Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish: Yangi Oʻzbekiston tajribasi
Bugungi kunda dunyoda sodir boʻlayotgan chuqur siyosiy va iqtisodiy ziddiyatlar davrida Yangi Oʻzbekistonda tinch va farovon hayotni taʼminlash, inson shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilangan.
Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti faoliyatida faol ishtirok etib, jahon hamjamiyati uchun umumiy muammolarni muloqot va hamkorlik, madaniy-sivilizatsiyaviy, millatlararo va dinlararo oʻzaro hamkorlik orqali hal etishga intiladi. Mamlakatimiz xalqaro tashkilotlar doirasida xalqaro normalarni yaratish jarayonida faol ishtirok etmoqda. Xususan, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 10 ta maxsus rezolyutsiya qabul qilindi.
Xalqaro maydondagi faol ishtiroki mamlakatning ilk bor tarixda BMTning Inson huquqlari boʻyicha Kengashiga aʼzo boʻlib saylanishiga hissa qoʻshdi. Ushbu Kengash doirasida Oʻzbekiston tashabbusi bilan “COVID-19 pandemiyasining yoshlar huquqlariga taʼsiri” (2021-yil oktyabr), “Yoshlar va inson huquqlari” (2022-yil oktyabr) hamda “Har bir bolaga tinchlik va bagʻrikenglik ruhida sifatli taʼlimni taʼminlash” (2023-yil oktyabr) rezolyutsiyalari qabul qilindi.
Oʻzbekiston ilk marta BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (ECOSOC) hamda Xalqaro mehnat tashkiloti Maʼmuriy kengashi aʼzoligiga saylandi. Shuningdek, Oʻzbekiston vakili ilk bor BMT Inson huquqlari qoʻmitasiga aʼzo boʻldi.
Yurtimizda hamkorlikda oziq-ovqat xavfsizligi, turizmni rivojlantirish, qashshoqlikka qarshi kurash va iqlim oʻzgarishi, inson huquqlarini himoya qilish masalalariga bagʻishlangan yirik xalqaro tadbirlar oʻtkazilmoqda. Xususan, 2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasini Samarqand shahrida oʻtkazish rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston BMT tuzilmalari, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilish masalalari boʻyicha ham faol hamkorlik qilmoqda.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda inson huquqlari sohasidagi islohotlar va vaziyat bilan tanishish uchun BMT Bosh kotibi A. Gutterish, BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari F. Tyurk, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Bosh direktori J.Ungbo, Yevropa Ittifoqinin inson huquqlari boʻyicha maxsus vakili E.Gilmor, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi direktori M. Mekachchi tashrif buyurdi.
Oʻzbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan shartnomalarning bajarilishi boʻyicha BMTning ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalariga oʻz vaqtida milliy maʼruzalarini taqdim etib kelinmoqda. 2023-yil davomida inson huquqlari boʻyicha xalqaro shartnomalarning bajarilishi yuzasidan BMTning shartnomaviy qoʻmitalariga Oʻzbekiston Respublikasining quyidagi milliy maʼruzalari taqdim etildi:
- Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish boʻyicha birlamchi milliy maʼruzasi;
- Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashga qarshi konvensiya bajarilishi boʻyicha Oltinchi milliy maʼruzasi;
- Universal davriy hisobot boʻyicha Toʻrtinchi milliy maʼruzasi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va XMT oʻrtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. XMT mamlakatimiz tajribasini xalqaro miqyosda oʻrganish va qoʻllash uchun muvaffaqiyatli model sifatida koʻrmoqda. Tashkilot koʻmagida Oʻzbekistonda mehnat sohasida 40 dan ortiq normativ hujjat qabul qilindi, 22 ta xalqaro konvensiya ratifikatsiya qilindi. Ijtimoiy adolat tamoyillarini ilgari surish boʻyicha, shu jumladan, “Ijtimoiy adolat global koalitsiyasi” doirasida qoʻshma chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Oʻzbekistonning suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligiga oid tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan holat belgilab qoʻyildi. Ijtimoiy adolat va hamjihatlik tamoyillari joriy qilindi, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish uchun butunlay yangi mexanizmlar mustahkamlandi. Agar dunyo mamlakatlari konstitutsiyalarida insonning 110 dan ortiq huquqi qayd etilganini hisobga oladigan boʻlsak, hozirgi kunda bu huquqlarning 90 tasi mamlakatimizning yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mavjud boʻlib, ulardan 40 tasi yangi konstitutsiyaviy huquqlardir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 25-moddasida rasman “oʻlim jazosi taqiqlanadi” deb aniq belgilanib, shu bilan Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktning Ikkinchi fakultativ bayonnomasining talablari amalga oshirildi.
Birinchi marta qulay atrof-muhit huquqi konstitutsiyaviy darajada taʼminlandi. 2018 yilda mamlakatimiz Parij kelishuviga qoʻshildi. Ekologik muammolarni hal qilish uchun bir qator dasturiy hujjatlar, jumladan Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilgacha “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi, 2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi va 2019-2028-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlash strategiyasi qabul qilindi. Shuningdek, iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq muammolarni samarali hal etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Iqlim kengashini tashkil etilishi belgilandi.
