Mardi maydon ellarim bordir
Davlatimiz rahbarining “Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori Yangi Oʻzbekistonimiz maʼnaviy-ijtimoiy va adabiy-madaniy hayotida tom maʼnoda tarixiy voqea boʻldi.
Algʻov-dalgʻov boʻlib yotgan bugungi notinch dunyoda, tashvishu tahlikasi ortib borayotgan roʻyi zaminda, albatta, milliy va umumbashariy qadriyatlar sirasiga kiruvchi, yuksak insoniy gʻoyalarni tarannum etgan bobokalonlarimizning adabiy merosini oʻrganish va targʻib etish bagʻoyat muhim va ezgu ishdir. Oʻz ijodi bilan faqat odamiylikni, tinchlik va omonlikni, Prezident qarorida alohi da taʼkidlanganiday ellar, elatlarning doʻstligi va ogʻizbirchiligini hamisha aziz va moʻtabar bilgan hazrat Ajiniyozning ibratli hayoti va faoliyati yuksak eʼtibor va tahsinga sazovardir.
Oliymaqom hujjatda alohida urgʻu berilganiday Ajiniyoz: “oʻzining betakror va sermazmun ijodi bilan xalqimiz madaniyati va adabiyotini rivojlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik va ezgu gʻoyalar ruhida tarbiyalash, oʻzbek va qoraqalpoq xalqlari oʻrtasidagi azaliy doʻstlik va ogʻzibirchilikni mustakamlashga munosib hissa qoʻshgan ulkan ijodkordir”. Bobo shoirning ijodi keng qamrovi va koʻlami bilan qalblarni zabt eta olgan toshqin daryoga oʻxshaydi. Oʻz umri davomida shoir xalq dardi bilan yashadi, xalqning orzu-umidlari va ezgu niyatlarini kuyladi. Turkiy xalqlar orasida gʻoyat mashhur va tillarda doston boʻldi.
Ushbu qaror aytish mumkinki, davlatimizning maʼnaviy hayot sohasida olib borayotgan keng koʻlamli islohotlarning xalqimiz turmushidagi amaliy va yorqin namunasidir. Oʻz zamonasidagi Xivaning mashhur Shergʻozixon va Qutlimurod madrasalarida taʼlim olgan, ham sharqona, ham islomiy bilimlarni chuqur egallagan shoir navqiron yoshidanoq el nazariga tushib, obroʻ va eʼtibor qozongan. Talabalik paytidayoq chiroyli husni xat sohibi sifatida kotiblik qilgan, xattotlik sanʼatni mahorat bilan egallagan, Alisher Navoiy devoni qoʻlyozmasini koʻchirgan.
Uning butun hayoti murakkab sinovlarga toʻla, el-ulusi, turmushi-roʻzgʻoridan ayro tushib, musofirlik non-tuzini totgan, shunda ham tushkunlikka tushmay, odamlarning birligi va ahilligini avj pardalarda yangratgan mustahkam irodali va matonatli kuychidir. Shoir hayotidan misol keltiradigan boʻlsak, uning yakkoyu yagona quroli doʻmbirasi va qoʻshiqlari boʻlgan. Soʻz bilan, sheʼr bilan, hazil-mutoyiba va oʻtligʻ va oʻtkir satrlar bilan gʻanimlarni mot qilib, yer bilan yakson etgan, hamisha maydondan gʻolib va muzaffar chiqqan.
Yaxshi yigit kurash kuni
Sinalur maydon ichinda.
Mard bilan nomardning farqi
Bilinur maydon ichinda.
Mardlik va nomardlik, ezgulik va yovuzlik, toʻgʻrilik va makkorlik, hasad, riyo, fisqu fasod nima ekanligini olam ahli bugun hamishagidan koʻra aniq-tiniq koʻrib bilib turibdi. Ajiniyozning mardlik, matonat va shijoat mavzularidagi otashin navolari shuning uchun ham har doimgidan dolzarbroq jaranglaydi. Aynan shu jihatlari, umuminsoniy gʻoyalari, ezgu orzu-armonlarining olamshumul ahamiyati tufayli shoir tavalludining 200-yilligini nishonlash chora-tadbirlari YUNESKOning xalqaro yubileylar rejasiga kiritilgani ham fikrimizning yorqin dalilidir.
“Ellarim bordir” sheʼrida aynan shu mavzular Jayhun daryoning toshqin dolgʻalaridek joʻshqin pardalarda kuylanadi.
Soʻrasang elimni, Qojbon, bizlardan,
Qalpogʻi qozonday ellarim bordir.
Xato chiqsa, kechiringlar soʻzlardan,
Xitoy, Qoʻngʻirot otli ellarim bordir.
Yolgʻon soʻzni ishontirib aytmagan,
Toʻgʻri yoʻldan bosh ketsa ham qaytmagan,
Nomardlarni sira yoʻldosh tutmagan,
Nomi qoraqalpoq ellarim bordir.
