Mangulikka daxldor buyuk meros
Alisher Navoiy tavalludining 579-yilligiga
Ramiz Asqar
(“Yangi O‘zbekiston” uchun Ozarbayjondan maxsus tayyorlandi)
Nizomiddin Mir Alisher Navoiy umumturk adabiyotining eng buyuk, eng ulug‘ shoiridir. U mushtarak madaniy va adabiy tariximizda tengsiz daho shoir hisoblanadi. Turkiy adabiyot tarixida hali biror ijodkor uning qadar yorqin va boy meros qoldirmagan.
Navoiy o‘ta qiyin davrda, murakkab muhitda yetishib chiqdi. Temuriylar saltanati taraqqiy etgan, ilm va madaniyat rivojlangan bu davr Markaziy Osiyo tarixining eng qiziqarli va porloq sahifalarini o‘z ichiga oladi. Navoiyning oilasi zodagon doiralarga yaqinligi tufayli saroy amaldorlari qatoridan joy olgan. Uning bobosi Abu Said Changiy va otasi G’iyosiddin Kichkina o‘sha davrning siyosiy va harbiy xodimlari sifatida temuriylar xonadoniga mansub sultonlar saroyida xizmat qilgan, muhrdor va amir unvonlariga ega bo‘lgan. Alisher Navoiy bo‘lg‘usi hukmdor va shoir Husayn Boyqaro bilan bir maktabda o‘qigan, yirik ilm-fan va madaniyat markazlaridan bo‘lgan Marv, Mashhad, Samarqand va Hirotda tahsil olgan. Shayx Kamol Turbatiy va Xoja Fazlulloh Abullaysiydan ko‘p narsa o‘rgangan. Muallimi Mirzo Abulqosim, yaqin do‘stlari Hasan Ardasher, Mavlono Lutfiy uni turkiy tilda yozishga undaganlar. Shuningdek, turkiyda ijod qilgan tog‘alari Kobuliy va G’aribiy ham til nuqtai nazaridan unga katta ta’sir ko‘rsatishgan.
Navoiy Chig‘atoy davri va adabiyotining eng yirik shoiridir. Uning ijodini devonlar, dostonlar, tazkiralar, tilshunoslik va adabiyotshunoslik, diniy-axloqiy, tarixiy, biografik va hujjatli asarlarga ajratish mumkin. Ular orasida shoir devonlari alohida o‘rin tutadi. To‘rttasi turkiyda, bittasi forsiy tilda bitilgan ushbu devonlar mukammal san’at asari sanaladi. Sharq adabiyotida to‘rt devon tartib etish an’anasi xuddi “Xamsa” yozishdek muhim hisoblangan. Uni ba’zida “Chor devon” (to‘rt devon) deb ham atashadi.
Buyuk shoirning “Majolis un-nafois” va “Nasoyim ul-muhabbat” tazkiralari uning ijodida muhim o‘rin tutadi. Chunki ularda Navoiy yashagan davr va undan oldin yashab o‘tgan buyuk siymolar haqida qimmatli ma’lumotlar berilgan. Ularning birinchisida 459, ikkinchisida 770 kishi haqida ma’lumotlar jamlangan.
Shoirning til va aruz (“Mezon ul-avzon”), adabiyot (“Risolai muammo”) haqidagi asarlari ham juda ahamiyatlidir. Buyuk mutafakkirning diniy va didaktik asarlari uning falsafiy qarashlarini o‘zida aks ettirishi nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega. Ular orasida “Munojot”, “Arba’in”, “Lison ut-tayr”, “Nazmul-javohir”, “Siroj ul-muslimiyn”, “Mahbub ul-qulub” alohida diqqatga sazovor. Shu so‘zlarni uning tarixiy mavzudagi asarlari (“Tarixi anbiyo va hukamo”, “Tarixi muluki Ajam”) haqida ham aytishimiz mumkin. Navoiyning biografik (“Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Xamsatul-mutahayyirin”, “Holoti Pahlavon Muhammad”) va hujjatli asarlari (“Munshaot” va “Vaqfiya”) ham o‘ta muhim qiymatga molik.
Navoiy asarlarining alohida guruhini “Xamsa” dostonlari tashkil etadi. Nizomiy tomonidan tamal toshi qo‘yilgan bu an’ana uch daho shoir tarafidan eng yuksak darajada maromiga yetkazib davom ettirilgan. Bular Amir Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiydir. Qizig‘i, “Xamsa” yozgan to‘rt shoirdan uch nafari (Nizomiy, Dehlaviy va Navoiy) turkiy qavmga mansub edi. Biroq xamsanavislardan uch nafari (Nizomiy, Dehlaviy va Jomiy) o‘z asarlarini forsiyda, faqatgina Alisher Navoiy turkiy tilda yaratdi.
