Adabiy an’analari bardavom
Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida Alisher Navoiy haqida o‘n ikkita qimmatli ma’lumot berilgan. Samarqand taxtiga qayta o‘tirgan Boburga dovrug‘i olamga ketgan ulug‘ amir, mashhur shoirdan maktub kelishi va uning faxr bilan javob yo‘llashi to‘g‘risidagi beshinchi ma’lumotda o‘zaro adabiy aloqa-ta’sir hamda Alisher Navoiyning temuriylar davlatining kadrlar zaxirasi uchun tashabbus ko‘rsatib iste’dodli yoshlarni izlab topishi, homiylik qilishi, har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi kabi muhim masalalar qamrab olinadi.
Bu borada yetuk navoiyshunos Maqsud Shayxzodaning “Shundan ko‘riladiki, Navoiy o‘z umrining so‘nggi yilida g‘oyibona ravishda Boburni eshitib, unga qiziqadi va maktub bilan aloqa bog‘lash tashabbusini o‘zi boshlaydi. O‘n to‘qqiz yashar vodiylik yosh shoirning ko‘tarilayotgan yulduzini uzoq Hirotdan ko‘ra olgan Navoiy hamma genial shoirlarga o‘xshab bir ajoyib xususiyatga ega edi, u ham bo‘lsa haqiqiy talantni topa va ko‘ra bilishdir”, degan edi. Temuriylar Uyg‘onish davri taniqli davlat arbobining “Ul fursatlarda birar, ikkirar bayt aytur erdim. Vale g‘azal tugatmaydur erdim”, deb ilk ijod namunalarini yoza boshlagan Boburni tanib, unga katta umid bog‘lab maktub yo‘llashi kishida havas uyg‘otadi. Bobur Samarqand taxtida ikkinchi bor o‘tirganini shunday bayon etadi: “Bu ikkinchi navbat Samarqandni olg‘onda, Alisherbek tirik edi. Bir navbat menga kitobati ham kelib edi. Men ham bir kitobat yiborib edim, orqasida turkiy bayt aytib, bitib yiborib edim. Javob kelguncha tafriqa va g‘avg‘o bo‘ldi”.
Boburning Alisher Navoiy nomi bilan bog‘liq mazkur ma’lumotidagi “Men ham bir kitobat yiborib edim, orqasida turkiy bayt aytib, bitib yiborib edim”, degan xabari uning o‘ziga xos uslubini eslatadi. “Boburnoma”da bitilgan yana uchta lavhada u kimgadir yuborgan tuhfa yoki jo‘natmasining orqasiga manzil uchun yo‘llagan salomi, qutlug‘ duosi, ezgu tilagi, nek niyatini, do‘stona yoki diplomatik munosabatlarini, ginasini ham badiiy tarzda ifodalab ruboiy, qit’a yoki g‘azalidan bir bayt yozib yuborgani haqida bebaho tasvirlar uchraydi. Masalan, uning Fo‘lod (Po‘lod) Sultonga (Shayboniyxonning nevarasi, Temur Sultonning o‘g‘li. Bobur Qobulda mustaqil hukumat tuzib, taxtga o‘tirgach, u bilan o‘zaro elchilar almashib, diplomatik munosabatlarni yo‘lga qo‘ygan) bitib jo‘natgan bir qit’asining yozilish tarixi, hadya sifatida uning nomiga yuborilishi bilan bog‘liq diplomatik munosabat va adabiy aloqa ham aks etgan lavhaga diqqat qilsak: “Hofiz Jubayr kotibning og‘a-inisi Samarqanddin kelib edi, bu fursatta Samarqandg‘a ruxsat berib,
Fo‘lod Sultong‘a devonimni yibordim. Devon orqasida bugina qit’ani bitidim:
Ul sarvning harimig‘a gar yetsang, ey sabo,
Bergil bu hajr xastasidin yod ko‘nglig‘a.
Rahm aylabon sog‘inmadi Boburni bor umid,
Solg‘ay Xudoy rahmni Fo‘lod ko‘nglig‘a”.
Qit’a tili sodda, tushunarli bo‘lib, yurt bilan bog‘liq sog‘inch, hijron, o‘kinch, diydor tuyg‘ulari va qaysidir ma’noda iltifotsizlik qilgan Po‘lod Sultondan ozgina gina qilish motivlari ham boburona uslubda poetik ifodalangan. Shuningdek, qit’ada mumtoz lirikaning an’anaviy ramziy obrazlaridan biri bo‘lgan sabo timsolidan unumli foydalangan va ey sabo, deya murojaat san’atining go‘zal namunasini ham yaratgan. Bobur lirikasida san’atkorlik bilan qo‘llagan sabo, yel, shabboda timsollari adabiyotshunosligimizda o‘rganib chiqilgan. Hajr, hijron, gina ruhiy kechinmalarini yoritishda shoir ko‘nglig‘a so‘zini ikki marta qo‘llab, takror san’atidan foydalangan. Qitaning ichki fonida esa mulk ishi bilan bog‘liq ijtimoiy fikr, ijtimoiy mavzu — elchilik, diplomatik munosabatlar ham poetik talqin qilingan. “Xudoyim, ko‘ngliga mehr sol”, degan duoga yo‘g‘rilgan mashhur xalq maqoli irsoli masal san’ati vositasida qit’ada ustalik bilan qo‘llangan. Bobur o‘zining va Po‘lod Sultonning ismini qo‘llab, talmeh san’atining ochiq hamda murakkab turlarini yaratgan.
Boburning adabiy an’analari bardavom ekanligini uni o‘zlariga ustoz sanagan Maxtumquli va Durdining san’atkorlik bilan bitgan “Savol va javob” aytishuvidagi diydor tuyg‘usining o‘zgacha tarovat, poetik ifoda bilan tarannum qilingani ham yaqqol isbotlaydi.
Maxtumquli — U nimadir yemadilar — to‘ydilar?
Durdi shoir — U diydordir — yemadilar, to‘ydilar.
“Xalq so‘zi” gazetasi, 14.02.2020