AQSh Davlat kotibining yordamchisi v.b. bilan uchrashuv to‘g‘risida
2019-yilning 24-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasi 74-sesseyasi doirasida Nyu-York shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Elis Uells bilan uchrashdi.
O‘z ishini yakunlagan “Markaziy Osiyo – AQSh” (“C5+1”) shaklidagi navbatdagi vazirlar uchrashuvining natijalari yuzasidan fikr almashildi. Ushbu uchrashuv ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini konstruktiv ruhda muhokama qilish imkonini berganligi qayd etildi.
Elis Uells ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holatini yuqori baholar ekan, ularni “to’la qonli va keng qamrovli” deya baholadi. Diplomat O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish, fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik sohasida erishilgan yutuqlarni olqishladi va hozirgi o‘zgarish dinamikasi davom etishiga umid bildirdi.
Uchrashuv davomida afg‘onlararo tinchlik jarayonini ilgari surish masalalari alohida muhokama qilindi, Afg‘onistonni iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilmaviy qayta tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarni jipslashtirish muhimligi ta’kidlandi.