Oʻzbekistan transport yoʻnalishida “berklikdan” chiqish yoʻlini taklif qilmoqda
Oʻzbekistonning ustuvor yoʻnalishlarida Markaziy Osiyo mintaqaviy transport tizimini rivojlantirish masalalari
Markaziy Osiyo mintaqasining ikki yirik muhim – “Shimol-Janub”
va “Sharq-Gʻarb” savdo yoʻllari chorrahasida joylashganligi mintaqaviy transport tizimining jozibadorligini oshishiga xizmat qiladi.
Davlatlararo nizolar va iqtisodiy sanksiyalar tufayli xalqaro transport koridorlarini diversifikatsiyalash bilan bogʻliq tendensiyalar ham mintaqa davlatlari uchun tranzit tashuvlari sohasida yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Xususan, Yevropa va Osiyo mamlakatlari oʻz yuklarini tarixdan keng foydalanib kelingan Buyuk Ipak yoʻllari orqali yuborishga harakat qilishmoqda. Voqealarning bunday rivoji toʻgʻridan-toʻgʻri dengiz portlariga chiqish imkoniyatiga ega boʻlmagan Markaziy Osiyo mintaqasi transport oqimi infratuzilmasini oʻzgarishiga olib kelmoqda.
Buning natijasida 2023-yilda Markaziy Osiyo yuk tashuvlari bozoridagi ijobiy tendensiyalarga erishildi va bu xalqaro tashuvlar tarmogʻida mintaqa davlatlarining tranzit ahamiyatini ortishi bilan bogʻliq.
Oʻz navbatida aytish joizki, transport yoʻnalishida “berk davlat” maqomi mintaqa davlatlarining iqtisodiyoti rivojiga jiddiy toʻsiq boʻlib qolmoqda. Ushbu masalada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻz nutqida Markaziy Osiyo davlatlarida yuklarni manzilga yetkazish uchun sarflanayotgan xarajatlar miqdori tovar yakuniy narxining 50 foizigacha boʻlgan qiymatini tashkil etayotganligini taʼkidlagan. Mazkur koʻrsatkich oʻrtacha dunyo koʻrsatkichiga nisbatan deyarli 5 barobar yuqori hisoblanadi. “Ayni vaqtda dunyodagi oʻrtacha koʻrsatkich 11 foizdan oshmaydi. Natijada bizlarning iqtisodiyotimiz rivojlangan davlatlardagidan koʻra 2-3-marta koʻp transport xarajatini koʻtarishga majbur boʻlmoqda”.
Yuqorida qayd etilgan salbiy holatlarni bartaraf etish, shuningdek mintaqa transport tizimi rivojiga taʼsir koʻrsatuvchi ijobiy omillardan maksimal darajada foydalanish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mintaqa transport oqimi yangi arxitekturasini shakllantirishga xizmat qiluvchi samarali tashabbuslar koʻrsatilib kelinmoqda. Sh.Mirziyoyev Markaziy Osiyoni global transport tizimiga yagona hudud sifatida integratsiya qilish zarurligini taʼkidlab kelmoqda. Muhim voqea sifatida uning 2017-yil sentyabr oyidagi BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqini keltirish mumkin. Xususan, Prezident Markaziy Osiyo mintaqasi Oʻzbekiston tashqi siyosatida ustuvor yoʻnalish ekanligini qayd etib, mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini tashkil etish taklifini ilgari surdi. Shundan beri Ostona, Toshkent, Bishkek, Avaz, Choʻlpon-Ota va Dushanbe shaharlarida 6 ta shu kabi yigʻilishlar oʻtkazildi.
2023-yil Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida, “Bizning mintaqamiz iqtisodiy oʻsish va investitsion faollik markazlaridan biriga aylanmoqda, Gʻarbni Sharq va Shimolni Janub bilan bogʻlaydigan transport xabi boʻlishdek tarixiy vazifani yana oʻz zimmasiga olmoqda” degan fikrlarni bildirgan edi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Prezidentining tashabbusi bilan 2018-yilda Toshkentda boʻlib oʻtgan xalqaro konferensiyada Markaziy Osiyo transport koridorlarining strategik istiqbollari muhokama qilindi.
2020-yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Oʻzbekiston Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan BMT shafeligida Markaziy Osiyoda Transport-kommunikatsiyaviy oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirish boʻyicha mintaqaviy markazni yaratish toʻgʻrisidagi tashabbus Oʻzbekiston Rahbariyatining mintaqaviy hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan siyosatining mantiqiy davomidir. Ushbu tashabbus 2021-yilning avgust oyida Turkmanistonda boʻlib oʻtgan maslahat kengashida maʼqullandi.
