Namangan viloyatida Hyundai zavodi qurilishini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha investitsiya shartnomasi Toshkent shahrida imzolandi
2019-yilning 24-oktabr kuni Namangan viloyati hokimligi vakillari va Janubiy Koreya kompaniyalari rahbarlarining amaliy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunlarida hududdagi yirik loyihalardan biri – Hyundai avtomobillar ishlab chiqarish zavodi qurilishini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha investitsiya shartnomasi imzolandi.
Hujjat viloyat hokimi Xayrullo Bozarov, “Hyundai Motors” kompaniyasi tijorat avtomobillar bo‘linmasi vitse-prezidenti Lim Xyon Yung, “Hyundai Corporation” kompaniyasi tijorat avtomobillar va temir yo‘llar bo‘yicha bosh direktori Pak Yong Xvan va “Evergreen Motors” kompaniyasi vitse-prezidenti Kim Ik Don tomonidan imzolandi.
Ushbu shartnoma imzolanishida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi Elchixonasi faol ko‘maklashdi.
Zavodning ilk tayyor mahsuloti 2020-yilning birinchi yarim yilligida ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda.
Namangan viloyatida “Hyundai” tijorat avtomobillari ishlab chiqarish zavodini qurish loyihasi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 22-25-noyabr kunlari Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarga ko‘ra amalga oshirilmoqda.
Ushbu zavod qurib bitkazilgach yiliga 2500 ta kichik yuk mashinalari, mikroavtobuslar va avtobuslar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Zavod to‘la ishga tushgach mingdan ziyod yangi ish o‘rni paydo bo‘ladi.