Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv
2020-yilning 28-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Berlin shahrida Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi bilan uchrashdi.
Suhbat davomida 2019-yil 29-noyabrda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi maslahat uchrashuvi yakunlariga yuqori baho berib, tomonlar sammit yakunlari bo‘yicha qabul qilingan mintaqaviy integratsiyani yana chuqurlashtirishga yo‘naltirilgan qarorlarni amalga oshirishda hamkorlik qilish masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi yaqin qo‘shnichilik va do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlashdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga rejalashtirilayotgan tashrifi bu jarayonning muhim bosqichi bo‘ladi.
Ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari rahbarlari 3-fevral kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh tashqi ishlar vazirlarining “C5 + 1” shaklidagi uchrashuvini o‘tkazish masalalarini hamda ikki tomonlama va xalqaro munosabatlar kun tartibining dolzarb jihatlarini muhokama qildilar.