BMT shaʼfeligida bunday Markazning tashkil etilishi bir qator quyidagi vaziflarni hal qilishda yordam beradi: xalqaro transport koridorlaridan samarali foydalanish; yangi transport marshrutlarini rivojlantirish; ishonchli tranzit koridorlarini shakllantirish; Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro transport xizmatlari bozoridagi raqobatbardoshligini yaxshilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo-davlatlar rahbarlari Kengashi yigʻilishlari doirasida ham SHHT ishtirokchilarini transport sohasidagi harakatlarini uygʻunlashtirishga qaratilgan bir qator tashabbuslar ilgari surib kelmoqda. Jumladan, 2018-yil Sindao (Xitoy) shahrida oʻtkazilgan SHHT aʼzo-davlatlar rahbarlari Kengashi yigʻilishida SHHT Xalqaro transport-logistika assotsiatsiyasini tashkil qilish taklifi kiritildi. Bundan tashqari, Sindao deklaratsiyasi bilan SHHT
aʼzo-davlatlar temir yoʻl maʼmuriyati rahbarlarining birinchi yigʻilishini Oʻzbekistonda oʻtkazish taklifi maʼqullandi.
2019-yil Bishkekda boʻlib oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga
aʼzo-davlatlar rahbarlari Kengashi yigʻilishida Oʻzbekiston Prezidenti SHHTning Oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash va samarali transport yoʻlaklarini yaratish konsepsiyasini shakllantirish boʻyicha taklif bildirdi. Mazkur tashabbus 2022-yil Toshkentda oʻtkazilgan aʼzo-davlatlar rahbarlari Kengashi yigʻilishida qabul qilindi.
Davlat rahbarining tashabbuslari va takliflari Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo-davlatlar tomonidan ham ijobiy qabul qilinmoqda va qoʻllab-quvvatlanmoqda. Misol sifatida SHHT temir yoʻl maʼmuriyati hamkorligi Konsepsiyasining tasdiqlanganligini keltirish mumkin.
Yuqorida keltirilgan tashabbuslar va takliflarni Prezident tomonidan belgilangan Markaziy Osiyo transport tizimini rivojlantirish yoʻnalishidagi quyidagi milliy va mintaqaviy manfaatlarni amalga oshirish mexanizmi sifatida koʻrish mumkin:
- Markaziy Osiyoni yirik dengiz portlari hamda dunyo bozori bilan bogʻlashga xizmat qiluvchi transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish;
- Janubiy Osiyoga chiquvchi transafgʻon koridori (“Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston”) loyihasini rivojlantirish, hamda “Oʻzbekiston – Qirgʻiziston – Xitoy” temir yoʻlini qurib ishga tushirish; mazkur koridorlarni oʻzaro integratsiya qilish orqali yirik bozorlarni qisqa msofada Markaziy Osiyo orqali bogʻlash;
- mamlakat tranzit salohiyatini va milliy iqtisodiyotda transport tizimi ulushini yanada oshirish.
Mazkur manfaatlarni amalga oshirish uchun strategik ahamiyatga ega hujjatlarda koʻplab maqsadli koʻrsatkichlar belgilangan, jumladan «Oʻzbekiston-2030» Strategiyasi, «Oʻzbekiston Respublikasi transport tizimini 2035-yilgacha rivojlantirish Strategiyasi (loyiha)», shuningdek
«2030-yilgacha transport Strategiyasi» (MOMIH doirasida qabul qilingan).
Strategik hujjatlarga muvofiq, asosiy ustuvorlik berilayotgan jihatlardan biri bu – janubiy yoʻnalish hisoblanadi. Oʻzbekiston Prezidenti mazkur yoʻnalishdagi yuklarni tashish vaqtini hamda harajatlarini kamaytirish imkoniyati yuqori boʻlgan “Termiz – Mazari-Sharif – Qobul – Peshavor” temir yoʻlini qurish taklifini ilgari surdi.
2023-yilning iyul oyida Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Pokiston tomonidan Transafgʻon koridorini qurish toʻgʻrisidagi kelishuv imzolandi. Rasmiy manbalarning taʼkidlashicha, ushbu koridor dengiz yoʻllariga olib chiquvchi eng qisqa va arzon yoʻlak boʻlishi kutilmoqda. Toshkent uchun mazkur koridor nafaqat iqtisodiy, balki geoiqtisodiy imkoniyatlarni ham yaratadi. Birinchidan, Termizdan Peshavorgacha boʻlgan ushbu marshrut shiddat bilan rivojlanayotgan Janubiy Osiyo davlatlari bilan ishonchli munosabatlarni mustahkamlash imkoniyatini beradi va bu orqali savdo aloqalari rivojlanadi, transport xizmatlari eksporti ortadi. Ikkinchidan, ushbu koridor dunyoning yirik mamlakatlari va katta bozorlarni bogʻlashda koʻprik vazifasini bajaradi.
