Ochiqlik va adolat – Yangi Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarning asosiy omili
Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar va oʻzgarishlar mamlakatning yangi taraqqiyot yoʻlini belgilab bermoqda. Bu jarayonda ochiqlik va adolat asosiy omillardan biri sifatida namoyon boʻlmoqda. Davlat boshqaruvida va jamiyatda shaffoflikni taʼminlash, axborotga erkin kirish imkoniyatini yaratish va fuqarolarning fikr-mulohazalarini inobatga olish ochiqlikning mavjudligidan dalolatdir.
Oʻzbekiston fuqarolari jamiyatning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasining shiddat bilan oʻzgarib, xalq hayotida yangicha munosabatlar, yangi imkoniyat va qadriyatlar shakllanayotganini hammadan ham koʻproq his etmoqda. Ayniqsa, “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “soʻz erkinligi”, “din va eʼtiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” singari fundamental demokratik tushunchalar va hayotiy koʻnikmalar hozirgi vaqtda real voqelikka aylanib borayotgani eʼtiborlidir.
Bir haqiqatni ochiq tan olish zarur: vaqt oʻtishi bilan islohot jarayonlari tobora kengayib bormoqda. Eng asosiysi, “Harakatda – barakat” deganlaridek, Oʻzbekiston eng qiyin bosqichdan oʻtdi, yaʼni, biz oʻz yoʻlimizni aniq belgilab, katta ishlarni boshladik. Hozirgi islohotlar yoʻlini qatʼiyat bilan davom ettirish va mantiqiy yakuniga yetkazish oʻta dolzarb masalalardan biridir. Bu albatta oson emas, ammo Yangi Oʻzbekiston bunga qodirdir. Muhimi, keyingi yillarda bunday ulkan va murakkab vazifani amalga oshirish uchun yetarli siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy-institutsional zamin yaratildi.
Oʻzbekistonda ochiqlikni taʼminlashda axborotga kirish imkoniyati, fuqarolarning ishtiroki, ochiq maʼlumotlar, adolat oʻta muhimdir. Sud-huquq islohotlarini amalga oshirishda, sud tizimini isloh qilish, sudyalarning mustaqilligini taʼminlash va sud jarayonlarini shaffof qilish ayni muddaodir. Sudlarning shaffofligi, ochiqligi fuqarolarning huquqlarini himoya qilishning yagona shartidir. Ijtimoiy adolatni taʼminlash hozirgi davrning muhim shartlaridan biri boʻlib, barcha fuqarolarning teng imkoniyatlarga ega boʻlishini taʼminlash, kam taʼminlangan aholi qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, jamiyatda tenglik va adolatni taʼminlashga yordam beradi.
Sohibqiron Amir Temur bobomizning Shahrisabzdagi Oqsaroy qarorgohi peshtoqiga bitilgan “Adolat – davlatning asosi va rahbarlar shioridir” degan hikmatli soʻzlarida juda chuqur purmaʼno hikmat bordir.
Barchaga ayonki, buyuk ajdodlarimiz azaldan “Zulm qilma, insofli boʻl, xalq uchun adolat qoʻrgʻonini bunyod et”, deb yosh avlodga yoʻl-yoʻriq koʻrsatganlar. Davlatimiz ham sud-huquq tizimini isloh etishda ana shunday sodda va hayotiy talablardan kelib chiqdi. Xususan, “Sudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik boʻlishi kerak” degan gʻoyani ilgari surildi va amalga oshirishni boshladi.
Hozirgi davrda Yangi Oʻzbekistonda Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligini taʼminlash, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini taʼminlash sud-huquq islohotlarining bosh mezoniga aylantirilmoqda. Ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash amaliyotini kamaytirish jarayonlarining yoʻlga qoʻyilishi belgilandi. Sudlar hamda tergov organlari faoliyatida ayrim protsessual harakatlarni masofadan turib amalga oshirish imkoniyatlarini kamida 2 barobarga oshirish koʻzda tutilgan.
Siyosiy-huquqiy nuqtayi nazardan davlatga “xalq xohish-irodasini ifoda etadigan organ” deb taʼrif beriladi. Davlatni Xalq va uning muxtor vakillari shakllantiradi. Binobarin, davlat va uning organlari avvalo xalqqa, turli mansab egalariga ovoz bergan va ishonch bildirgan fuqarolarga xizmat qilishi kerak.
Shu maʼnoda, xalqimiz davlat xizmatidan rozi boʻlishga har tomonlama haqli va munosibdir. Ana shunday tamoyillar asosiga qurilgan davlat hokimiyatigina tom maʼnoda xalqchil, demokratik hokimiyat hisoblanadi. Bunday davlat va jamiyatning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy-maʼrifiy ildizlari mustahkam va baquvvat boʻladi. Shu sababdan xalqning ogʻirini yengil qilish, uning muammolarini vaqtida va samarali yechish, odamlarning hayot darajasi va sifatini yaxshilashni barcha islohotlarning bosh maqsadi etib belgilandi.
