“BMB HOLDING” taʼsischisi: Yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayonida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash davlatimiz rahbari islohotlarining bosh maqsadlaridan biriga aylandi
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishni kompleks qoʻllab-quvvatlashning uzluksiz zanjirini yaratish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Koʻrilgan chora-tadbirlar va muhim qarorlar qabul qilinishi natijasida soʻnggi yetti yilda Yangi Oʻzbekiston ishbilarmon doira vakillarining yangi avlodi paydo boʻldi.
Xususan, mamlakatimiz iqtisodiy hayotida muhim oʻrin tutayotgan, nafaqat ichki bozorda, balki xalqaro bozorda ham mustahkam oʻz oʻrniga ega boʻlib borayotgan yirik xususiy biznes subyektlaridan biri “BMB HOLDING” kompaniyasidir.
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yilligi arafasida “Dunyo” axborot agentligi “BMB HOLDING” asoschisi Bekzod Mamatqulov bilan suhbatlashdi.
– Bekzod Akmalovich, soʻnggi yillarda “BMB HOLDING” nafaqat Oʻzbekistonda, balki xalqaro biznes hamjamiyati oʻrtasida ham katta obroʻ qozondi. Bugungi kunda Holding investitsiyaviy loyihalar uchun konsalting xizmatlarini koʻrsatish, xalqaro biznes va savdo aloqalarini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksport va import amaliyotlarini amalga oshirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va zamonaviy agrosanoat klasterlari sohalarida samarali faoliyat yuritmoqda. Suhbatimiz avvalida Holdingning tashkil etilishi, rivojlanish tarixi haqida toʻxtalsangiz.
– Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylanishi bilan mamlakatni taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqish uchun iqtisodiy salohiyatimizni oshirish, investitsiyalarni jalb etish va eng muhimi, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash kabi muhim masalalarni davlatimiz siyosatining kun tartibiga qoʻydi.
Shu maʼnoda, tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyatlar mening hayotiy maqsadlarimni tubdan oʻzgartirib, biznesda oʻz salohiyatimni sinab koʻrish istagini uygʻotdi.
Biz dastlab ilk daromadimizni xizmat koʻrsatish orqali topganmiz. Xususan, biznes rejalar ishlab chiqish, konsalting xizmatlarini koʻrsatish bizning ilk daromad manbamiz boʻlgan. Keyinchalik qishloq xoʻjaligida oʻzimizning oʻylab yurgan loyihalarimizni hayotga tatbiq etish maqsadida Jizzax viloyati Arnasoy tumanidan yer oldik. Bu yerga ikkilamchi ekin sifatida mosh, noʻxat ekdik. Birinchi urinishlarimiz zoye ketmadi. Yetishtirgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari oʻzimiz kutganimizdan ham yaxshi natija berdi. Qishloq xoʻjaligi sohasida birinchi marta yetishtirgan hosilimizni xorijga eksport qilishga erishdik. Jumladan, ularni Pokiston, Hindiston, Afgʻonistonga sota boshladik. Keyinchalik davlatga shartnoma asosida paxta, gʻalla yetkazib berish rejasini oldik va shundan daromad qilib, asta-sekinlik bilan moliyaviy imkoniyatlarimizni kengaytirdik.
2017-yilda muhtaram Prezidentimizning Jizzax viloyatiga tashrifi doirasida Arnasoy tumanida oziq-ovqat klasterini tashkil etish boʻyicha loyihamiz taqdim etildi. Uchrashuvda davlatimiz rahbari barcha tadbirkorlar qatori meni ham qoʻllab-quvvatlashlarini alohida taʼkidlab, katta ishonch bildirdilar. Yurtboshimizning bunday eʼtibori va qoʻllab-quvvatlashi bizga qoʻshimcha kuch bagʻishladi. Shundan soʻng tadbirkorlik faoliyatimni yanada kengaytirish, yangi tarmoqlarda oʻzimizni sinab koʻrish, xorijiy sheriklar bilan qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish istagi paydo boʻldi.
