O‘zbekiston Respublikasining Tailand Qirolligidagi (Bangkok shahri) Bosh konsulxonasining xorijda qiyin ahvolga tushib qolgan vatandoshlarga yordam berish bo‘yicha amalga oshirayotgan faoliyati yuzasidan.
2022-yil davomida Tailand, jumladan Myanma va Laos davlatlari hududida odam savdosi va majburiy mehnat ekspluatatsiyasi qurboni bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini huquqlarini himoya qilish, Tailand hududida oziq-ovqat va vaqtinchalik turar joy bilan ta’minlash, ularni vatanga qaytishlarini tashkil etish bo‘yicha 20 ga yaqin vatandoshlarimizga Bosh konsulxona tomonidan tegishli konsullik-huquqiy yordamlar ko‘rsatildi.
2022-yil 19-oktabr holatiga ko‘ra, 2 nafar O‘zbekiston fuqarolarining, 1994-yilda tug‘ilgan I.D. va 2002-yilda tug‘ilgan O.E. murojaati asosida, ularni O‘zbekistonga qaytarish masalasi ishlab chiqilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozim-ki, aksariyat fuqarolarga, jumladan yoshlarga internet orqali Tailand hududida tarjimonlik ishi va 2-5 ming AQSH doll. ga yaqin miqdorda maosh va’da qilinmoqda va ish joyiga kelish uchun barcha xarajatlar (aviachipta, mehmonxona) taklif etuvchi tomonidan qoplanmoqda.
Tailandga kelgach viza uzaytirish vaji bilan aylanma yo‘llar orqali noqonuniy ravishda qo‘shni davlatlar hududiga, yopiq va noqonuniy qurolli guruhlar tomonidan qo‘riqlanadigan maxsus zonalarga olib o‘tilmoqda. Fuqarolarning pasportlari tortib olinib, onlayn firibgarlik va tovlamachilik yoki jinsiy aloqa kabi boshqa ishlarga majburlanmoqda. O‘zbekistonga qaytishiga ruhsat berish uchun har bir fuqarodan 5-10 ming AQSH doll. gacha miqdorgacha tovon puli talab qilinmoqda. Natijada fuqarolar noqonuniy migratsiya va odam savdosi qurboniga aylanishmoqda.
Fuqarolarga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish hamda mazkur holatlarni oldini olish maqsadida Bangkok shahridagi Bosh konsulxona tomonidan quyidagilar amalga oshirildi:
- Bosh konsulxona vakolatxona rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarida hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qoshidagi Tashqi mehnat migratsiya masalalari agentligi ijtimoiy tarmoqlarida tegishli ogohlantiruvchi ma’lumotlar joylashtirildi;
- tegishli davlatlarning Tailand hududidagi diplomatik vakolatxonalari orqali O‘zbekiston fuqarolarini qaytarishda amaliy yordam so‘raldi;
- Tailand vakolatli idoralari, shuningdek, Bangkok shahrida joylashgan BMTning Xalqaro migratsiya tashkiloti Osiyo-Tinch okeani uchun mintaqaviy ofisi hamda Toshkent shahridagi vakolatxonalari bilan hamkorlikda O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarishda amaliy yordam ko‘rsatish masalasi ishlab chiqildi.
Shu bilan birga, mazkur muammo mintaqaviy miqyosda kengaymoqda hamda Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa va Afrika mintaqasi davlatlari hududidan ham aldov natijasida mazkur hududlarga kelayotgan fuqarolar soni ortishda davom etmoqda. Tailand Mehnat vazirligi tomonidan ham rasmiy munosabatlar bildirilib, fuqarolarni ogohlikka va yolg‘on ma’lumotlarga aldanib qolmaslikka chaqirilmoqda.
Shu bilan birga, fuqarolar olib o‘tilayotgan hududlar mahalliy hukumatga qarshi va noqonuniy guruhlar nazoratida ekanligi bois, O‘zbekiston fuqarolarini tegishli davlatlar hududidan qaytarishni tashkillashtirishda qiyinchilik tug‘dirmoqda. Taklif etuvchi tomon bilan aloqa o‘rnatishga urinishlar esa samarasiz yakunlanmoqda, jumladan Bosh konsulxona murojaatlariga javob berilmayapti.
Bu esa o‘z navbatida, fuqarolar tomonidan vaziyatga yetarli baho berilmayotgani va noroziligi ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda noqonuniy migratsiya va odam savdosi qurboni bo‘layotgan fuqarolarning aksariyati yoshlar ekanligini inobatga olib, yurtdoshlarimizdan yana bir bor yolgʻon maʼlumotlarga ishonmasliklarini, katta miqdordagi oson ish takliflariga eʼtibor bermaslik va bunday ma’lumotlarning tarqalishiga yoʻl qoʻymasliklarini soʻraymiz.
O‘zbekiston Respublikasining Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi aloqa ma’lumotlari:
Tel.: +6626753995, +6626753996.
Veb-sayt: http://bangkok.mfa.uz/
Facebook: https://www.facebook.com/uzconbangkok/
Instagram: https://www.instagram.com/uzconbangkok/