YANGI OʻZBEKISTON VA FUQAROLIK JAMIYATI: HOLATI VA ISTIQBOLLARI
Yangi Oʻzbekistonda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida keng koʻlamli va shiddatli islohotlar amalga oshirilmoqda.
2017-2024-yillarda fuqarolik jamiyati institutlarini bevosita qoʻllab-quvatlash va samaradorligini oshirishga qaratilgan 64 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun zarur huquqiy va institutsional baza yaratildi.
Bu borada Prezidentimiz, jumladan: “Fuqarolik jamiyati institutlarining erkin faoliyat yuritishi, davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratish, ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish eʼtiborimiz markazida boʻladi" deb alohida eʼtirof etdilar.
Yangi Oʻzbekiston va fuqarolik jamiyati:
konstitutsiyaviy-huquqiy va tashkiliy asoslari
Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini takomillashtirish maqsadida bir qator samarali aniq quyidagi ishlar amalga oshirildi.
Birinchidan yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida birinchi marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bagʻishlangan alohida bob kiritilib, uning XIII bobi “Fuqarolik jamiyati institutlari”, deb nomlandi. Jumladan 69-moddada “Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi” deb mustahkamlab qoʻyildi.
Eng asosiysi, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada milliy qonunchiligimizda birinchi marotaba fuqarolik jamiyati institutlarining tarkibi ochib berildi. Ushbu institutlar fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etishi mustahkamlandi. Bundan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining boshqa boblarning 5 ta moddasida fuqarolik jamiyati institutlarini manfaatlari himoya qilingan.
Ikkinchidan, Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba 2021–2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Konsepsiyaning asosiy ustuvor yoʻnalishlari etib:
- fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning huquqiy asoslarini izchil takomillashtirish;
- fuqarolik jamiyati institutlariga koʻmak berish hamda ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmini yanada takomillashtirish;
- davlat va jamiyat boshqaruvida fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
- davlat ijtimoiy loyihalarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish;
- fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash belgilandi.
Uchinchidan, Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlashning demokratik tashkiliy-huquqiy tizimi yaratildi. Xususan, Oliy Majlis hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlari huzurida Jamoat fondlari tuzildi. Jumladan, fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash uchun Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan soʻnggi yetti yilda 1 trln. 916 mlrd. soʻm ajratildi. Natijada 2 246 ta loyihalar qoʻllab-quvvatlandi. 2008-2016 yillarga solishtirganda 30 barobar koʻp. Keyingi 3 yilda hududiy Fondlar orqali 140 milliard soʻmlik 2120 ta loyiha amalga oshirildi.
Toʻrtinchidan, nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati, Karlar jamiyati, Koʻzi ojizlar jamiyati, Oʻzbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi, ularning 500 ga yaqin tizim tashkilotlari toʻliq davlat subsidiyalaridan foydalanmoqda.
Beshinchidan, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari doirasida har bir viloyatda “Doʻstlik va Nodavlat tashkilotlar uylari” tashkil etildi. Bu uylarda 350 ta NNT va milliy madaniy markazlar bepul joylashtirildi.
Oltinchidan, nodavlat tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish bojlari oʻrtacha ikki barobar pasaytirildi. Nogironlar, nuroniylar, xotin-qizlar, bolalar jamoat birlashmalarini esa bojdan toʻliq ozod etildi. Qayta roʻyxatdan oʻtish muddati bir oydan 15 kunga qisqartirdi.
Yettinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan oʻz tadbirlarini oʻtkazishda adliya organining ruxsatini olish talabi bekor qilinib, ularning faoliyat erkinligi yanada mustahkamlandi.