Jumladan, 2018-yilda yurtimizda birinchilardan boʻlib eng yirik paxta klasterini tashkil etishga muvaffaq boʻldik. Tadbirkorlik qoʻlimizdan kelishini, bizga barcha sharoitlarni yaratib berayotgan mamlakatimiz rahbariyatining eʼtibori tufayli, biz dorivor oʻsimlik yetishtirish klasterini, yaʼni zaʼfaron brendini yaratdik. Keyinchalik esa meva sabzavotchilik klasterini tashkil etdik. Ushbu yirik loyihamiz, oʻz navbatida, meva va sabzavotlarni, saralash, qadoqlash, chuqur qayta ishlash tizimini yoʻlga qoʻyish imkonini berdi. Shu tariqa biznesning turli bosqichlaridan oʻtib, bizning kichik loyihamiz bugungi kunga kelib “BMB HOLDING” sifatida shakllandi. Hozirgi paytda Holding 30 ta korxonani birlashtiradi. Korxonalarimizda butun yurtimiz boʻylab olti mingdan ortiq ishchi-xodimning bandligi taʼminlangan.
– Sir emaski, Holding bugun xalqaro va milliy miqyosda investitsiyaviy loyihalarini amalga oshirmoqda. Tadbirkor sifatida va xorijiy mamlakatlardagi biznes muhitidan yaxshi xabardor kishi sifatida soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda ishbilarmon doiralar vakillari uchun yaratilgan investitsiyaviy muhitni qanday baholaysiz. Sizni qoniqtirmaydigan jihatlar, biznes uchun toʻsiq boʻlayotgan omillar ham bormi?
– Yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayonida tadbirkorlar uchun qulay investitsion muhit yaratish davlatimiz rahbari islohotlarining bosh maqsadlaridan biriga aylandi. Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qator farmon, qarorlarning qabul qilinishi bugungi kunga kelib oʻz natijasini bermoqda.
Oʻzbekistonda soliq qonunchiligining takomillashtirilishi, valyutani erkin konvertatsiya qilish imkoniyatini yaratilishi, xususiy yer, mulk sohasidagi islohotlar va shu kabi sohaga oid bir qator boshqa ijobiy oʻzgarishlar tadbirkorlarning mamlakat iqtisodiyotining drayverlari sifatida koʻrila boshlanishida muhim ahamiyat kasb etdi. 2020-2022-yillar mobaynida butun dunyoda koronavirus pandemiyasining avj olishi mamlakatlar iqtisodiyotiga, jahon investitsion muhitiga katta salbiy taʼsir koʻrsatishiga qaramay, Oʻzbekistonda iqtisodiy oʻsish surʼatlari minimal barqarorlikda saqlanib qolindi hamda investitsiyaviy jozibadorlik tendensiyasi oʻsishda davom etdi.
Mamlakatga xorijiy investitsiyalar oqimi sezilarli darajada oshganligi, xalqaro biznesning iqtisodiy islohotlarga boʻlgan ishonchidan dalolat beradi. Iqtisodiyotni faol diversifikatsiya qilish muhim yutuq boʻlib, u investorlar uchun barcha sohalarda yangi imkoniyatlar ochib berdi.
Endi biznes uchun toʻsiq boʻlayotgan omillar, tadbirkorlarni qoniqtirmaydigan jihatlar haqida gapirish lozim boʻlsa, haqiqatni ochiq aytaman, mazkur sohada Hukumat darajasida juda katta intensiv ravishda islohotlar, ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Lekin quyi tizimga, hokimiyat tizimiga tushgan paytingizda baʼzi bir oʻrinlarda sansalorlik, beparvolik kabi holatlar uchrab turishi hali ham mavjud. Ishonamanki, bu kabi kamchiliklar ham bartaraf etiladi.
– Bilamizki, “BMB HOLDING” Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining keng turlarini ishlab chiqarish va eksport qilish bilan shugʻullanadi. Xususan, Siz rahbarlik qilayotgan tashkilot zaʼfaron yetishtirishda katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda yetishtirilgan zaʼfaron oʻsimligi dunyoning koʻplab mintaqalarida xaridorgir boʻlib boryapti. Aytingchi, Oʻzbekistonga zaʼfaron yetishtirish kabi qiyin sohaning faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadi Sizda qachon paydo boʻldi va nega aynan zaʼfaron oʻsimligini ekish loyihasini tanladingiz?
