O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “BRIKS plyus” formatidagi sammitda so‘zlagan nutqi
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti hurmatli Vladimir Vladimirovich Putin Janoblariga an’anaviy samimiy qabul va Sharq va G‘arb madaniyatlari uyg‘unlashgan va ming yillik tarixga ega bo‘lgan qadimiy Qozon shahrida tadbirimizni yuksak darajada tashkil etgani uchun bildirilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.
Hurmatli hamkasblarimning nutqlari global rivojlanishning dolzarb masalalarida keng muloqot va ochiq muhokamalar uchun “BRIKS plyus” formatidagi uchrashuvlar muhim ekanini tasdiqlamoqda.
Afsuski, bugungi kunda dunyo jadal bo‘linib bormoqda. Insonlarga ulkan azob-uqubatlar, og‘ir iztirob va o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan yo‘qotishlar keltirayotgan urush va mojarolar soni ortmoqda.
Jahon iqtisodiyoti va savdosining parchalanib borayotgani tengsizlik, texnologik uzilishlar va proteksionizmni kuchaytirmoqda. Mamlakatlar o‘rtasida yangi to‘siqlar vujudga kelmoqda.
Bunday sharoitda teng huquqlilik, bloklardan xolilik, bir-birining manfaatlarini hisobga olish, suverenitetga hurmat va o‘zining mustaqil taraqqiyot yo‘liga ega bo‘lish huquqi kabi tamoyillarga asoslanib harakat qilayotgan BRIKS o‘zini ko‘p tomonlama hamkorlik va sheriklikning nufuzli va rivojlanib borayotgan tuzilmasi sifatida namoyon etmoqda.
O‘zaro aloqalarning bunday modeli Birlashgan Millatlar Tashkilotining markaziy rolini saqlagan holda jahon tartibotining bugungidan ko‘ra adolatliroq yangi arxitekturasini shakllantirish uchun mustahkam asos bo‘lishi mumkinligiga ishonamiz.
Geosiyosiy raqobat, milliy egoizm va mafkuraviy qoliplardan xoli bo‘lgan, konstruktiv muloqot yo‘li bilan global murosaga erishish bo‘yicha yangragan da’vatlarni qo‘llab-quvvatlayman.
Jahondagi boshqaruv institutlarini isloh qilish hamda “Janub – Janub” va “Shimol – Janub” formatlaridagi mas’uliyatli muloqotlarni kengaytirishning vaqti keldi, deb hisoblaymiz.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Rossiyaning BRIKSga samarali raisligi davrida O‘zbekiston ushbu tuzilmaning Yoshlar sammiti va Sport o‘yinlarida, yuridik va parlament forumlarida, xavfsizlik sohasidagi yuqori darajadagi uchrashuvda va boshqa tadbirlarda faol ishtirok etdi.
Biz bundan buyon ham BRIKS davlatlari bilan sheriklik aloqalarini faol rivojlantirish niyatidamiz. Ushbu birlashma doirasida ochilayotgan yangi imkoniyatlardan samarali foydalanamiz.
BRIKS mamlakatlarining global tengsizlik va iqtisodiyotni inklyuziv yo‘l bilan qayta tiklash muammolarini hal etish maqsadida hamkorlikni rivojlantirish borasidagi fundamental sodiqligiga qo‘shilamiz.
Bu o‘rinda gap, eng avvalo, rivojlanayotgan mamlakatlarning o‘tkir ijtimoiy va ekologik tahdidlarni hal etish, kambag‘allik darajasini kamaytirish, texnologik tavofutlarni qisqartirish va infratuzilmani modernizatsiya qilishga qaratilgan milliy taraqqiyot dasturlarini faol qo‘llab-quvvatlash haqida bormoqda. Bunda ko‘p tomonlama moliya institutlari muhim o‘rin tutishi mumkin va shart. O‘zbekiston ustuvor investitsiyaviy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun BRIKSning yangi Taraqqiyot banki bilan yaqin hamkorlik o‘rnatishni rejalashtirgan.
Biz, shuningdek, innovatsiya, raqamli iqtisodiyot, “yashil” taraqqiyot va energetika, to‘siqlarsiz elektron tijorat kabi sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdormiz.
BRIKS sun’iy intellekt bo‘yicha Tadqiqot guruhining sohadagi ehtimoliy xavflarning oldini olish va boshqaruvning yagona standartlarini ishlab chiqishga oid hamkorlikdagi qo‘shma loyihalarida ishtirok etishni mo‘ljallamoqdamiz.
BRIKSning BMTning Sanoatning rivojlanishi bo‘yicha tashkiloti (YUNIDO) huzurida tashkil etilayotgan Kompetensiyalar markaziga, shuningdek, taklif etilayotgan Investitsiya platformasiga qo‘shilishga tayyormiz.
BRIKSdagi sheriklarimiz bilan birgalikda transport sohasidagi bog‘liqlikni kuchaytirish, yangi transkontinental yo‘laklarni yaratish, yetkazib berishning ishonchli logistika zanjirlarini shakllantirish, kabotaj tashuvlar tizimini rivojlantirish borasida yaqindan ish olib borish niyatidamiz.
Shuningdek, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini bartaraf etish, sog‘liqni saqlash masalalari ham bizning e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Tashkilot doirasida ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Barcha manfaatdor mamlakatlarga BRIKSning Ishbilarmonlar kengashiga qo‘shilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etamiz.
Hurmatli hamkasblar!
BRIKS makonida xalqaro terrorizm bilan bog‘liq xavf va tahdidlarga qarshi kurashish masalalari, hech shubhasiz, sherikligimizning ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi.
Radikallashuv va ekstremistik g‘oyalarning, avvalo, yoshlar o‘rtasida tarqalishining oldini olishga alohida e’tibor qaratishimiz zarur.
Yaqin Sharqdagi tobora keskinlashib borayotgan mojaro bizni ham tashvishga solmoqda. Bu mintaqa qo‘shni mamlakatlar va yirik davlatlarning bu mojaroga tortilishi bilan global inqirozning yirik o‘chog‘iga aylanib bormoqda.
Biz G‘azo va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojiani qalbimizdagi og‘riq hissi bilan qabul qilyapmiz. Tinch aholi, ayniqsa, bolalarning begunoh qurbon bo‘lishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmaydi.
Bugungi kunda o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish va jabrlanganlarga shoshilinch yordam ko‘rsatish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardir. Isroil-Falastin muammosining yagona yechimi – “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘lib qolmoqda, deb hisoblaymiz.
Global va mintaqaviy xavfsizlik haqida gapirganda, Afg‘oniston muammosini chetlab o‘tish mumkin emas. Bizning umumiy vazifamiz – ushbu mamlakatni yakkalash emas, balki Afg‘oniston xalqiga va uning amaldagi hokimiyatiga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, tinch qurilish va taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishda yordam ko‘rsatishdir.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
O‘zbekiston barqaror taraqqiyotning umumiy maqsadlariga erishish uchun BRIKS mamlakatlari bilan yaqin va o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyor.
E’tiboringiz uchun rahmat.