Sakkizichidan, tashqi manbalardan mablagʻ olish jarayoni osonlashtirildi. Maxsus hisob raqam ochish talabi bekor qilindi. Mablagʻ olish boʻyicha murojaatlarni koʻrib chiqish muddati 40 kundan 15 kunga qisqardi. Bundan tashqari adliya organi bilan kelishmasdan olinadigan mablagʻ miqdori 5 baravarga oshirildi. Natijada soʻnggi 7 yilda jalb etilgan xalqaro grantlar 125 mln dollardan oshdi.
Toʻqqizinchidan, nodavlat notijorat tashkiltlariga barcha davlat xizmatlari elektron tarzda koʻrsatilmoqda. Buning uchun alohida e-ngo.uz portali ishga tushirildi.
Oʻninchidan, fuqarolik jamiyati institutlari Yangi Oʻzbekistondagi keng koʻlamli va shiddatli islohotlarning bevosita ishtirokchisi va eng yaqin hamkoriga aylandi. “Vatandoshlar” jamoat fondi, “Hunarmand” uyushmasi, “Soglom avlod” fondi, Oʻzbekiston umumjaxon yoshlar assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston nogironlar jamiyati, “Progressiv islohotlar” markazi, Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, “Yuksalish” umummilliy harakati kabi eng faol nodavlat notijorat tashkilotlar bevosita ishtirok etmoqda.
Yangi Oʻzbekiston fuqarolik jamiyatlarining istiqbollari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-avgustida imzolangan “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-124-sonli Farmon yuqoridagi islohotlarning uzviy davomi boʻlib, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning shaffof va sogʻlom raqobat tamoyiliga asoslangan tizimini, shuningdek, ijtimoiy samarali dasturlar samaradorligini oshirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Farmon bilan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining bugungi bosqichida fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrnini oshirishga xizmat qiladigan sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning eng muhim oltita yoʻnalishi belgilab berildi:
birinchi yoʻnalish, Davlat va jamiyat hayotida fuqarolik jamiyati institutlari faolligini yanada oshirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, madaniy-maʼnaviy va gumanitar sohalarni rivojlantirishda ularning salohiyatidan toʻlaqonli foydalanish;
ikkinchi yoʻnalish, jamiyat manfaatlari va aholining haqiqiy ehtiyojlarini koʻzlagan, joylarda saqlanib qolayotgan dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbuslarni roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish;
uchinchi yoʻnalish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirish;
toʻrtinchi yoʻnalish, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishga koʻmaklashish yoʻlida taʼsirchan jamoatchilik nazorati olib borilishini ragʻbatlantirish;
beshinchi yoʻnalish, fuqarolik jamiyati institutlarining xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarini yoʻlga qoʻyish hamda ularning xorijdagi uyushmalari bilan hamkorligini mustahkamlash;
oltinchi yoʻnalish, fuqarolik jamiyati institutlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularga oʻz faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratish belgilandi.
Farmon bilan fuqarolik jamiyati institutlariga quyidagi ragʻbatlantirish va qulayliklar belgilangan:
Birinchidan, Parlament huzurida Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi va uning hududiy boʻlinmalari tashkil etilmoqda.
Endi, fondni boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasiga navbatma-navbat Senat va Qonunchilik palatasi vakillari raislik qilib boradi. Bu esa Fondni boshqarish samaradorligini oshiradi.
Ikkinchidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va mahalliy kengashlar huzurida “Fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat boʻlgan maslahat guruhlari” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Uchinchidan, Davlat organlariga fuqarolik jamiyati institutlarining tashabbusli ijtimoiy sheriklik loyihalarini bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravarigacha tanlovlarsiz moliyalashtirish huquqi berildi.
Toʻrtinchidan, Fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish maqsadida davlat organlari huzuridagi Jamoatchilik kengashlariga fuqarolik jamiyati instituti vakili raislik qilishi tartibiga oʻtiladi.
Beshinchidan, Davlat grantlari va ijtimoiy buyurtma loyihalarining ijtimoiy ahamiyatga molik ekanligi eʼtiborga olinib, bunday loyihalar doirasida daromad soligʻi va ijtimoiy soliq stavkalari 3 yil muddatga 50 foizga kamaytirildi. Tejalgan mablagʻlar loyiha maqsadiga yoʻnaltiriladi hamda ularning samaradorligi ortishiga xizmat qiladi.
