Tanzila Norboyeva Qozogʻiston Prezidenti bilan uchrashdi
Avval xabar qilinganidek, Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Qozogʻistonda boʻlib turibdi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bilan uchrashdi.
Qozogʻiston rahbari Tanzila Norboyevaning tashrifi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishi va davlatlararo munosabatlarga qoʻshimcha turtki berishi tufayli katta ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor boʻlib qolmay, balki qator masalalarda bir-birini toʻldiradi. Shuning uchun muvaffaqiyat qozonishimiz muqarrar. Boz ustiga, biz Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan har jabhada hamkorlikni rivojlantirish uchun faol harakat qilishga kelishib olganmiz, – dedi Qosim-Jomart Toqayev.
Qozogʻiston Prezidenti 2018-yilda savdo hajmi 2,5 milliard dollarga yetgani va joriy yilning 9 oyi davomida bu boradagi koʻrsatkich oʻtgan yilgidan oshib ketganiga urgʻu berdi.
Oʻz navbatida, Tanzila Norboyeva samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Qozogʻiston Prezidentiga Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Tanzila Norboyeva Qosim-Jomart Toqayevning davlat rahbari lavozimiga saylanishi uning avvalgi lavozimda tajribali diplomat, obroʻ-eʼtiborli rahbar va eng asosiysi, Qozogʻistonda davlatchilikni mustahkamlash, xavfsizlikni taʼminlash va iqtisodiyotni rivojlantirish yoʻlida kuchli siyosat olib borgan Birinchi Prezident – Elboshi Nursulton Nazarboyev gʻoyalarini davom ettiruvchisi shaxs sifatidagi faoliyatining eʼtirofi ekanini taʼkidladi.
Oʻzbekistonda bu yil Qozogʻiston yili oʻtkazilishi munosabati bilan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli tadbirlar xalqlarimiz yaqinlashishiga yorqin misol boʻlayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi va keng koʻlamli ikki tomonlama hamkorlikning boshqa masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi Oliy Majlis Senati delegatsiyasining Qozogʻiston Respublikasiga rasmiy tashrifi yakunlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati
OʻzA