Uy-joy huquqining konstitutsiyaviy kafolatlarini mustahkamlash maqsadida “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu qonun 10 milliondan ortiq insonning muammolarini hal qilishga yordam beradi va mulk huquqini taʼminlash uchun huquqiy asos yaratadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 55-moddasida “Har kim oʻz huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli” ekanligi belgilangan. Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Konstitutsiya, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib boʻlingan boʻlsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat qilish huquqini beradi.
Inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarning rolini oshirish, xususan, Konstitutsiyaning 56-moddasida inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar toʻgʻrisidagi qoidalarning mustahkamlanishi muhim demokratik qadamdir. “Bolalar ombudsmani toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Hozirda parlament tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) toʻgʻrisida”gi yangi qonun loyihasi koʻrib chiqilmoqda.
Fuqarolarning bepul yuridik yordam olish huquqi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlangan. Qonunda kam taʼminlangan shaxslarga, ruhiy holati buzilgan jismoniy shaxslarga psixiatriya yordami koʻrsatilayotganda, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi toʻgʻrisidagi ishlarni sudlarda koʻrish chogʻida davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatiladi.
Inson huquqlari boʻyicha Milliy strategiyasi izchil amalga oshirilmoqda. Mamlakatda gender tenglikni, soʻz erkinligini, din erkinligini, qiynoqlarga qarshi kurashishni taʼminlash boʻyicha aniq choralar qabul qilinmoqda. Ayniqsa, ayollarning huquqlarini himoya qilishga, ularga nisbatan har qanday stereotiplar va zoʻravonliklarga barham berishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Qiynoqlar va zoʻravonlikning boshqa turlari konstitutsiyaviy darajada taqiqlangan. Konstitutsiyaning 26-moddasida qiynoqlar, zoʻravonlik va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazolar taqiqlangan. Nelson Mandela qoidalari qonunchilik va amaliyotga tatbiq etilgan.
Shuni taʼkidlash mumkinki, Oʻzbekiston inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotiga doimiy ravishda tatbiq etib kelmoqda. Normativ-huquqiy hujjatlarni va ularning loyihalarining gender, inson huquqlari va korrupsiyaga qarshi ekspertizasi amalga oshirilmoqda. Inson huquqlari sohasida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi boʻyicha Parlament komissiyasi faoliyat yuritmoqda.
2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani ratifikatsiya qildi, uning qoidalari “Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida”gi yangi qonunda oʻz aksini topgan. Mamlakatda nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratilib, ularning jamiyatga integratsiyalashuvi, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotda faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Oʻzbekiston davlat siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri bu bagʻrikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish hamda jamiyatda millatlararo, dinlararo totuvlikni mustahkamlashdir. Xususan, Konstitutsiyaning 19-moddasi asosida Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolarning bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlishi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengligi kafolatlanadi.
Mamlakatda millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosati Konsepsiyasi amalga oshirilmoqda. Dunyoda Xalqaro doʻstlik kuni deb qabul qilingan 30-iyul sanasini mamlakatimizda Xalqlar doʻstligi kuni deb eʼlon qilingan va oʻziga xos bayram sifatida keng nishonlashni anʼanaga aylantirilgan. Bugungi kunda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari tinch-totuv, ahil-inoq, hamjihat boʻlib yashamoqda. 157 ta milliy madaniy markaz va 38 ta doʻstlik jamiyati faoliyat koʻrsatmoqda. Mamlakatimizdagi taʼlim muassasalarida oʻquv-tarbiya jarayonlari oʻzbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, qirgʻiz va turkman tillarida olib borilmoqda, maktab oʻquvchilari davlat hisobidan darsliklar va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlanadi. Oʻzbekistonda 12 tilda televideniye va radio dasturlari efirga uzatiladi, 10 dan ortiq tilda gazeta va jurnallar nashr etiladi.
Yurtimizda inson huquqlarini himoya qilish va taʼlimi samaradorligini oshirish, shuningdek, BMTning inson huquqlari boʻyicha Jahon dasturining toʻrtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni bajarish boʻyicha faol ishlarni davom ettirmoqda. Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari boʻyicha taʼlim milliy dasturi amalga oshirilmoqda. Kasb-hunar va oliy taʼlim tizimida “inson huquqlari”, “ayollar huquqlari”, “bolalar huquqlari” oʻquv kurslari joriy etilmoqda. Inson huquqlari boʻyicha qoʻllanma va risolalar doimiy ravishda nashr etilib, inson huquqlari boʻyicha taʼlim uchun elektron platforma ishga tushirildi.