Bundan tashqari, ushbu yoʻnalish xalqaro transport tizimini mustahkamlashda katta ahamiyat kasb etib, Yevropa Ittifoqi, Rossiya, Qozogʻiston, Xitoy, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Afgʻoniston, Pokiston, Xindiston, Eron, Turkiya va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarini oʻzaro bogʻlaydi.
Jumladan, 2022-yil noyabr oyida Oʻzbekiston “Belarussiya – Rossiya – Qozogʻiston – Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston” xalqaro transport koridorini yaratish taklifini ilgari surdi va 2023-yilda uni amalga oshirish boʻyicha memorandum imzolandi. Ekspertlarning baholariga koʻra, yangi 5532 kmlik mazkur transport yoʻnalishi masofani 20 kunda bosib oʻtish imkonini beradi.
Mintaqa davlatlari transport salohiyatini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan tarmoq vazirlari yigʻilishi doirasida Markaziy Osiyoda transport va tranzit toʻgʻrisida Kelishuv ishlab chiqilishi
va unda:
- Xitoy, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq, Yevropa Ittifoqi bozorlariga olib chiquvchi hamda biznes uchun qulay boʻlgan va uygʻunlashgan tariflarga ega samarali transport koridorlarini qurishning aniq mexanizmlarini shakllantirish;
- transport xizmatlari bozorini liberallashtirish, tashish ruxsatnomalari bilan bogʻliq protseduralarni optimallashtirish, xalqaro tashuvlarning integratsiyalashgan raqamli platformasini yaratish masalasini oʻrganish boʻyicha choralar Dasturini ishlab chiqish masalalari boʻyicha takliflar kiritildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston tranzit salohiyatini mustahkamlash maqsadida dunyo bozorlariga olib chiqish imkoniyatini beruvchi muhim hamkor davlatlar bilan aloqalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Jumladan, “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish ishlari boshlandi. Mazkur yoʻlakni “Sharq-Gʻarb” va “Shimol-Janub” loyihasi doirasida Markaziy Osiyoning geografik jihatdan yopiq davlatlarini xalqaro dengiz portlariga olib chiquvchi mintaqaviy transport tarmogʻining eng muhim boʻgʻini boʻlib qoladigan istiqbolli koridor sifatida eʼtirof etilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligining davtlabki prognoziga koʻra, mazkur koridorning ishga tushirilishi Sharqiy Osiyodan Yaqin Sharq
va Janubiy Yevropagacha boʻlgan masofani 900 kmga, yetkazib berish muddatini
7-8 sutkaga qisqartiradi.
Oʻzining rivojlangan transport infratuzilmasiga ega anʼanaviy yoʻlaklar ham ustuvor yoʻnalish sifatida saqlanib qolmoqda. Jumladan, Markaziy Osiyoni Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo, Kavkaz va Yevropa bilan bogʻlashda Eron muhim rol oʻynaydi. 2000-yillarda munosabatlarda pasayish kuzatilgan boʻlsa, 2017-yildan soʻng oʻzbek-eron hamkorligida, xususan qoʻshma korxonalar sonining ortishida va oʻzaro savdo aylanmasi hajmining ortishida ijobiy tendensiyalar kuzatilmoqda. Eronning Choxbaxor porti orqali Xindiston tomonidan boshqariladigan yangi logistika markazidan Oʻzbekiston ham foydalanish huquqiga ega boʻldi va u yerda nafaqat Eron bilan, balki Xindiston bilan ham savdoni yaxshilashga xizmat qiluvchi dengiz terminali hamda logistika markazini tashkil qilishni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, Toshkent Eron va Turkmaniston orqali tranzit tashuvlarni amalga oshirib keladi. Mazkur yoʻnalishda yangi “Turkiya – Eron – Turkmaniston – Oʻzbekiston» temir yoʻlini qurish istiqbolli koridorlardan hisoblanib, “Osiyo Tinch okeani mamlakatlari – Yevropa” xalqaro multimodal koridori bilan integratsiyalashdi va transkaspiy tashuvlariga muqobil sifatida eʼtirof etilmoqda.
Umuman, Oʻzbekistonning ustuvor yoʻnalishlarida mintaqa transport rivojlantirish alohida oʻringa ega va mazkur sohada oʻz oldiga katta marralarni qoʻygan. Jahon bankining prognozlariga koʻra, Oʻzbekistonning tranzit yuk oʻtkazish salohiyati 2030-yilga borib 4,4 barobarga ortadi, transport sohasiga kiritilayotgan investitsiya hajmi 46,7 milliard dollarni tashkil etadi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, Markaziy Osiyo transport koridoralarini rivojlantirish borasidagi islohotlar va tashabbuslar mintaqada zamonaviy va samarali transport tizimini yaratishga qaratilgan boʻlib, mazkur tizim mintaqa davlatlarining iqtisodiy integratsiyalashuviga, xizmatlar va tovarlar raqobatbardoshligini va aholi farovonligini ortishiga olib keladi.
A.A. Zoxidov,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor