Bangkok shahrida Tailand, Laos va Kambodjadagi vatandoshlar ishtirokida madaniy-ma'rifiy tadbir o'tkazildi
BANGKOK, 7-oktabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Bosh konsulxonasida Tailand, Laos va Kambodja hududidagi vatandoshlar ishtirokida madaniy-ma'rifiy tadbir o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Bosh konsulxona tomonidan xorijdagi vatandoshlarimizga ularning millatidan qat'iy nazar barchamiz uchun O'zbekiston umumiy uyimiz, tariximiz va kelajagimizni birlashtirib turuvchi yagona Vatan ekanligi ta'kidlandi. Vatandoshlar dunyoning qayerida bo'lishidan qat'iy nazar o'z mehnatlari bilan O'zbekiston mustaqilligini yana-da mustahkamlashga, uning rivoji va taraqqiyotiga munosib hissalarini qo'shayotganlari bildirildi.
Mamlakatimiz rahbariyati tomonidan mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijdagi vatandoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, O'zbekistonning investitsiyaviy salohiyati va boshqa yo'nalishdagi o'zgarishlar to'g'risida aytib o'tildi.
Yig'ilganlarga 27-oktabr kuni o'tkaziladigan O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik jarayoni to'g'risida batafsil ma'lumot berildi. Jumladan, O'zbekiston parlament saylovlarida ovoz berish xorijdagi o'zbekistonliklar uchun yana-da osonlashgani, yangi "saylov.mfa.uz" sayti orqali ovoz berish uchun ro'yxatdan o'tish, saylov uchastkasini tanlash yoki almashtirish imkoniyati mavjudligi bildirildi. Bangkok shahridagi Bosh konsulxonada saylov uchastkasi tashkil qilingani va fuqarolarning siyosiy huquqlarini ta'minlash bo'yicha barcha sharoitlar yaratilgani qayd etildi.
Tadbir davomida O'zbekiston davlat simfonik orkestri jamoasi tomonidan taqdim etilgan madaniy dastur barchaga xush kayfiyat bag'ishladi.
Bayram ishtirokchilari uchun o'zbekona dasturxon yozilib, milliy taomlarimiz ham ulashildi.