Xozirgi davrda inson huquqlarini hurmat qilishni taʼminlashda biznes tuzilmalari bilan tajriba almashish va muloqotni yoʻlga qoʻyish masalalari dolzarb ahamiyatga ega. Mamlakatda Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili (Biznes Ombudsman) ushbu yoʻnalishda faoliyat koʻrsatmoqda. Shu bilan birgalikda har yili 20-avgust Tadbirkorlar kuni oʻtkazilib, biznes vakillari bilan doimiy muloqot tashkil etilmoqda. Parlament tomonidan Tadbirkorlik kodeksi qabul qilinmoqda. “Biznes va inson huquqlari” milliy harakatlar rejasini qabul qilish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
BMT Bosh kotibining “Inson huquqlari yoʻlida harakatga daʼvat” tashabbusini qoʻllab-quvvatlash, fuqarolarning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi tamoyillari va normalari toʻgʻrisidagi bilimlarini oshiri maqsadida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi tadbirlar dasturi qabul qilindi.
Joriy yilda Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisida Konvensiya qabul qilinganining 45 yilligini, Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi Konvensiya qabul qilinganining 40 yilligini va Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiya qabul qilinganining 35 yilligini nishonlash choralari koʻrilmoqda.
Joriy yil iyun oyida Samarqand shahrida “Ekologik tahdidlar: oʻzgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli va barqaror yechimlarni izlash” mavzusidagi inson huquqlari boʻyicha toʻrtinchi Forum oʻtkazildi. Qadimiy va hamisha navqiron shaharda anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan ushbu nufuzli tadbirga allaqachon Samarqand forumi nomi berilgan. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Forum ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigida 2018-yilda tashkil etilgan Inson huquqlari boʻyicha birinchi Osiyo forumi jahon amaliyotiga oʻziga xos “Samarqand ruhi”ni olib kirgani taʼkidlandi. Samarqand shahrida inson huquqlari sohasidagi eng dolzarb muammolarga bagʻishlangan forumlar oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylandi.
“Oʻzbekistan – 2030” strategiyasida BMTning barqaror rivojlanish maqsadlariga mos ravishda, qonun ustuvorligini taʼminlash va inson huquqlari hamda erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish, advokatura institutining mavqeini keskin oshirish, malakali huquqiy yordam koʻrsatish tizimini rivojlantirish va adliya tizimini takomillashtirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab qoʻyilgan.
Mazkur strategiya doirasida inson huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar qabul qilindi. Xususan, 2025-yil 1-yanvardan jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etiladi. Ushbu sudyaga “Xabeas korpus” instituti bilan bogʻliq bir qator vakolatlar berilmoqda, jumladan: qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash, ularning muddatini uzaytirish, murdani eksgumatsiya qilish, pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash, tintuv oʻtkazish, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish, mol-mulkni xatlash. Shuningdek, sudya ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish, tibbiy muassasaga joylashtirish, qamoqda saqlash muddatini qirq sakkiz soatgacha uzaytirish kabi majburlov choralarini ham amalga oshirishi mumkin.
Joriy yil oktyabrda Oʻzbekistonda parlament saylovlari Konstitutsiyada belgilangan yangi ijtimoiy-siyosiy muhitda oʻtkaziladi. Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga saylovlar tarixda birinchi marta aralash, yaʼni majoritar-proporsional tizim asosida oʻtkaziladi. Parlament quyi palatasi deputatlarining 75 nafari bir mandatli saylov okruglari boʻyicha majoritar tizim (nomzod uchun ovoz berish), qolgan 75 nafari proporsional tizim boʻyicha, yaʼni siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida (partiya roʻyxati asosida) saylanadi. Qonunchilikda belgilangandek, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka koʻrsatilgan nomzodlardan ayollar 40 foizdan kam boʻlmasligi shart.
Saylov yangilangan Konstitutsiya mustahkamlagan kuchli parlamentarizm va joylarda vakillik organlarining vakolatlari sezilarli darajada kuchaytirilgan sharoitda oʻtadi. Hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilishi bekor qilindi.
Saylov qonunchiligi demokratik standartlarga muvofiq toʻliq takomillashtirildi. Xususan, Markaziy saylov komissiyasi boshchiligida yangi saylov organlari tizimi joriy qilinadi. Shuningdek, deputatlikka nomzod saylanishi uchun saylovchilarning nisbiy koʻpchiligi ovozini olishi belgilandi. Unga koʻra, nomzod tegishli saylov okrugida boshqa nomzodlarga nisbatan koʻproq ovoz toʻplagan taqdirda deputat boʻlib saylanishi mumkin boʻladi va shu orqali takroriy ovoz berishni tashkil etish talab etilmaydi.
Saylov jarayonlarini oʻtkazishda “E-saylov” axborot tizimi faol qoʻllanilib, ushbu tizim orqali saylov komissiyalarining siyosiy partiyalar, nomzodlar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari bilan deyarli 60 turdagi munosabatlari toʻliq elektron tarzda amalga oshiriladi. Xususan, axborot tizimi saylovchilar va saylov uchastkalariga oid statistik maʼlumotlarni olish, barcha turdagi saylovlar boʻyicha deputatlikka nomzodlar haqida axborotga ega boʻlish, interaktiv xaritalarda deputatlikka nomzodlar va ularning tarjimayi holi bilan tanishish imkonini beradi.
Mirzatillo Tillabayev
Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi
direktorining birinchi oʻrinbosari,
yuridik fanlar doktori, professor