“Tashabbus byudjeti”: Fuqarolik tashabbuslari moliyani qanday oʻzgartirmoqda
Oʻzbekistonda moliya, bank, soliq tizimidagi islohotlar jadal surʼatlarda olib borilmoqda. Bugungi kunda byudjet-soliq siyosati borasida izchillik bilan olib borilayotgan islohotlar markazida byudjet daromadlari va xarajatlarining samaradorligini oshirish muhim vazifa hisoblanadi. Buning asosiy sababi, iqtisodiyotni erkinlashtirish va islohotlarni chuqurlashtirish doimiy ravishda byudjet-soliq tizimini ham takomillashtirishni taqozo etadi.
Mahalliy byudjetlardan xarajatlarni moliyalashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini aniqlash mahalliy ijroiya va vakillik organlari oldida turgan eng muhim vazifalardan biridir. Odatda, ushbu masalalar bilan byudjet jarayonida ishtirok etuvchi turli vakolatli organlar shugʻullanadilar. Ammo mahalliy ijroiya va vakillik organlari eʼtiboridan chetda qoladigan muammolar ham mavjud.
Maʼlumki, fuqarolar oʻz yashash joylari (mahalla, tuman, shahar)dagi turli ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini yaxshi bilishadi va ular tomonidan taklif etilgan loyihalar aksariyat hollarda asosli hisoblanadi. Chunki maʼlum bir joyda uzoq vaqt yashayotgan fuqarogina birinchi navbatda qanday masalalarni hal qilish kerakligini koʻrsata oladi.
“Tashabbusli byudjet” jarayonlarini joriy etgan har bir davlatning oʻziga xos modellari mavjuddir. Bunda, mazkur davlatning qabul qilgan normativ-huquqiy va tegishli qonun hujjatlari dasturulamal vazifasini bajaradi.
Tashabbusli byudjetlashtirish bu – fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflarga asosan, ularni tashabbuslarini hisobga olgan holda byudjet mablagʻlarining bir qismini taqsimlash va ushbu taqsimlangan mablagʻlarni fuqarolar tomonidan ilgari surilgan (ijtimoiy ahamiyatga ega) tegishli takliflarga yoʻnaltirish, yaʼni moliyalashtirish amaliyotidir.
Yurtimizda soʻnggi yillarda aholi turmush darajasini yaxshilash
va fuqarolarni qiynab kelayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammo hamda kamchiliklarni hal etish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Joylarda infratuzilmalarni yaxshilash hamda tizimli muammoga aylanib ulgurgan ichimlik suvi taʼminoti, tabiiy gaz hamda taʼlim muassasalari binolari va yoʻllarni taʼmirlash singari muammolarni hal etish pirovard maqsadlardan hisoblanadi.
Mazkur jarayonlarda fuqarolarni jalb etish va byudjet mablagʻlari sarflanishida aholining oʻz fuqarolik pozitsiyalaridan toʻliq foydalangan holda oʻzlarini qiynab kelayotgan ijtimoiy muammolarning hal etilishida ishtirok etish mexanizmi tashkil etilganini kuzatish mumkin.
Fuqarolarning byudjet jarayonida ishtirok etishi shaffoflik
va ochiqlikni taʼminlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, bu orqali davlat organlari faoliyatining samaradorligini oshirish va korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
2019-yildan boshlab Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi koʻmagida jamoatchilik ixtiyoriga “Ochiq byudjet” axborot portali taqdim etildi va “Tashabbusli byudjet” jarayonlari oʻtkazilib kelinmoqda. 2021-yildan esa mazkur jarayonlar toʻliq takomillashgan holda yangilangan talqinda oʻtkazilib kelinmoqda.
ERISHILGAN NATIJALAR
Mamlakatimizda besh yildan buyon oʻtkazilib kelinayotgan “Tashabbusli byudjet” jarayonlari mazkur sohaning insonlar hayotidagi oʻrni qanchalik dolzarbligi va ushbu loyiha jamiyatimizdagi mavjud ijtimoiy muammolarni hal etishda muhim “dastak” sifatida xizmat qilishini yana bir bor isbotlab berdi.