– 2017-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga amalga oshirgan tashriflari mobaynida togʻ, togʻ oldi hududlarida dorivor giyohlarni yetishtirish, yurtimizda bu sohani rivojlantirish hamda qimmatbaho dorivor oʻsimliklarni jahon bozoriga eksport qilish masalasi ustuvor vazifa etib belgilangan edi. Shuningdek, mamlakatimiz yetakchisi yurtimizda barcha sharoitlar boʻlsada, nega Oʻzbekistonda zaʼfaron yetishtirish mumkin emas, degan savolni qoʻydilar va ushbu zaʼfaronchilik tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha alohida koʻrsatma berdilar. Albatta, keyinroq Prezidentimizning Jizzax viloyatiga tashriflari mobaynida biz zaʼfaron yetishtirish boʻyicha loyihamizning batafsil taqdimotini oʻtkazdik. Davlatimiz rahbari loyiha bilan tanishgach, uni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashlarini bildirdilar va masʼul mutasaddilarga dasturni tezroq roʻyobga chiqarish boʻyicha koʻrsatma berdilar.
Toʻgʻrisi, avval boshida bu loyihani amalga oshirish oson boʻlmadi. Mazkur biznes gʻoyani hayotga tatbiq etishda avvalambor ichki va tashqi bozordagi talab va taklifning tahlili, Oʻzbekiston sharoitida mazkur gʻoyani amalga oshirish imkoniyati va istiqbollari, oʻzimizning bu boradagi salohiyatimiz hamda boshqa bir qator omillar chuqur oʻrganildi. 2020-yilda kuzatilgan pandemiya sharoitida ushbu loyihani amalga oshirishni boshladik. Dastlab mutaxassislarni topish, Yevropadan iqlimimizga mos zaʼfaron piyozboshilarini keltirish va undan koʻzlanganidek hosil olish darajasigacha yetib borish uchun yaxshigina sabr va yetarlicha mehnat qilindi. Birinchi yili 55 gektar maydon yerga zaʼfaron piyozboshilarini ekdik. Yigʻishtirib olingan hosilga talabning yuqoriligi hamda toʻplangan tajriba loyihani yanada rivojlantirish va kengaytirish istagini tugʻdirdi. Bugungi kunda 400 gektar yerga zaʼfaron oʻsimligi yetishtirilmoqda. Kelgusi 3 yilda zaʼfaron plantatsiyalari qamrovini 1000 gektarga yetkazish va yiliga 20 tonna sof zaʼfaron mahsulotini olish rejalashtirilmoqda.
“BMB Zaʻfaron” mahsuloti 2024-yil boshida mintaqamizda birinchi bor oʻzbek zaʼfaronining Amerika bozorlariga kirishiga imkon beruvchi “USDA Organic” (AQSH Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan ekologik sertifikat) sertifikatiga ega boʻldi. Baxmal tumanida yetishtirilgan oʻzbek zaʼfaroni esa bir necha yillik chuqur va tahliliy tekshiruvlardan keyin Oʻzbekiston va Xitoy idoralararo komissiyasi xulosasiga koʻra, Xitoy bozorlariga eksport qilish boʻyicha tegishli ruxsatnomani oldi.
– Toʻgʻri, oʻtgan yillar davomida zaʼfaron yetishtirish borasida katta tajriba toʻplandi. Shu bilan birga, xalqaro standartlar va bozorlar talablariga javob beradigan raqobatbardosh mahsulot yetishtirish uchun qaysi davlatlar tajribasini oʻrganish va tatbiq etish kerak, deb oʻylaysiz?
– Qishloq xoʻjaligida har bir mahsulotni yetishtirishning oʻziga xos usullari mavjud. Italiya, Avstriya, Janubiy Koreya, AQSH, Saudiya Arabistoni kabi davlatlarning zaʼfaron yetishtirish boʻyicha yetarlicha tajribalari bor. Biz, albatta iqlim sharoitlari biznikiga yaqin boʻlgan mamlakatlarning tajribasini oʻrganib, soha mutaxassislari bilan oʻzaro tajriba almashyapmiz. Aytishim mumkinki, zaʼfarondan koʻproq hosil olish va uni xorijga eksport qilish uchun barcha imkoniyatlarimizni safarbar qilganmiz. Eksport hajmining ortishi, oʻz navbatida, Oʻzbekistonga xorijiy valyuta oqimini koʻpayishiga va iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga hissa qoʻshadi.
