat Turkmaniston aʼzo emas) kabi platformalarda hamkorlik qilayotgan boʻlsa-da, 2018-yilgacha hamkorlikning sof mintaqaviy formati mavjud emas edi.
Prezident Sh.Mirziyoyevning tashabbusi bilan yuzaga kelgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuv formati mintaqadagi “geosiyosiy plyuralizm”ga barham berib, yaqin qoʻshnichilik diplomatiyasi uchun shart-sharoitlarni yaratib berdi. Ahamiyatli tomoni, mazkur format qandaydir integratsion tuzilma yoki siyosiy institut emas, uchrashuvlar kun tartibida bunday masala ham yoʻq. Mintaqa davlatlari yetakchilari rasmiy integratsiya yoʻlini takrorlash, biror siyosiy institutlar barpo etish niyati yoʻqligini qatʼiy bildirib, maslahatlashuv formatini afzal bilishini va bu yoʻldagi harakatlarni boshqa mamlakatlar manfaatiga qarshi yoʻnaltirishni istamasliklarini qayd etdi.
Yaqin qoʻshnichilik tamoyilining amaliyoti Markaziy Osiyoning jahonda tutgan oʻrnini yangi bir bosqichga olib chiqdi. Bugun Markaziy Osiyo xalqaro siyosatning chekka bir nuqtasida emas, balki jahon jamoatchiligining eʼtibori mintaqaga nisbatan tabora ortib bormoqda. Bu jihatdan hamkorlik qilish uchun integratsion birlashmalardan holi boʻlgan yangicha formatlarning oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyganligi ahamiyatli. “Markaziy Osiyo – AQSH”, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi”, “Markaziy Osiyo – Koreya respublikasi”, “Markaziy Osiyo – Yaponiya”, “Markaziy Osiyo – Hindiston”, “Markaziy Osiyo – Xitoy”, “Markaziy Osiyo – Rossiya” kabi formatlar yetakchi xorijiy davlatlarning mintaqa davlatlari bilan siyosiy muloqotlar olib borishdan nechogʻli manfaatdor ekanligini koʻrsatib turibdi.
Ekspertlar bunday platformaning afzalligini “Markaziy Osiyodagi institutlarning mustaqil, tashqi kuchlar taʼsiriga tushmagan”ligi bilan bogʻlab, bu borada mintaqa davlatlarining tajribaga egaligini Markaziy Osiyo yadro qurolidan xoli hudud yoki bugun faoliyati toʻxtatilgan Markaziy Osiyo iqtisodiy hamjamiyati (MOIH) bilan bogʻlashadi.
F.Starr fikricha, mintaqaviy hamkorlik yoʻlidagi dadil qadamlarga qaramasdan, Markaziy Osiyo siyosiy landshaftiga “tashqi alyanslarning tiqilishi” ortidan davlatlarning biror tashkilot atrofida birlashmasligi saqlanib kelmoqda. Bu jihatdan Markaziy Osiyoni dunyoda kuchli mintaqaviy institut faoliyatiga ega boʻlmagan yagona mintaqa sifatida tavsiflash mumkin.
Toʻgʻri, 2018-yildan buyon Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlari oʻtkazilib kelinmoqda. Formatning navbatdagi oltinchi yigʻilishi shu yil Ostona shahrida boʻlib oʻtadi. Ishtirokchi davlatlarning har biri uchun muhim boʻlgan institutsional tuzilmalarni yaratish masalasi bunday uchrashuvlar kun tartibidan chetda qolmoqda.
* * *
Oʻtgan yillar davomida tashqi dunyo Markaziy Osiyoga doir muloqotlarda bir-biriga qarama-qarshi boʻlgan ikki tendensiya – yo hamkorlik, yo raqobatdan bahs etar edi. Hamkorlikdan gap ketganda asosan mintaqa xalqlari madaniyati, urf-odatlarining yaqinligi, tarixiy mushtaraklik, mintaqadan yetishib chiqqan mutafakkirlarning insoniyat taraqqiyotiga qoʻshgan hissalari va islom sivilizatsiyasi rivojida Markaziy Osiyoning tutgan oʻrniga doir fikr-mulohazalar yuritishgan. Davlatlarning geosiyosiy joylashuvi, iqtisodiy imkoniyatlari va ularning bir-biriga taʼsiri, tabiiy resurslardan foydalanish, siyosiy yetakchilik kabi masalalarga xalqaro ekspertlar mintaqaviy raqobat, davlatlar oʻrtasidagi ixtiloflarning asosiy sabablari sifatida qarar va buni zoʻr berib targʻib qilishardi.
Xalqaro munosabatlar tarixiy-tadrijiy taraqqiyotining bugungi bosqichida Markaziy Osiyoga nisbatan yondashuvlar mundarijasi tubdan oʻzgardi. Norvegiya xalqaro munosabatlar instituti yetakchi ilmiy xodimi R.Vakulchuk fikricha, “bugun hamkorlik mintaqaviy munosabatlarning bosh mezoniga aylandi va bu yirik tashqi kuchlar (masalan, Xitoy, YEI) tomonidan ham eʼtirof etilmoqda”. Tashqi dunyo singari mintaqadagi har qanday masalaga raqobat vositasi sifatida emas, Markaziy Osiyoda hamkorlik pillapoyalarini kengaytiruvchi omil sifatida qaralmoqda va “bunday tashabbus Oʻzbekistonga tegishli”.
