Inson resursini rivojlantirish – “Oʻzbekiston-2030” strategiyasining ustuvor vazifasi
“Oʻzbekiston-2030” strategiyasida yurtimizda jahon standartlariga toʻliq javob beradigan, ijodiy yondashuv va kasbiy mahoratni rivojlantirishga xizmat qiladigan taʼlim tizimini yaratishga qaratilgan.
Jumladan, davlat-xususiy sherikchilik asosida tashkil etilgan xususiy sektor vakillari uchun bank kreditlari boʻyicha binolarni garovga qoʻyish huquqlarining berilishi va koʻp qavatli uylarda yoki shaxsiy uy joylarda maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish imkoniyatlarining yaratilishi maktabgacha taʼlim muassasalari sonining 33942 taga yetishiga va 3-7 yoshdagi bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasining 74,0 foizga oshishiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
Taʼlim sohasidagi muhim jihatlardan yana biri bu - umumiy oʻrta taʼlimni rivojlantirish uchun xususiy sektorni jalb qilishdir. Mazkur masalaga misol sifatida 2023-yilda “E-auksion” elektron savdolari orqali 4,79 gektar yer maydoni nodavlat umumtaʼlim muassasalarini qurish uchun ajratilganini keltirish mumkin. Bu esa kelajakda taʼlim xizmatlarining xilma-xilligi va ularning sifatini oshirishga koʻmaklashadi. Shuningdek, xususiy sektorning jalb etilishi orqali taʼlim muassasalarida zamonaviy oʻqitish usullari, texnologiyalar va dasturlar joriy etilishi mumkin, bu esa oʻquvchilarning taʼlim olish tajribasini yanada boyitadi va ularning kelajakdagi muvaffaqiyatlariga tayyorlaydi.
Yoshlarning intellektual salohiyatini qoʻllab-quvvatlash va yanada oshirish maqsadida xalqaro imtihonlarda yuqori ball olgan yoshlarning xarajatlarini qoplab berish boʻyicha davlat xizmatlari yoʻlga qoʻyildi (2023-yilda mazkur xizmat yoʻlga qoʻyilganidan boshlab yoshlarning 35,6 milliard soʻmlik xarajatlari qoplab berildi – 2024-yil 8 agust holatiga koʻra 1$ = 12536,61 sum) va yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida 800 turdagi tanlovlar, musobaqalar va oʻyinlar oʻtkazildi.
Yoshlarni zamonaviy bilim va koʻnikmalarga oʻrgatish hamda ularning yuqori daromadli sohalarda qulay ishlashlari uchun sharoitlar yaratish maqsadida https://uzbekcoders.uz platformasida AQSHning Coursera kompaniyasi kurslari tashkil etildi, natijada 215 mingdan ortiq yoshlar mazkur kurslarda qamrab olindi. Shuningdek, sport bilan shugʻullanuvchi yoshlar sonini oshirish maqsadida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida mahallalarda yashayotgan yoshlar oʻrtasida sportning 11 turi boʻyicha besh bosqichli mahalla-sektor-tuman-viloyat-respublika darajasida sport musobaqalari tashkil etildi.
Global innovatsion indeksdagi past koʻrsatkichlar boʻyicha aniq chora-tadbirlar rejasining tasdiqlanishi, mamlakatning innovatsion salohiyatini oshirishga boʻlgan intilishini koʻrsatmoqda. 2023-yilgi Global innovatsion indeks reytingida Oʻzbekiston 132 mamlakatlar orasida 82-oʻrinni saqlab qoldi.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining muhim jihatlaridan biri bu sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish hisoblanadi. Millatning salomatligi – uning farovonligining asosidir. Tibbiyotga investitsiyalar kiritish, zamonaviy tibbiy markazlarni tashkil etish va sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish sogʻlom va samarali jamiyatni shakllantirishga xizmat qiladi. Bu oʻz navbatida, fuqarolarning jismonan va ruhan farovonligiga gʻamxoʻrlik qilishga sharoit yaratib beradi.
Strategiya doirasida 2023-yilda sogʻliqni saqlash sohasida xam sezilarli ishlar amalga oshirildi, xususan onalar va bolalar salomatliligini mustaxkamlash hamda kasalliklarni oldini olish maqsadida:
- 8,6 million (92%) reproduktiv yoshdagi ayollar tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi, 2,2 million homilador va emizadigan ayollarga 308 116 qadoq yod preparatlari, 5,9 million 35 yoshgacha boʻlgan ayollarga 636 129 qadoq temir preparatlari va 168 389 qadoq foliy kislotasi berildi;
- 6-23 oylik 416 655 nafar bolalar birinchi bosqichda va 175 592 nafar bolalar ikkinchi bosqichda 53,3 million (paket) mikroelementlar kukunlari, 3-15 yoshdagi 8,4 million bolalar 847 371 qadoq yod preparatlari bilan taʼminlandi va 2-10 yoshdagi 6,3 million bolalar (99%) degelmintizatsiyadan oʻtkazildi.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida ijtimoiy adolat va xilma-xillik ham muhim oʻrin tutadi. Jinsi, ijtimoiy maqomi yoki etnik mansubligidan qatʼi nazar, tenglikni taʼminlash har bir fuqaroga oʻz saloxiyatini amalga oshirishi mumkin boʻlgan jamiyatni shakllantirishga yordam beradi.
Ijtimoiy himoyani mahalla darajasida tashkil etish, ijtimoiy xizmat va yordamlarni kompleks yondashuv asosida koʻrsatish, aholining ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish, shuningdek, ijtimoiy himoyaning manzilliligi va samaradorligini oshirish hamda aholining koʻmakka muhtoj qatlami ijtimoiylashuvini taʼminlash maqsadida, 2023-yilning 15-oktyabridan boshlab 28 ta tuman (shahar)da “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ijtimoiy xodimlar guruhlari tomonidan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar koʻrsatishning yangi tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Ayollarning mavjud muammolarini oʻrganib borish va ularga sistematik ravishda yechim topish maqsadida "Xotinqizlar.uz" deb nomlangan yagona milliy interaktiv platforma ishga tushirildi. Platforma mavjud muammolar boʻyicha onlayn murojaatlar qabul qilish, ularni tegishli davlat idoralariga joʻnatish va ijrosini nazorat qilish, zoʻravonlik va tazyiqdan himoyalanish borasida onlayn psixologik maslahatlarni berib borish, ayollarning ishga joylashishiga koʻmaklashish, uy-joyini taʼmirlash, uy-joy bilan taʼminlash, ijara toʻlovlari uchun kompensatsiyalar toʻlash, nogiron ayollarga tezkor tibbiy yordam koʻrsatish va boshqa xizmatlarni koʻrsatishni nazarda tutadi. 2023-yil yakuniga koʻra, ushbu platforma orqali 490 111 ta ayollar muammosi aniqlangan boʻlib, ulardan 472 458 tasi oʻz yechimini topdi.
Shuni taʼkidlash lozimki, “Oʻzbekiston-2030” strategiyasining amalga oshirilishi tahlili shuni koʻrsatadiki, hukumat tomonidan inson kapitalini rivojlantirishda muhim qadamlar tashlandi, bu esa Oʻzbekistonning barqaror iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti uchun muhim omildir. Bu faqat bilim va sogʻliqqa sarmoya kiritish emas, balki kelajakka strategik sarmoyadir, unda aqlli, sogʻlom va motivatsiyaga ega insonlar mamlakatning barqaror rivojlanishi uchun yetakchi kuch boʻlib xizmat qiladi.
Jamshid Sharipov,
"Taraqqiyot strategiyasi" markazi boʻlimi boshligʻi