“Oʻzbekiston-2030” strategiyasiga koʻra, quyidagilar belgilab qoʻyildi:
Davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini oʻrnatish hamda maʼmuriy adliya tizimini yanada rivojlantirish; maʼmuriy sudlarga bevosita murojaat qilishga toʻsqinlik qilayotgan omillarni toʻliq bartaraf etish; sudga qadar bosqichda nizolarni hal qilish samaradorligini 50 foizga oshirish; sudga qadar hal etilishi mumkin boʻlgan nizolar yuzasidan sudlarga kelib tushadigan ishlar sonini 50 foizga kamaytirish; maʼmuriy tartib-taomillar prinsiplarini yoʻl harakatini tartibga soluvchi belgilar va ishoralarga toʻliq tatbiq etish; sud hokimiyatining mustaqilligini kuchaytirish va uning faoliyatida ochiqlikni taʼminlash orqali odil sudlovga erishish; tadbirkorlik subyektlariga nisbatan koʻrilayotgan jinoyat ishlarining 100 foizida himoyachi yoki jamoat himoyachisi ishtirokini taʼminlash; sud tizimini boshqarishga sudyalarning oʻzini oʻzi boshqarish tamoyilini toʻlaqonli joriy etish hamda sudyalar hamjamiyati organlari tizimini toʻliq shakllantirish yoʻlga qoʻyildi.
Huquqiy islohotlarni amalga oshirishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyatini inson manfaatlari, qadr-qimmati va huquqlarini himoya qilishga yoʻnaltirishda, yagona elektron reestr yaratish orqali jinoyat ishi qoʻzgʻatilishidan tortib ish yuzasidan hukm chiqarilguniga qadar boʻlgan jarayonni individual raqam va QR kodi orqali kuzatib borish imkoniyatini joriy qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Dalillarni toʻplash va mustahkamlash faoliyatini zamonaviy texnologiyalar va soʻnggi ilmiy yutuqlarni joriy qilish orqali toʻliq raqamlashtirish ishlari yoʻlga qoʻyilmoqda. Sud va boshqa organlarning hujjatlari ijrosini taʼminlash boʻyicha ishlar toifasini xususiy sektor yordamida ijro etish, jiddiy oqibatlar bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalari sonini kamaytirish, jinoyat ishlari va materiallarning elektron shakldagi nusxasini yuritish va ushbu ishlar boʻyicha elektron hujjat almashinuvini taʼminlash belgilab qoʻyildi.
Advokatura institutining salohiyatini tubdan oshirish, shuningdek, malakali huquqiy yordam koʻrsatish tizimini rivojlantirish, Advokatura institutini oʻz-oʻzini boshqarish tizimiga oʻtkazish hamda uning davlat organlari va boshqa tuzilmalardan chinakam mustaqilligini taʼminlash nazarda tutildi.
Advokatlar malakasini oshirishning zamonaviy va xalqaro standartlarga mos keluvchi va muqobillik tamoyiliga asoslangan tizimini joriy etish, advokatlar sonini koʻpaytirish, fuqarolik, maʼmuriy va iqtisodiy ishlar boʻyicha advokatlar hamda sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari oʻrtasida elektron hujjatlar almashinuvini taʼminlash amalga oshirilmoqda.
Korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirishda, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish ishlarini jadal davom ettirishda, hamda “Transparency International” xalqaro tashkiloti tomonidan eʼlon qilinadigan Korrupsiyani qabul qilish indeksida yuqori pogʻonaga koʻtarilishga erishish belgilab qoʻyildi.
Davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzish holatlarini kamaytirish, davlat xaridlarini toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish orqali amalga oshirishda mablagʻlarni talon-toroj qilish holatlari, tovar va xizmatlarning narxi bozor qiymatidan oshib ketishining oldini olish boʻyicha jamoatchilik nazoratini toʻlaqonli joriy qilish yoʻlga qoʻyildi. Normativ-huquqiy hujjatlarning “korrupsiyadan xoli qonunchilik” tamoyili asosida ishlab chiqilishini taʼminlash belgilandi.
Mamlakatimizda adolat va shaffoflikni taʼminlashda jinoyat toʻgʻrisidagi qonunchilikning takomillashtirilishi adolatni taʼminlashning muhim aspektidir. Jinoyat kodeksi hamda jazo tizimiga nazar solinsa, 2021-yilda jinoyat kodeksiga yangi kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, jinoyatchilikka qarshi kurashish, sud tomonidan jazo berishda adolatni taʼminlashga eʼtibor qaratilgan.