2021-yil sarhisobi
2021-yilda oʻtkazilgan tashabbusli byudjetlashtirish jarayonida fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarda bayon etilgan oʻrinli va dolzarb muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, davlat byudjetini shakllantirish va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish loyihalarini ishlab chiqish jarayoniga aholini faol jalb etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–5250-sonli qarori qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil
13-apreldagi “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5072-sonli qaroriga asosan, “Ochiq byudjet” axborot portali 2021-yilning
1-iyulidan boshlab, respublikaning barcha tuman va shaharlarida jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish va moliyalashtirish boʻyicha toʻlaqonli ishga tushirilgan.
2021-yilda yangilangan talqinda oʻtkazilgan dastlabki “Tashabbusli byudjet” jarayoni uch bosqichda boʻlib oʻtib, “Ochiq byudjet” axborot portalida roʻyxatdan oʻtgan fuqarolar tomonidan jami 41 125 ta taklif bildirilgan.
Kelib tushgan takliflar tahliliga koʻra, fuqarolarni eng koʻp qiynab kelayotgan muammolar sifatida 13 853 ta (jami takliflarning 34 foizi) taklif ichki yoʻllarni taʼmirlash va tartibga keltirish bilan bogʻliqdir. Bildirilgan takliflar hududlar kesimida olinganda eng koʻp takliflar kelib tushgan hududlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi – 6 523 ta, Buxoro viloyati – 5 651 ta, Namangan viloyati – 4 414 tani tashkil etgan.
Kelib tushgan takliflardan 21 833 tasi (53 foiz) hududlarda tashkil etilgan ishchi komissiya tomonidan belgilangan mezonlarga muvofiq deb topilib, ovoz berish jarayoniga oʻtkazilgan. Ovoz berish jarayoni davomida mamlakatimiz boʻylab jami 1 149 ming nafar fuqaro oʻzlarini qiziqtirgan takliflarga ovoz berdi. Shundan Portalda roʻyxatdan oʻtgan holda 95,0 ming, SMS qisqa xabar orqali – 988,4 mingta hamda internet tarmogʻiga ulanish imkoniyatiga ega boʻlmagan fuqarolar uchun joriy etilgan oflayn tizim orqali – 65,9 ming ta ovoz kelib tushgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil
23-sentyabrdagi PQ–5250-son qaroriga koʻra, tuman (shahar) hokimliklari qoshida tashkil etilgan “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi”ga (Jamgʻarma) Respublika byudjetidan jami 117,4 mlrd soʻm mablagʻ quyidagilardan kelib chiqib yoʻnaltirilgan:
Jamgʻarmada 1 mlrd soʻmdan kam mablagʻ shakllangan tuman
va shaharlar uchun qoʻshimcha 57,9 mlrd soʻm;
“Ochiq byudjet” axborot portali orqali kelib tushgan takliflar soni 100 tadan ortiq boʻlgan tuman va shaharlarga qoʻshimcha 59,5 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan.
Yakuniy maʼlumotlarga koʻra, ovoz berish jarayoniga oʻtkazilgan jami 22 966 ta taklifdan 530, 5 mlrd soʻmlik 1 599 ta taklif
gʻolib deb topilgan.
2022-yil sarhisobi
2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 21-maqsadiga asosan, joriy yildan boshlab barcha tuman va shaharlar byudjetlarining 5 foiz qismini fuqarolar tashabbusi uchun yoʻnaltirilishi belgilangan. Ushbu maqsadlar uchun joriy yilda tuman va shahar byudjetlari hisobidan 1,5 trln soʻm hamda tuman va shahar byudjetlari qoʻshimcha mablagʻlarining kamida
30 foiz qismi hisobidan qariyb 400 mlrd soʻm yoʻnaltirildi.