Bu asarlar orasida Navoiy “Xamsa”si alohida o‘rin tutadi. Dostonlar o‘z ma’nosi va hajmiga ko‘ra bir-biridan farqlanadi. “Hayratul-abror” 3 ming 988 bayt, “Farhod va Shirin” 5 ming 679 bayt, “Layli va Majnun”
3 ming 622 bayt, “Sab’ai sayyor” 5 ming 009 bayt, “Saddi Iskandariy” esa
7 ming 215 baytdan iborat. Shu tariqa Navoiy “Xamsa”sining umumiy hajmi 25 ming 513 baytni tashkil etadi. Navoiy o‘z asarlarining birida ustozi Jomiy bilan suhbat yuritadi va unga “Xamsa”ni qanday yozgani haqida ma’lumot beradi, avvalo, bu ishga juda katta taraddud ko‘rgani, keyin jur’atini to‘plab ishga kirishganini bayon qiladi:
Chu “Hayrat”qa soldim ko‘ngul rag‘batin,
Anga g‘olib ettim ulus hayratin.
Chu “Farhod”g‘a bo‘ldum andeshavar,
Tuz ettim base tog‘ — o‘lub teshavar.
Chu “Majnun” hadisig‘a tuzdum funun.
Base xalqni qildi shaydo junun.
Yana “Sab’a”g‘a tab’im o‘lg‘och qarin,
Yeshittim yeti charxdin ofarin.
Skandarga til tortib ozar kibi,
Dedim oni “Saddi Skandar” kibi.
Har 9 fevral kuni qardosh O‘zbekistonda buyuk Navoiyning tavallud kuni keng nishonlanadi, xalqaro anjumanlar o‘tkaziladi. Bu majlislarga dunyoning turli burchaklaridan, jumladan, Ozarbayjondan ham olimlar, mutaxassislar chaqiriladi, ma’ruzalar o‘qiladi, bahs-munozaralar o‘tkaziladi.
Men ham bir necha bor mamlakatimiz vakili sifatida ushbu anjumanlarda ishtirok etganman. Xalq deputatlari Navoiy shahar kengashining 2018 yil 5 fevraldagi qaroriga binoan, menga “Navoiy shahrining faxriy fuqarosi” unvoni berilgan. Albatta, buning o‘ziga xos sababi bor edi. Men bundan sal ilgariroq Bokuda “XX asr o‘zbek she’riyati antologiyasi”, (2009, 96 sah.), Sulton Husayn Boyqaro devoni (2011, 328 sah.), Zahiriddin Muhammad Boburning “Tanlangan asar”i (2011, 328 sah.) va “Boburnoma”sini (2011, 432 sah.) tarjima va nashr ettirganman. Shu bois Bobur vatani Andijonda menga Xalqaro Bobur mukofotini berishgan. Navoiy shahri rahbarlari ham ana shu kamtarona xizmatlarimizni e’tiborga olganlaridan juda xursandman. Bu menga katta sharaf va mas’uliyat yuklaydi. Shu tariqa men Navoiy “Xamsa”sini ozarbayjon tiliga tarjima qildim.
Alisher Navoiyning turk dunyosiga ta’siri til, san’at va ma’naviyat nuqtai nazaridan bugun ham davom etmoqda. Asrlardan asrlarga o‘tib kelayotgan bu silsila mangulik qadar davom etajagiga shubha yo‘q. Zotan, Alisher Navoiy zamon va makonlar osha o‘z qadri qimmati ortib boraveradigan meros qoldirgan ulug‘ dahodir.
Rustam Jabborov tarjimasi.
Ozarbayjonning taniqli adabiyotshunos olimlaridan biri, shoir va yozuvchi, tarjimon, filologiya fanlari doktori, professor Ramiz Asqar turkiy xalqlar mumtoz adabiyotiga mehr qo‘ygan, umrini adabiyotga oshno etganlardan biri. Olim ko‘pgina turkiy davlatlarning turli unvonlari va mukofotlari bilan taqdirlangan.
— Tarjima uchun asar qanday tanlab olinishini bilasizlarmi? Avvalo, asar ezgulikka undaydigan, Vatanni sevishga o‘rgatadigan bo‘lishi lozim, — deydi Ramiz Asqar. — Aynan shu jihatlari birinchi galda uni tarjima qilish uchun asos bo‘ladi. Men yoshligimdan tarjimonlik bilan shug‘ullanganman. Gazeta-jurnallarda ishlagan vaqtimda ham bu ishni davom ettirdim. Universitetda ishlayotgan yillari ko‘rdimki, talabalar uchun turkiy xalqlar adabiyoti, jumladan, ayrim o‘zbek adiblarining asarlari ozar tilida yo‘q. Yoshlar qardoshlar adabiyotini asliyat tilida o‘qib tushunishga qiynaladilar. Shu bois tarjima qilinishi lozim bo‘lgan asarlar ro‘yxatini tuzdim. “XX asr o‘zbek she’riyati antologiyasi” bu boradagi dastlabki urinish edi. So‘ngra Husayn Boyqaro devonini, Boburning tanlangan asarlarini tarjima qildim. Nihoyat ko‘pdan beri orzu qilgan asarim “Boburnoma”ni ozar tiliga o‘girdim va nashr qildirdim. Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib asarlari ham shular jumlasidandir.
U bugunga qadar Husayn Boyqaro devonlarini, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”sini hamda Alisher Navoiyning “Xamsa”sini ozarbayjon tiliga tarjima qilgan.
Tahririyat
“Yangi O‘zbekiston” gazetasi