Oltinchidan, Nogironlar, faxriylar, xotin-qizlar va bolalar tashkilotlarini tuzishni yanada yengillashtirish uchun 2025-yil 1-yanvardan boshlab shunday tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun davlat boji 2 baravarga kamaytirildi.
Yettinchidan, har yili dekabr oyining birinchi haftasida “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ni oʻtkazib boriladi. Uning doirasida Parlament komissiyasi tomonidan soha vakillari “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadi.
Sakkizinchidan, har ikki yilda Parlament fondi tomonidan taqdirlanadigan “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti taʼsis etiladi.
Toʻqqizichidan, Jurnalistlar oʻrtasida har yili anʼanaviy oʻtkazib kelinayotgan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini yoritish yoʻnalishida nominatsiya tashkil etiladi.
Fuqarolik jamiyati institutlarining
yagona elektron platformasi
Farmon ijrosi boʻyicha fuqarolik jamiyati institutlariga davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarini ajratish bilan bogʻliq barcha jarayonlarning shaffofligini taʼminlashga qaratilgan fuqarolik jamiyati institutlarining yagona elektron platformasi ishga tushirildi.
Yagona elektron platformaning ishga tushirilishi quyidagi natijalarni beradi:
Birinchi natija, fuqarolik jamiyati institutlarini va keng jamoatchilikni Oliy Majlis xuzuridagi fondi oʻtkazadigan tanlovlarning yoʻnalishlarini shakllantirishda bevosita ishtirok etadi.
Ikkinchi natija, tanlovlarning barcha bosqichlari, shu jumladan ariza berishdan tanlov natijasini eʼlon qilishgacha barchasi raqamlashtirilib, inson omili minimal darajaga tushiriladi.
Uchinchi natija, fuqarolik jamiyati institutlari ortiqcha qogʻozbozlikdan holi boʻladi;
Toʻrtinchi natija, monitoring qilish, shartnoma tuzish, xisobot topshirish elektron tarzda amalga oshiriladi.
Beshinchi natija, davlat organlarini ijtimoiy buyurtmasi elektron shakllarda shakllantiriladi.
Yagona elektron platforma tizim fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga olib chiqib, mazkur jarayonlarning ochiq va shaffofligini taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Prezidenti qayd etganidek, “Bugun Yangi Oʻzbekistonda keng koʻlamli islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Siyosatimizning markazida inson qadri va uning manfaatlarini taʼminlash eng ulugʻ maqsad va vazifa etib belgilangan. Taraqqiyot strategiyamizning asosiy mazmuni – qonun ustuvorligi va inson kapitalini rivojlantirish, adolatli va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishdan iboratdir.
Eng muhimi, Farmon fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi bevosita ishtiroki uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi. Xususan, ijtimoiy sheriklik institutini amalda rivojlantirish boʻyicha tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratadi, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish taʼsirchanligini oshiradi.
Shu nuqtayi nazardan Davlatimiz rahbarining quyidagi fikrlari davr talabiga aylandi, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi: “Bugun Yangi Oʻzbekistonda keng koʻlamli islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Siyosatimizning markazida inson qadri va uning manfaatlarini taʼminlash eng ulugʻ maqsad va vazifa etib belgilangan. Taraqqiyot strategiyamizning asosiy mazmuni – qonun ustuvorligi va inson kapitalini rivojlantirish, adolatli va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishdan iboratdir. Biz oʻz oldimizga yaqin kelajakda inklyuziv va barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, mamlakatimizda kambagʻallikni ikki barobarga qisqartirish kabi katta rejalarni qoʻyganmiz.”
Akmal Saidov
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikerining birinchi oʻrinbosari, akademik