Yetishtirilgan milliy mahsulotlarimizni jahon bozoriga olib chiqish va raqobatbardoshligini oshirish uchun birinchi navbatda sifat, keyin esa narx va albatta, ishlab chiqarish quvvatlarining talab darajasiga muvofiqligi eng muhim omillardan hisoblanadi. Biz ishimizda va amalga oshirayotgan loyihalarimizda, xususan zaʼfaron yetishtirishda ana shu jihatlarni hisobga olganmiz.
– Oʻzbekistonda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har yili tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazish formati joriy etildi. Aytingchi, mazkur saʼy-harakatlar Siz rahbarlik qilayotgan Holding faoliyatida nechogʻli taʼsir koʻrsatmoqda?
– Mamlakatimizda qulay biznes va sogʻlom raqobat muhitini yaratish, tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, soliq siyosatini yanada liberallashtirish boʻyicha qator qaror va farmonlarining qabul qilinishi, uzoq yillar davomida tadbirkorlarning erkin faoliyat olib borishiga toʻsiq boʻlib kelayotgan muammolarni bartaraf etishga xizmat qildi, desak hech mubolagʻa boʻlmaydi.
Prezidentimizning siyosiy irodasi bilan sohani rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy asoslari mustahkamlandi, tadbirkorlarga eʼtibor tubdan oʻzgardi. Eng asosiysi davlat rahbarining sohaga boʻlgan alohida eʼtibori bugun oʻzining ijobiy samarasini bera boshladi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti yoʻlga qoʻyildi. Menimcha, bunday institut dunyoning hech bir davlatida yoʻq.
Ishonch bilan aytishim mumkinki, endilikda anʼanaga aylanib borayotgan hamda har yili oʻtkazilib kelinayotgan davlat rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti Yangi Oʻzbekistonda yangicha fikrlaydigan, raqobatga chidamli tadbirkorlar sinfini shakllanishida muhim omil boʻlib xizmat qilayotir.
Ish yuzasidan koʻplab mamlakatlarda boʻlaman. Xususan, Italiya, Germaniya, AQSH, Avstriya va boshqa davlatlardagi hamkor doʻstlarim Oʻzbekiston Prezidentining tadbirkorlar bilan har yilgi muloqotini alohida eʼtirof etadi. Ular mamlakatimizda tadbirkorlarga shaxsan davlat rahbarining eʼtiborini koʻrib, bizga havas bilan qarashlari ham sir emas. Prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning tizimli muammo va masalalarini eshitib, ularga yechim topib, hal etishi ikkala tomon uchun ham katta yutuq aslida. Shu bois, bugungi kunda barcha tadbirkorlar Prezident bilan boʻladigan uchrashuvni intizorlik bilan kutadi. Bu uchrashuv tadbirkorlarni oʻzlarining bir yillik faoliyatlariga baho berish va istiqbolli rejalarini belgilab olishida ham muhim muloqot maydoniga aylangan. Mamlakatimiz yetakchisining ochiq muloqotdagi maʼruzasi va sohani yanada rivojlantirish, mavjud toʻsiqlarni olib tashlash, ishbilarmonlarga imtiyozlar taqdim etishga qaratilgan muhim tashabbuslari esa tadbirkorlar faoliyatini yanada kengaytirish uchun dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.
Tajribamdan kelib chiqib bir misol keltirmoqchiman. Prezident bilan muloqot oldidan faoliyatimizda duch kelayotgan masalalarni yon daftarchamga belgilab yuraman. Barcha savollarimga esa Prezidentimizning chuqur tahlillarga asoslangan maʼruzalarini eshitgach, har safar ularga toʻliq javob topaman.
– 2022-yil avgust oyida Oʻzbekiston Prezidenti farmoyishi bilan “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni, 2023-yilda esa “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandingiz. Tadbirkorlik faoliyatingiz davlatimiz rahbariyati tomonidan yuksak eʼtirof etilgan onlarni yodga olib oʻtsangiz.
