“Investitsiya vizasi” egalariga 10 yillik yashash guvohnomasi beriladi
Hukumatning ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi (864-son, 11.10.2019-y.).
Prezidentning 2019-yil 17-yanvardagi PF–5635-son Farmoni bilan xorijiy investitsiya kiritgan shaxslar uchun “investitsiya vizasi” joriy etilgan boʻlib, kiritilgan qoʻshimchalarga muvofiq ushbu vizani berish tartibi va u bilan bogʻliq imtiyozlar belgilandi.
Jumladan, investitsiya vizasi ichki ishlar hududiy organlari tomonidan beriladi va uzaytiriladi.
Vizani olish va uzaytirish uchun xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona iltimosnomasi, kiritilgan investitsiya toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalardan birini ilova qilgan holda belgilangan shakldagi anketa bilan murojaat qilinadi.
Shuningdek, investitsiya vizasiga ega boʻlgan xorijiy investorlar va ularning oila aʼzolari respublika OTMlarida oʻqish davrida Oʻzbekiston fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda stipendiya hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni olishga haqlidirlar.
Kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, 3 mln AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritgan chet el fuqarosiga 10 yil muddatga Oʻzbekistonda yashash guvohnomasi beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi telegram kanali