O‘zbekistonda 43 nafar amaldor majburiy mehnat uchun javobgarlikka tortilgani ma’lum qilindi
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 2019-yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumi davomida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygani sababli ma’muriy jarimaga tortilgan mansabdor shaxslar ro‘yxatini e’lon qildi.
Ro‘yxatdan jami 43 nafar mansabdor shaxs o‘rin olgan bo‘lib, ularning 2 nafari hokim (Kitob tumani hokimi Rustam Sagdullayev va Qo‘shko‘pir tumani hokimi Jo‘rabek Rahimov), 5 nafari hokim o‘rinbosari (To‘raqo‘rg‘on, Yozyovon, Oltiariq, Forish va O‘rta Chirchiq tumanlari).
Shuningdek, banklarning hududlardagi 15 ta filiali boshqaruvchilari qo‘l ostidagilarni majburiy mehnatga jalb etgan. Javobgarlikka tortilganlar orasida tibbiyot biralashmasi, soliq inspeksiyasi, maktab rahbarlari ham bor.
Ularning barchasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi (“Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash”) 1-qismi bo‘yicha javobgarlikka tortilgan (ushbu moddada bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima jazosi belgilangan).
Daryo.uz