Shuningdek, 2022-yilda oʻtkazilgan “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida respublika boʻylab fuqarolar tomonidan 131 mingdan ortiq loyihalar ilgari surildi. Kelib tushgan loyihalar saralash bosqichidan oʻtkazilib, jamoat manfaatlariga xizmat qiluvchi
77,9 mingta loyiha ovoz berish jarayonlariga oʻtkazildi. Ovoz berish jarayoniga oʻtkazilgan loyihalarni yoqlab fuqarolar tomonidan 14 milliondan ortiq ovozlar berildi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil
7-apreldagi “Tuman va shahar byudjetlari mablagʻlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirish jarayonlarida fuqarolarning ishtirokini yanada qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi
PQ–197-sonli qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-oktyabrdagi “Jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–409-sonli qarorlariga asosan, 2022-yilning ikkala mavsumi doirasida har biri 2 mingdan ortiq ovoz toʻplagan, lekin gʻolib deb topilmagan jami 503 ta loyiha ham qoʻshimcha ravishda gʻolib deb topilib,
420 mlrd soʻm mablagʻ ajratilib yil yakunlariga koʻra, jami gʻolib deb topilgan jami 4 136 ta loyiha uchun 2,5 trln soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan.
2023-yil sarhisobi
Joriy yilda oʻtkazilgan “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida respublika boʻylab fuqarolar tomonidan 105 mingdan ortiq loyiha ilgari surildi. Kelib tushgan loyihalar saralash bosqichidan oʻtkazilib, jamoat manfaatlariga xizmat qiluvchi 67,1 mingta loyiha ovoz berish jarayonlariga oʻtkazildi. Ovoz berish jarayoniga oʻtkazilgan loyihalarni yoqlab, fuqarolar tomonidan 34 milliondan ortiq ovozlar berildi.
Bunda, respublikamizdagi 9 444 ta mahalladan deyarli barcha mahallalar oʻz loyihalari bilan ishtirok etdi.
Gʻolib loyihalar sohalar kesimida tahlil qilinganda, 1 605 ta umumtaʼlim maktabini taʼmirlash va jihozlash tadbirlari, 1 076 ta ichki yoʻlni taʼmirlash loyihalari, 595 ta sogʻliqni saqlash muassasasini taʼmirlash va jihozlash, 184 ta maktabgacha taʼlim muassasasini taʼmirlash va jihozlash, 125 ta koʻcha chiroqlarini oʻrnatish yoki taʼmirlash, 63 ta ichimlik suvi va oqova tizimini yaxshilash tadbirlari gʻolib deb topilgan.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil
10-apreldagi “Tashabbusli byudjetlashtirish amaliyotini yanada takomillashtirish hamda faol mahallalarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–117-sonli qaroriga asosan, 2023-yilning fevral–aprel oylari davomida oʻtkazilgan “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida har biri 2 mingdan ortiq ovoz toʻplagan, lekin gʻolib deb topilmagan 1309 ta loyihani amalga oshirish uchun 1 311 mlrd soʻm mablagʻ ajratilib, yil yakunlariga koʻra, ikkala mavsum doirasida gʻolib deb topilgan jami 4 183 ta loyiha uchun 4,115 trln soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan.
Bugungi kunga kelib, mamlakatimizda fuqarolar manfaatlari uchun yaratilayotgan qulayliklar, ularning turmush tarzini yaxshilash bilan bogʻliq amaliyotlarga tatbiq etilayotgan ijobiy oʻzgarishlarni koʻpgina sohalarda koʻrishimiz mumkin. 2019-yildan buyon oʻtkazilib kelinayotgan “Tashabbusli byudjet” jarayoni ham shular jumlasidandir. Jarayonlardagi fuqarolarning ishtiroki tendensiyasi oʻsib borishi ham ushbu jarayonlarni fuqarolarning kundalik hayotida kundan kunga dolzarb tus olayotganini quyidagi infografikalar orqali ham koʻrishimiz mumkin.