Oʻzbekistonda “Habeas corpus” institutining kengayishi shaxs huquqlari himoya qilinishining ishonchli kafolatlarini yaratilishiga xizmat qiladi
Soʻnggi yillarda mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilgan islohotlar asosan jazolamay turib javobgarlik natijasidan kutiladigan maqsadlarga erishish, jinoyat ishlarini yuritish va javobgarlikni belgilashda jazoning ogʻirligiga emas, javobgarlikning muqarrarligini hamda inson huquq va erkinliklarining ustuvorligini taʼminlashga, jinoyat ishlarini yuritish tartibini takomillashtirish, sudlar mustaqilligini mustahkamlash va taraflar tengligini taʼminlash orqali odil sudlovga erishish, shu jumladan “habeas corpus” institutini kengaytirish kabi yoʻnalishlarni oʻzida mujassam etdi.
Jamiyatda tartibni saqlash va taraqqiyotning davomiyligini taʼminlash uchun sud-huquq tizimini ham zamon oʻzgarishlariga mos ravishda takomillashtirib borish har doim dolzarb boʻlib kelgan. “Habeas corpus” institutini kengaytirish sudga qadar ish yurituvida sud nazoratini kuchaytirishga qaratilgan. Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda “hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi, qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas. Hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga koʻra yoʻl qoʻyiladi”, deb qatʼiy belgilandi.
“Habeas corpus” shaxsning erkin harakatlanish va boshqa konstitutsiyaviy huquqlari cheklangan holatlarda ushbu harakatlarning qonuniy va asosliligi sud tomonidan tekshirilishini soʻrab murojaat qilish tartibini qamrab oladi.
Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar asoslar boʻlganda va faqat sudning qarori yoki roziligi bilan cheklanishi mumkinligiga oid qoidalar mansabdor shaxs oʻz xizmat majburiyatlariga vijdonsizlarcha munosabatda boʻlish holatlarining oldini olish va ayblanuvchining huquq va erkinliklari noqonuniy cheklanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun moʻljallangan. Tor maʼnoda “habeas corpus” deganda, jinoyat sodir etishda gumon qilinib ushlangan shaxsni ushlab turish asosliligini va qonuniyligini sud tomonidan tekshirish hamda ushbu shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzida ehtiyot chorasining sud tomonidan qoʻllanilishi tartibi tushuniladi.
Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktda ham “jinoiy ayblov boʻyicha ushlangan yoki qamoqqa olingan har bir shaxs darhol sudya yoki qonunga binoan sudlov hokimiyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan mansabdor shaxs huzuriga keltiriladi va u oqilona muddat ichida sud muhokamasidan oʻtkazilishi yoki ozod qilinish huquqiga ega” ekanligi belgilangan.
Mamlakatimizda qamoq ehtiyot chorasini qoʻllash amaliyotida 2022-yilda tergov organlaridan sudlarga kelib tushgan jami 24 118 ta iltimosnomadan 485 tasi, 2023-yilda 22 254 ta iltimosnomadan 577 tasi, 2024-yilning birinchi yarmida esa 12 293 ta iltimosnomadan 256 tasi rad etilgan. Sudlar tomonidan bu kabi iltimosnoma rad etilishining har bir holatida ayblanuvchi huquqlari jiddiy cheklanishiga yoʻl qoʻyilmaganligini qayd etish joiz.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan jinoyat-protsessual qonunchilikda “habeas corpus” institutini kengaytirishga oid ilgari surilayotgan tashabbuslar inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini taʼminlashning samarali mexanizmlarini ishga solish, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxsning erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka oid konstitutsiyaviy huquqlarini sud orqali ishonchli taʼminlash choralarini kuchaytirishga qaratilgan.
Bu kabi tashabbuslarni amalda joriy etish, sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, ishni sudga qadar yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi prinsipini amalda taʼminlash, tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilinishiga erishish maqsadida 2024 yilning 10-iyunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-89-son Farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmonga koʻra jinoyat ishlari boʻyicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan koʻrib chiqilishi tartibini va jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimini joriy etish nazarda tutilmoqda. Bunda “habeas corpus” institutini kengaytirish orqali tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirishga, sudga qadar ish yurituvida qonuniylikni mustahkamlashga hamda shaxs huquq va erkinliklari himoyasini taʼminlashga erishish koʻzlangan.
Taʼkidlash oʻrinliki, mazkur farmonning qabul qilinishi Konstitutsiyaviy normalarning toʻgʻridan toʻgʻri tatbiq etilishini kuchaytirishga, shaxsning konstitutsiyaviy huquqlarini faqatgina sud qarori asosida cheklash mexanizmi protsessual qonunchilikda toʻliq belgilanishiga hamda amalda mukammal ishlashi uchun zarur tashkiliy huquqiy shart-sharoitlar yaratdi.