(Rustam Musurmon tarjimalari)
Sheʼrda “ellarim” debon alohida faxr bilan madh etilgani – demak, oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, turkman va boshqa ellar-elatlar ham nazarda tutilgani shak-shubhasiz ishtibohga oʻrin qoldirmagay.
Yuqorida aytilganidek, oʻzining sarson-sargardon hayoti davomida oʻz eldoshlarini sogʻinib yashagan shoir bir umr Moʻynoqqa talpingan, ovuldoshlarining sogʻinchini sheʼrga solgan. Beixtiyor davlatimiz rahbarining bugungi oʻzgarishlarni nazarda tutib, butun qoraqalpoq diyorida boʻlganidek, jumladan Moʻynoqdagi bunyodkorlik ishlariga bergan taʼrifi yodga tushadi: “Madaniyat Moʻynoqdan boshlanadi! Kimki, bizning istohotlarimizga shubha bilan qaraydigan boʻlsa, kelib bugungi Moʻynoqni koʻrsin!”
Biz turfa qalam ahli, shoir-yozuvchilar Moʻynoqqa ijodiy safarlarimiz davomida, Ajiniyoz boboning qabri shu atrofda, qay bir chekkada, degan gapni koʻp marotaba eshitganmiz. Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, taniqli adib Kengesboy Karimovning maʼlumotiga koʻra boboning qabri qadam yetmaydigan adogʻ joyda, u yerga borish qiyin degan, armonidan ham xabardor edik.
Bugun Moʻynoq aeroportiga samolyotlar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan. Chor-atrof obod va sarishta. Qarorda alohida eʼtibor qaratilganidek, Ajiniyoz boboning Moʻynoq tumanidagi mangu qoʻnim topgan qabrini obodonlashtirish, shoirga munosib yodgorlik oʻrnatish, ushbu sarzaminda Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli nomidagi ekopark, yaʼni bogʻ-xiyobon barpo etish, ayni muddao boʻldi.
Ajiniyoz asarlari shu paytga qadar oʻzbek tilida koʻp nashr etilmagan boʻlsa-da, lekin u oʻzbek xalqining ham shoiri sanaladi. Qoʻshiqlarini tinglaganmiz, xalqona oʻlanlariga maftun boʻlganmiz. Qarorga muvofiq, shoirning “Tanlangan asarlar” kitobini oʻzbek va qoraqalpoq tillarida nashr qilish, shoir faoliyatiga bagʻishlab yozilgan badiiy, ilmiy-ommabop asarlarni qayta chop etish va taqdimotlarini oʻtkazish alohida vazifa qilib belgilangan. Prezidentmiz tashabbusi bilan nashr etilgan “Turkiy adabiyot durdonalari” yuz jildik kitoblar majmuasida qoraqalpoq adabiyoti, jumladan Ajiniyoz sheʼrlariga ham keng oʻrin berilgan. Shu paytga qadar, Taniqli ijodkorlarimiz, Qoraqalpogʻiston xalq shoirlari Rustam Musurmon va Muzaffar Ahmad tarjimasidagi Ajiniyoz asarlaridan namunalar tarjima qilingan edi. Shu kecha-kunduzda bobo shoir adabiy merosi yangidan tarjima qilindi, toʻliq va yaxlit holda chop etishga tayyorlandi. Nasib etsa, ushbu muhtasham kitob oʻzbek va qoraqalpoq tillarida koʻrkam dizayn va zamonaviy matbaa sanʼati bezaklari bilan alohida-ahida tioʻplam shaklida nashr etiladi.
Qarordan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmalari, uyushmaning viloyat boʻlimlari, ijod maktablari va albatta oliy oʻquv yurtlari, umumtaʼlim maktablari va bilim dargohlari, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik doirasida belgilangan tadbirlar yuksak darajada tashkil etiladi va oʻtkaziladi. Ushbu vazifalar ijrosi boʻyicha reja va dasturlar belgilab olindi. Ajiniyoz bobo hammamizga daxldor, hammamiz uchun qadrli.
Ustoz Abdulla Oripov tarjimasida mashhur boʻlgan Ibroyim Yusupovning “Ayt sen Ajiniyoz qoʻshiqlaridan” sheʼrining bosh satri bugunning ezgulik daʼvatiga aylangani ham bejiz emas.
Men uni tinglasam - qolmay toqatim,
Koʻnglimda sayragan mastona bulbul.
Men uni tinglasam – tuqqan elatim,
Yer jannati boʻlib koʻringay butkul.
Yulduzlarni yerga qaratmoq boʻlsang,
Yomon shoirlarni uyaltmoq boʻlsang,
Agar men oʻlganda tiriltmoq boʻlsang,
Ayt sen Ajiniyoz qoʻshiqlaridan!
Sirojiddin Sayyid,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi,
Oʻzbekiston xalq shoiri.