– Javob berishdan avval bir narsani aytib oʻtmasam boʻlmaydi. Men biznesga kirib kelishimdan oldin qator davlat va jamoat tashkilotlarida 15 yildan ortiq vaqt davomida ishlaganman. Lekin davlat mukofoti uyoqda tursin, hatto biror marta boʻlsa-da, faxriy yorliq olgan inson emasman. Bugun esa, jonajon yurtimiz – Oʻzbekiston taraqqiyoti uchun chin dildan mehnat qilgan kishi bor-ki, davlatimiz va mamlakatimiz rahbarining eʼtiborida. Yurtimiz oldidagi kichik mehnatlarimiz eʼtirof etilib, 2022-yilda “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandim. 2023-yili esa muhtaram Prezidentimizdan “Doʻstlik” ordenini qabul qilib olish sharafiga muyassar boʻldim. Bu mukofotlar, faqat menga berilgan baho emas, bu Holding tizimidagi ishlayotgan minglab fidoyi insonlar mehnatining eʼtirofidir. Bizga berilgan davlatimizning bunday yuksak mukofotlari, jamoamizga yanada katta ishonch, motivatsiya beradi, oldimizga qoʻyilgan maqsadlarni amalga oshirishimiz uchun juda katta kuch bagʻishlaydi.
– Oʻzbekistonga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, yangi hamkorlarni topish va milliy mahsulotlarni xorijga eksport qilishda iqtisodiy diplomatiya yoʻnalishi muhim ahamiyat kasb etayotir. Siz rahbarlik qilayotgan Holding mazkur jabhada mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari imkoniyatidan foydalanadimi? Qisqa qilib aytganda mamlakatimiz elchixonalarimizning bu boradagi ishlaridan qanchalik qoniqish hosil qilyapsiz?
– Toʻgʻrisini aytish kerak, avvallari diplomatlar bilan uchrashish imkonsiz edi. Biror bir xorijiy davlatga borsangiz, mamlakatimiz elchisi bilan uchrashmoqchi boʻlsangiz ham u tadbirkorni qabul qilmas edi. Bu ochiq gap. Elchi faqat siyosat bilan shugʻullanardi. Prezidentimizga katta rahmat, elchini nafaqat siyosat, balki iqtisodga ham jalb qildi. Bu, albatta, tadbirkorlar uchun katta sharoit va imkoniyat eshiklarini ochdi. Shuningdek, ushbu sohadagi ochiqlik, oʻz navbatida, tadbirkor uchun xorijiy hamkorlarni topish, investitsiyalarni jalb qilishda muhim qadam boʻldi.
Bugungi kunda Holding faoliyatida Oʻzbekistonning xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalarining oʻrni judayam katta, amalga oshirayotgan koʻplab loyihalarimizni hayotga tatbiq etilishida ularning koʻmagini har qadamda his qilyapmiz. Oʻzbekiston elchilarining iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchisi lavozimining joriy etilishi biz tadbirkorlar uchun juda foydali boʻldi. Taʼkidlash kerakki, “BMB HOLDING” kompaniyasi xorijiy davlatlarning Oʻzbekistondagi elchixonalari, xususan, Rossiya, Xitoy, AQSH va Polsha, Avstriya, Latviya singari bir qator Yevropa davlatlarining diplomatik missiyalari bilan ham yaqin iqtisodiy hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan.
Bir soʻz bilan aytganda, kompaniya loyihalarini samarali amalga oshirishda Oʻzbekiston va xorijiy mamlakatlarning yurtimizdagi diplomatik vakolatxonalarining oʻrni juda katta.
– Bugungi kunda “BMB HOLDING” qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va ishlab chiqarish tarmoqlarida faoliyat yurityapti. Holdingning istiqboldagi rejalari ham oʻquvchilarimiz uchun qiziq.
– Yaqin istiqboldagi rejalarimiz juda ulkan. Xususan, qishloq xoʻjaligi hamda meva, sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash faoliyatini yoʻlga qoʻyish, Sirdaryo viloyatida toʻqimachilik fabrikasini ishga tushirish ustidagi ishlar jadal davom etyapti. Tibbiyot sohasida ham loyihalarni amalga oshirish istaklarimiz bor. Bu yoʻnalishda dastlabki loyihamiz, 2025-yilda Navoiy viloyatida sogʻlomlashtirish markazining tashkil etilishi boʻladi. Shuningdek, Toshkent shahri va Toshkent viloyatlarida “Zaʼfaron” restorani va mehmonxonalar tarmogʻi yoʻlga qoʻyiladi.
Turkiyaning “Toksel Makina” tashkiloti bilan birgalikda qiymati 50 million AQSH dollariga teng “Energiya samarador texnologiyalar va asbob uskunalar ishlab chiqarish, tabiiy pardozbop toshlarni qazib olish va qayta ishlashni tashkil etish” loyihasini amalga oshirish ham koʻzda tutilgan.
