O'zbekiston davlat simfonik orkestri Bangkok shahrida o'tkazilgan 26-xalqaro raqs va musiqa festivalida ishtirok etdi
BANGKOK, 8-oktabr. /"Dunyo" AA/. Tailand poytaxtida o'tkazilgan 26-xalqaro raqs va musiqa festivalida 86 nafar musiqachidan iborat O'zbekiston Davlat simfonik orkestr konserti tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
1999-yildan buyon o'tkazilayotgan xalqaro festivalning 25 yillik tarixida O'zbekiston orkestri ilk bor ushbu nufuzli tadbirda qatnashdi.
Tailand madaniyat markazida bo'lib o'tgan konsertda Tailand Adliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Amaliy san'at departamenti mas'ul xodimlari, diplomatik korpus vakillari, OAV va qo'shni davlatlar fuqarolari jami 2000 ga yaqin tomoshabin ishtirok etdi. Dirijyor Kamoliddin O'rinboyev boshchiligidagi orkestr musiqa ixlosmandlari tomonidan qizg'in kutib olindi va chiqishlari yakunida davomli olqishlar bilan yakunlandi.
O'zbekiston davlat simfonik orkestr Tailand yoshlari, jumladan, imkoniyati cheklangan yosh musiqachilar uchun mahorat darsi o'tkazib, jamiyatda musiqiy iste'dodni rivojlantirishga sodiqligini namoyish etdi.
Shuningdek, orkestr vakillari O'zbekistonning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasida Tailanddagi vatandoshlarimiz uchun tashkil etilgan madaniy tadbirda o'z chiqishlarini namoyish etishdi.
Madaniy aloqalarni mustahkamlash doirasida Bangkok xalqaro raqs va musiqa festivali raisi va asoschisi Djaspal Singx Uberoy O'zbekiston davlat simfonik orkestri sharafiga kechki ovqat marosimi tashkil etdi. Djaspal Singx Uberoy tomoshabinlar orkestr ijrosidan hayratda ekanligini yana bir bor bildirdi va uning juda yuksak qabul qilinganini ta'kidladi.
O'zbekiston Davlat simfonik orkestri sharafiga ularning festivalga qo'shgan hissasining ahamiyatini ta'kidlash maqsadida maxsus kitob-albom nashr etilib, barcha festival ishtirokchilariga tarqatildi.
Muvaffaqiyatli tashrif yakunida O'zbekiston Davlat simfonik orkestrining kelgusida Bangkok musiqa va raqs xalqaro festivali tadbirlarida ishtirok etishini ta'minlash bo'yicha kelishuvga erishildi.
Bangkok xalqaro raqs va musiqa festivali Tailand qirollik oilasi homiyligida, har yili sentyabr-oktyabr oylari davomida o'tkazib kelinadi. Bugungi kunda festival Osiyodagi eng yirik madaniy festivallardan hisoblanadi.
Joriy yil xalqaro festival doirasida Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSh, Xitoy, Italiya, Yaponiya, Isroil va Rossiya yetakchi ijodkorlari o'z chiqishlarini namoyish etdilar.