“Ipak yo‘lida turizm” Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi (TXTY) 2022 bo‘yicha
30-noyabrdan 2-dekabrgacha Toshkentda “Ipak yo‘lida turizm” 2022 27-Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi (TXTY) bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, “Milliy PR markazi” davlat unitary korxonasi, The SAYS LOT MCHJ vakili SAYS ko‘rgazma kompaniyasi yarmarka tashkilotchilaridir. Yarmarka o‘tkaziladigan joy sifatida “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasi pavilyoni tanlandi.
Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi turizm mahsulotlarini targ‘ib qilish, ishbilarmonlik aloqalari va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga yordam beruvchi axborot maydonchasidir. TXTY 1995-yildan beri BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) koʻmagida oʻtkazib kelinmoqda. Ko‘rgazma har yili sayyohlik sohasining yuzlab mutaxassislarini jamlab, ushbu sohani xalqaro miqyosda rivojlantirish uchun sharoit yaratib kelmoqda.
TXTY 2022 doirasida konferensiyalar, B2B uchrashuvlari, davra suhbatlari, sayyohlik xizmatlari va hunarmandchilik ko‘rgazmalari, O‘zbekistonning turizm salohiyatiga ega hududlarining taqdimotlari, milliy taomlarni tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari o‘tkaziladigan gastro-bazar tashkil etiladi.
Yarmarka butun dunyodan sayyohlik biznesi mutaxassislarini birlashtiradi va ushbu sohaning barcha vakillari: yetakchi sayyohlik va transport kompaniyalari, aviakompaniyalar, yirik mehmonxonalar tarmoqlari, diplomatik korpuslar va turizm sohasidagi ta’lim muassasalari xodimlari uchun manfaatli bo‘ladi.
TXTY doirasidagi forum spikerlari sifatida turizm sohasidagi yetakchi xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirok etadilar. Yarmarkaga tashrif buyuruvchilar va ishtirokchilar yangi sayyohlik yo‘nalishlari bilan tanishish, mamlakatdagi yangi manzillarning turistik salohiyatini baholash, O‘zbekistonning har bir hududining rang-barang muhiti, madaniyati va an’analariga sho‘ng‘ish uchun noyob imkoniyatga ega bo‘ladilar.
TXTYning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini alohida ta’kidlash joiz. 2019-yil yanvar oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev “Turizmni jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Har yili o‘tkaziladigan “Ipak yo‘lidagi turizm” Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Aynan shu hujjatlar xalqaro turizm yarmarkasi rivojlanishining ijobiy dinamikasini belgilab berdi.
TXTY 2022 gibrid formatda o‘tkaziladi. Yarmarkaning birinchi kuni, ya’ni 30-noyabr, rasmiy ochilish marosimi bilan boshlanadi. Boy dastur doirasida hunarmandchilik bo‘yicha mahorat darslari, mamlakat hududlari taqdimotidan iborat madaniy tadbir, O‘zbekiston milliy taomlari namoyish etiladigan gastro-bazar va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan rasmiy qabul kutilmoqda.
Yarmarkaning ikkinchi va uchinchi, ya’ni 1-2 dekabr kunlari hunarmandlar ko‘rgazmasi, hududlar taqdimoti, gastro-bazar va taniqli oshpaz Chustiyning mahorat darsi bilan davom etadi. TXTYning uchinchi kuni bayramona yopilish marosimi bilan yakunlanadi.
Har kim www.titf.uz veb-saytida onlayn ro‘yxatdan o‘tish orqali TXTY 2022 mehmoni bo‘lishi va tadbirga tashrif qoidalari bilan tanishishi mumkin.
Shuningdek, stendni bron qilish va yarmarka ishtirokchisi bo‘lish www.titf.uz saytida yoki +998 (78) 129 09 90 aloqa raqami orqali amalga oshiriladi.