– Soʻnggi savolimiz mavzudan tashqari boʻlishi mumkin, ammo bu yoʻnalish ham koʻpchilik uchun juda qiziqarli. Sport, xususan futboldagi loyihalaringiz haqida soʻramoqchi edik. Futbol va futzaldagi maqsadlaringiz qanday? Sportning shaxmat turi boʻyicha “BMB HOLDING” brend-ambassadorlari haqida ham maʼlumot berib oʻtsangiz.
– Qiziqarli savol boʻldi. “BMB HOLDING” mamlakatimizda sportni, xususan, futbol va futzalni rivojlantirishni oʻz faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida koʻradi. Holding 2021-yilda “Sugʻdiyona” futbol klubiga, 2022-yilda “Lokomotiv” futbol klubiga homiylik qildi. 2023-yildan boshlab esa Oʻzbekiston professional futbol ligasining homiylaridan biri hisoblanadi.
Shu bilan birgalikda, Holding tizimida “BMB PROFESSIONAL FUTSAL CLUB” jamoasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Jamoaga bir qator mahalliy va braziliyalik mashhur futzalchilar jalb etildi. Soʻnggi ikki yilda jamoa Oʻzbekiston kubogi va Oʻzbekiston superkubogini qoʻlga kiritdi. Bugungi kunda jamoamiz tarkibining asosini futzal boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasida oʻynaydigan futzalchilar tashkil etadi.
30-iyun – Oʻzbekistonda Yoshlar kuni munosabati bilan Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda Milan shahridagi “ORRO ROSSO” brend loyihasi doirasida (mazkur brend bugungi kunda Italiyaning “Milan” va “Monsa” futbol klublarinig rasmiy hamkori hisoblanadi) “Milan” futbol klubining toʻrt nafar mashhur sobiq futbolchilari – Dida, Serjinyo, Panuchchi va Zakkardo kabi jahon va Yevropa chempioni boʻlgan charm toʻp ustalarining mamlakatimizga safarini uyushtirdik. Mashhur futbolchilarning Oʻzbekistonga tashrifi yoshlarimizni sportga boʻlgan qiziqishlarini va faolligini oshirishga xizmat qildi, deb oʻylayman.
Xabaringiz bor, joriy yilning 14-sentyabr – 6-oktyabr kunlari mamlakatimizda futzal boʻyicha Jahon chempionati oʻtkaziladi. Ushbu futzal bayramiga “BMB HOLDING” ham asosiy hamkor tashkilot sifatida katta tayyorgarlik koʻrmoqda.
Bundan tashqari, “BMB HOLDING” iqtidorli yosh shaxmatchilarni faol qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Ularni Holdingning yuzi, elchisi sifatida eʼtirof etib, brend-ambassadorlari deya ataymiz. Xususan, FIDE sport ustasi Humoyun Bekmurodov Ispaniyaning Barselona shahrida oʻtkazilgan “X Chessable Sunway Sitges International Chess Festival 2023” shaxmat festivalida kumush medalni qoʻlga kiritdi, shuningdek, u joriy yil 3-13-may kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida oʻtkazilgan “Dubai Police Global Chess Challenge” xalqaro turnirida oltin medal sohibi boʻldi.
Yana bir yosh shaxmatchimiz, xalqaro shaxmat maktabi oʻquvchisi, blis va rapid yoʻnalishlarida jahon chempioni, FIDE sport ustasi, Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi, “BMB HOLDING” brend-ambassadori Umida Omonovadir. Umida joriy yil aprel oyida oʻtkazilgan Oʻzbekiston chempionatining 18-tur natijalariga koʻra gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.
Yana bir gap, “BMB HOLDING” qaysi yoʻnalishda faoliyat olib bormasin davlatimiz rahbari rahnamoligida barpo etilayotgan Yangi Oʻzbekistonni yanada gullab-yashnashi, xalqimiz faravonligi oshirish va Vatanimiz taraqqiyoti yoʻlida oʻzining barcha imkoniyatlari hamda salohiyatini safarbar etadi.
– Suhbatga vaqt ajratganingiz uchun Sizga minnatdorligimizni bildiramiz.
– Rahmat.
“Dunyo” AA