Ekspert fikricha, mintaqada Qozogʻiston singari va katta ehtimol bilan Turkmaniston bugun ham oʻz energoresurslarini eksport qilishga bogʻlanib qolmoqda. Oʻz navbatida Qirgʻiziston va Tojikiston uchun MDH davlatlaridagi ishchi migratsiyasi davlatlar iqtisodining asosiy manbasini belgilab bermoqda. Ulardan farqli tarzda Oʻzbekistonga mintaqada sanoati koʻp jihatdan diversifikatsiyalashgan davlat boʻlganligi uchun tashqi taʼsirlarning darajasi past boʻlmoqda.
Xalqaro miqyosda Oʻzbekistonda yuz bergan oʻzgarishlar iqtisodiyotni liberallashtirish va inson huquqlari sohasidagi yutuqlar bilan bogʻliqli ravishda tan olinmoqda. 2019-yilda “The Economist” xalqaro nashri (jurnal) rejalashtirilgan islohotlarni amalga oshirgan yil davlati sifatida Oʻzbekistonni eʼtirof etdi. 2020-yilda birinchi marta Oʻzbekiston 2016-yildan buyon “Rivojlangan bozor”, “Infrastruktura” va “Inson kapitali va tadqiqot” koʻrsatkichlari boʻyicha oʻz natijalarini takomillashtirib xalqaro “Global innovatsiya indeksi”da qayd etildi.
Kristin Lagard bugun Oʻzbekiston oʻsish tenglamasini oʻzgartirmoqda va yana qaytadan integratsiya va innovatsiyalar oʻchogʻiga aylanishga harakat qilmoqda, – degan edi Oʻzbekistonga amaliy tashrifi davomida. – Oxirgi yillarda davlatdagi islohotlar keng jamoatchilik eʼtiborini oʻziga tortmoqda. Hozir davlatda mavjud impulsdan foyda olish imkoniyati mavjud va beqiyos oʻsishga imkon yaratayotgan yoʻlda davom etishi mumkin. Bundan tashqari, ushbu jarayonda Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning taraqqiyotida muhim katalizator rolini oʻynashi tabiiy. Markaziy Osiyodagi siyosiy barqarorlik va iqtisodiy oʻsish uchun Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi modernizm va siyosiy ochiqlik katta ahamiyatga ega boʻladi.
Markaziy Osiyo mintaqasi, jumladan Oʻzbekiston uzoq yillar davomida Yevropa tomonidan inkor etib kelingan. Ajablanarli tomoni 2019-yildan YEI Markaziy Osiyo davlatlarining barchasi uchun asosiy savdo sherigiga aylanib, umumiy savdo hajmining 24,1% unga toʻgʻri kelgan. Shu maʼnoda Oʻzbekiston YEIning mintaqadagi biznesi uchun ideal makon hisoblanadi. Mintaqda koʻzlangan biznes uchun davlatda eng qulay sharoitlar yaratilgan. Bunga Jahon bankining biznes yuritish osonligi boʻyicha reytingida Oʻzbekistonning qoʻshni davlatlarga nisbatan yuqori koʻrsatkichda ekanligi hamda davlatdagi koʻplab Yevropa korxonalarining bugungi faoliyatlarini qoʻshimcha qilish mumkin.
Mintaqa davlatlari bilan yaqin qoʻshnichilikka asoslangan munosabatlarda Oʻzbekiston Prezidentining uzoq yillar davomida Markaziy Osiyoda toʻplanib qolgan muammolarni bartaraf etishga doir tashabbuslari, xususan, mintaqa davlatlari chegaralarini delimitatsiya va demorkatsiya qilish, suv va chegara oldi suv havzalaridan oqilona foydalanish masalalari, va shu kabi qator tadbirlar Oʻzbekiston tomonidan mintaqaviy rivojlanish faol muvofiqlashtirilayotganligini koʻrsatmoqda. Davlat oʻzining barqarorligi, rivojlanishi hamda tashqi siyosiy taʼsir doiralaridan holi boʻlishdan manfaatdor.
Davlat va jamiyatda bir holatdan ikkinchi holatga oʻtkazishdek tub islohotlar hech qachon oson kechmagan. Biroq Yangi Oʻzbekistondagi bugungi islohotlar zamon talab qilayotgan, orqaga qaytmaydigan jarayon va bunda murakkablik va turli kurashlarning boʻlishi tabiiy. Kurashlar qanchalik mashaqqatli boʻlmasin, ayni paytda u millionlab kishilarni oʻziga ergashtirib kelajakka qatʼiy ishonch bilan qarashga undamoqda.
Bugun Oʻzbekistonning yaqin qoʻshnichilik siyosati jahon siyosiy maydonida mutlaq yangi hodisa boʻlgani, xususan, Prezident Sh.Mirziyoyevning muammolarga butunlay yangi nazar bilan qarashi, nafaqat mintaqa, balki dunyoda yuz berayotgan ixtiloflarni yangicha tafakkur bilan idrok qilishi, uni yangicha tushunishi, butunlay yangi yoʻnalishlarga burib yuborish yoʻlini tutganligi bilan baholanmoqda.
Xoʻjanov B.A.
Oʻzbekiston Respublikasi Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabi
Geosiyosat va xalqaro munosabatlar kafedrasi mudiri, siyos.f.n., dotsent