“Habeas corpus” institutining ayrim xorijiy mamlakatlarda qoʻllanilishini oʻrganish eʼtibor loyiq. Masalan Avstriyada qamoqqa olish va qamoqqa olish muddatini uzaytirish tergov sudyasi ruxsati bilan amalga oshiriladi. Tergov sudyasi dastlab ikki hafta oʻtgach, soʻng bir oy oʻtgach, keyin qamoqqa olingan kundan eʼtiboran har ikki oyda bir marotaba – shaxsning ushlab turish muddatini uzaytirish yoki qamoqqa olish asoslarini muntazam tekshiradi.
Angliyada manfaatdor shaxslar ushlangan yoki qamoqqa olingan shaxsning ozodlikdan mahrum etilish asoslarini tekshirish uchun uni sudga olib borilishini talab qilish huquqiga ega.
AQSHda shaxsni qamoqqa olish uchun sud sanksiya beradi, har ikki haftada prokuror oʻn kundan ortiq qamoqda saqlanayotgan shaxslar toʻgʻrisida sudga hisobot taqdim etadi va muddat oʻtib ketishi sabablarini tushuntirib beradi.
Italiyada, shaxsni qonunda belgilangan muddatlardan koʻproq ushlab turish nazorat tartibida sudyalar maxsus hayʼati tomonidan qoʻrib chiqiladi.
Fransiyada qamoqqa olish muddatini uzaytirish respublika prokurorining iltimosiga binoan tergov sudyasi tomonidan maxsus asoslantirilgan qaror asosida amalga oshiriladi.
Sudlar tizimida joriy etilayotgan tergov sudyasi lavozimi hamda sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasini koʻrib chiqishning yangicha tartibi – “habeas corpus” institutini kengaytirishga, sudga qadar ish yuritish ustidan sud nazoratini kuchaytirishga, qonuniylikni mustahkamlashga va odil sudlovga erishish imkoniyatini oshirishga xizmat qiladi.
Tergov sudyasiga murdani eksgumatsiya qilish; pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash; tintuv oʻtkazish; telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish; mol-mulkni xatlash; qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash; ushlab turish muddatini uzaytirish; qamoqda saqlash yoki uy qamogʻi muddatini uzaytirish; pasportning amal qilishini toʻxtatib turish; ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish; shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish; ayblanuvchining tibbiy muassasada boʻlishi muddatini uzaytirish; guvoh va jabrlanuvchining koʻrsatuvlarini oldindan mustahkamlash toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni hamda maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqish vakolati berilishi sudyalarni jinoyat ishlarini mazmunan koʻrib chiqish bilan bogʻliq boʻlmagan vazifalardan ozod etadi va ish doirasida qonuniy, asosli, adolatli hukm chiqarishga koʻproq imkon yaratadi.
Tergov sudyasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilangan 1) yuklatilgan vazifalarning adolatli va xolisona bajarilishiga; 2) qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini taʼminlashga; 3) fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari sud yoʻli bilan samarali himoya qilinishiga erishish uchun qonunchilikda tegishli mexanizmlar mukammal aks ettirilishi talab etiladi.
Fikrimizcha, tergov sudyasi tomonidan tegishli iltimosnoma va ishlarni koʻrib chiqish tartibini belgilashda quyidagilarni hisobga olish taklif etiladi:
1. Iltimosnoma kiritish va uni koʻrish natijalarini taqdim etishda elektron hujjat aylanishi imkoniyatini yaratish.
2. Kechiktirib boʻlmas holatlarda harakatlanish imkoni mavjud boʻlishi, bunda qaror va harakatlarning qonuniy va asosliligini taʼminlash.
3. Belgilanadigan tartibning samarali va tezkor boʻlishiga erishish.
4. Surishtiruvchi, tergovchining shaxs huquq va erkinliklariga daxldor qarorlari va harakatlari ustidan qilingan shikoyatlarni tergov sudyasi tomonidan koʻrib chiqilishi mexanizmini belgilash.
5. Qamoqqa olish yoki konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarni cheklash bilan bogʻliq boshqa choralarni qoʻllash haqidagi iltimosnomalarni qanoatlantirish va rad etishning aniq asoslarini koʻrsatish.
Shu bilan birga, Jinoyat-protsessual kodeksga kiritilishi kutilayotgan tergov sudyasi lavozimi joriy etilishi bilan bogʻliq oʻzgartish va qoʻshimchalar mazmunan boshqa protsessual normalarga nomutanosib boʻlmasligini, yangi normalar qoʻllanilishi barcha protsess ishtirokchilari uchun qulay va samarali boʻlishini taʼminlash maqsadga muvofiq.
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytganda, milliy qonunchiligimizda “Habeas corpus” institutining kengaytirilishi jinoyat ishlarini yuritish jarayonida sud nazoratining kuchaytirilishiga, shuningdek shaxs huquqlari himoya qilinishining ishonchli kafolatlarini yaratilishiga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi boshligʻi,
yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD), dotsent
R.A. Xatamov