Statistik maʼlumotlar va tahlillar mamlakatda muhim islohotlarning amalga oshirilganini va sud tizimi uchun yangi standartlarni taraqqiy etayotganini koʻrsatadi. Ushbu harakatlar, adolatni taʼminlash, huquq va erkinliklarni himoya qilish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish va sud jarayonlarini shaffoflashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston sud-huquq tizimidagi islohotlar mamlakatning huquqiy islohotlari kontekstida muhim ahamiyatga ega boʻlib, xalqaro tashkilotlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻydi. Bunda sud-huquq tizimidagi islohotlar oʻz vaqtida samarali tashkil etildi. 2019-yilda Yevropa Ittifoqi hisobotiga koʻra, “Oʻzbekistonning sud tizimini takomillashtirish” loyihasi boshlandi. Loyiha doirasida sud organlari va huquqiy ixtisoslashgan muassasalar uchun treninglar, seminarlar tashkil etildi.
Jahon bankining “Adolatni taʼminlash” dasturi doirasida Oʻzbekistonda sudlarni modernizatsiya qilish uchun texnik yordam koʻrsatilmoqda. Bankning 2020-2023-yillarga moʻljallangan dasturi doirasida 10 million dollarlik loyiha umumiy tadqiqotlarni oʻtkazishga yoʻnaltirilgan. Sud jarayonlarini avtomatlashtirish xalqaro standartlarga mos ravishda olib borilmoqda. Ushbu jarayonda xorijiy mamlakatlarning tajribasi esa, muhim ahamiyatga ega.
Koreya Respublikasi bilan 2021-yilda imzolangan hamkorlik shartnomasi doirasida sud jarayonlarini avtomatlashtirish hamda elektron sud tizimini joriy etish boʻyicha tajribalar almashinuvi amalga oshirildi. Koreyaning elektron sud tizimi Oʻzbekiston sudlarida joriy qilindi.
Italiyadagi sud tizimiga oid tadqiqotlar Oʻzbekistonda sud jarayonlarini tezlashtirish va shaffoflashtirishda yetuk tizimlarni tizimlashtirishdan keng foydalanilmoqda. Italyan huquqshunoslik instituti tomonidan tashkil etilgan vebinarlarda Oʻzbekistondan 300 dan ortiq yuristlar va sudyalar qatnashdi.
Germaniya (GIZ) bilan 2020-2022-yillar davomida amalga oshirilgan loyihada Oʻzbekistonda huquqiy taʼlim muassasalari uchun yangi taʼlim dasturlari ishlab chiqildi. Ushbu dasturlar xalqaro standartlarga mos ravishda amalga oshirildi. 2021-yilda AQSHdagi huquq instituti bilan hamkorlikda respublikamizdagi adliya hamda sud tizimini takomillashtirish boʻyicha xalqaro standartlarga mos ravishda treninglar va seminarlar tashkil etildi.
Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini taʼminlash boʻyicha xalqaro hamkorlikning namoyon boʻlishi Oʻzbekistonning kelajagi porloq ekanligini bildiradi. 2020-yilda tashkil etilgan “Fuqarolar huquqlari” master-klassida OON muxofazasi doirasida huquqiy mutasaddilar ishtirok etdi. Oʻzbekistonda sud-huquq tizimini takomillashtirish borasida xalqaro hamkorlik muhim faoliyat hisoblanadi. Xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar va huquqiy mutaxassislar bilan hamkorlik, mazkur masalada hamkorlikning tengdoshlik asoslarida rivojlantirilishi, bu xalqimiz uchun barqaror va adolatli sud tizimi uchun muhim qadam boʻldi. Ushbu jarayonlar Oʻzbekistonda adolatni taʼminlash, inson huquqlarini himoya qilish va jamiyatda huquqiy savodxonlikni oshirish uchun ishlab chiqilgan muhim qadamlardan biridir desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Oʻzbekistonda demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini qurish koʻp jihatdan mamlakatda inson va fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga bogʻliqdir. Bu esa oʻz navbatida mamlakat qonunchiligining qay darajada mustahkamlanganligiga bogʻliq boʻladi. Inson erkinligi va shaxsiy daxlsizligining buzilishi esa har bir shaxsning sudga shikoyat bilan murojaat qilish hamda buzilgan huquqlarini tiklash va uning talablarini qondirish huquqini keltirib chiqaradi.
Oʻz vaqtida, Sohibqiron Amir Temur bobomiz “Davlat qonunlar asosida qurilmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tarkibi yoʻqoladi”, deb taʼkidlagan edilar. Shu nuqtayi nazardan, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash biz bunyod etayotgan demokratik huquqiy davlatning bosh mezoni hisoblanadi”. Yangi Oʻzbekistonda qaror topayotgan “inson – jamiyat – davlat” tamoyili inson qadrini ulugʻlash siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga chiqarishga xizmat qiladi.
Shodiyor Shayzakov,
Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi markaz boshligʻi, PhD, dotsent
Gulbahor Rasulova,
Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish
akademiyasi doktoranti