Raqamli iqtisodiyot va innovatsiya: Oʻzbekiston-Xitoy hamkorligidagi yangi bosqich

Oʻzbekiston mustaqillikni qoʻlga kiritgandan keyin, ayniqsa, soʻnggi 8-yilda jahonning barcha davlatlari bilan teng hamkorlik qilish, har sohada zamonaviy tendensiyalarni oʻzlashtirish, jamiyat hayotining turli jabhalariga joriy etish, bu jarayonda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, aholi turmushi farovonligini taʼminlashga alohida eʼtibor berib kelinmoqda.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari rivoji barcha sohalarning jadal taraqqiyotiga xizmat qiladi, odamlarga qulaylik yaratadi.
Hozirgi zamonda xizmatlarning katta qismi axborot texnologiyalari orqali koʻrsatilyapti. Boshqa sohalarning ham samaradorligi shunga bogʻliq. Shuning uchun bu yerdagi sharoitlarni kengaytirib, zamonaviy axborot texnologiyalari xabiga aylantirish kerak.
Demak, mazkur yoʻnalishda ham xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻzbekistonda raqamlashtirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli taʼlim, telekommunikatsiya, sunʼiy intellektga masʼul tashkilot sifatida Raqamli texnologiyalar vazirligi bu borada aniq maqsad va rejalarni belgilab olgan holda faoliyat yuritib kelmoqda. Vazirlik AQSH, Rossiya, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Qozogʻiston, Turkmaniston, Tojikiston, Ozayrbayjon kabi xorijiy davlatlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan boʻlib, Xitoy Xalq Respublikasi alohida oʻrin tutadi.
XXR bilan Oʻzbekistonning mazkur davlat bilan har tomonlama, xususan, AKT yoʻnalishidagi yaqin hamkorlik aloqalarini oʻrnatish manfaatli.
Hozirgi kunda Xitoy bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ikki tomonlama hamkorlik 10ga yaqin kelishuvlar asosida amalga oshirilmoqda.
Raqamli iqtisodiyot va innovatsiyalarni rivojlantirishda faol hamkorlik olib borilmoqda. 2025 yil 29-mart kuni Olmaota shahrida boʻlib oʻtgan AlmatyFair.ai sunʼiy intellekt koʻrgazmasi doirasida IT Park, Qozogʻistonning Astana Hub kompaniyasi va Xitoyning Growth Vision Pro Ltd kompaniyasi oʻrtasida uch tomonlama memorandum imzolandi. Memorandum startaplarni qoʻllab-quvvatlash, Xitoyning AT bozoriga investitsiyalarni jalb qilish va mintaqaga investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni nazarda tutadi. Hamkorlik doirasida tomonlar akseleratsiya dasturlarini ishlab chiqish, biznes missiyalarini tashkil etish, investorlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va ilmiy-tadqiqot (RI&D) tashabbuslarini kuchaytirish rejalashtirmoqda.
Shuningdek, “BYD Auto Industry Company” bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi hududida yetkazib beriladigan avtomashinalar uchun bulut xizmati tashkil etildi.
Hamkorlikning yana bir muhim yoʻnalishlaridan biri bu pochta aloqasi hisoblanadi. Oʻzbekistondan pochta sohasida milliy operator hisoblangan “Oʻzbekiston pochtasi” AJ Xitoyning pochta operatori bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Birgina 2025 yilning 6 oyi davomida Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy oʻrtasida kiruvchi va chiquvchi xat yozishmalar 3085 kgni, buyurtma xatlar esa 6014 donani tashkil qilgan. Bundan tashqari, Xitoy pochta operatori bilan pochta joʻnatmalarini onlayn-doʻkonlarda buyurtma qilingan tovarlar bilan almashish boʻyicha ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, “Oʻzbekiston pochtasi” AJ Xitoyning AliExpress, Temu, Shein kabi bozorlarida buyurtma qilingan tovarlar bilan pochta joʻnatmalarini qabul qiladi, qayta ishlaydi va yetkazib beradi. Bunday pochta joʻnatmalari Oʻzbekistonga Xitoy, Latviya va Vanuatuning belgilangan operatorlaridan keladi. Shuningdek, Xitoy bozorlarida buyurtma qilingan tovarlarni yetkazib berish “Oʻzbekiston pochtasi” AJ va logistika kompaniyalari oʻrtasida tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbirlar natijasida 2025 yilning 6 oyi davomida “Oʻzbekiston pochtasi” AJ tomonidan 226 tonnadan ortiq pochta joʻnatmalari yetkazib berildi.
Ayni paytda mamlakatlarimiz oʻrtasida pochta joʻnatmalari hajmini oshirish maqsadida Xitoyning tayinlangan operatori “China Post” bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangi yoʻnalishlari muhokama qilinmoqda.
Oʻzbekiston va Xitoy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlik kelgusida har ikki mamlakat hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki jahon andozalariga mos shart-sharoitlarda bilim olgan yoshlar yurt kelajagidir. Shu maqsadda 2023 yilda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Xitoyning Sian universiteti, Shimoli-gʻarbiy politexnika universiteti, Xitoy aloqa instituti va ZTE universiteti bilan inson resurslarini rivojlantirish va akademik almashinuv dasturlarini yaratish boʻyicha ikki tomonlama mmorandumlar imzolangan.
Shu bilan birga, Xitoyning Huawei kompaniyasi va ZTE hamkorligida TATU, shuningdek, Huawei axborot va tarmoq texnologiyalari akademiyasida “Raqamli taʼlim kabineti” tashkil etildi.
“Seeds For The Future” taʼlim dasturi doirasida 50 dan ortiq talaba Huawei kompaniyasining Xitoydagi bosh ofisida amaliyot oʻtashdi.
Xitoyda kaft tomirlarini aniqlash texnologiyasi boʻyicha hamkorlarni qidirish doirasida Hubei Yi Chen engineering and construction Co., LTD bilan hamkorlik olib borilmoqda. Ushbu bosqichda Xitoyning Shengdian Century Technology Co, Ltd kompaniyasi bilan MyID Palm apparat va dasturiy taʼminot tizimlarini birgalikda ishlab chiqish va sotish boʻyicha muloqot olib borilmoqda.
Biz yuqorida ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik doirasida AKT yoʻnalishida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot berib oʻtdik. Xoʻsh, hamkorlikning hozirgi holati qanday?
2024 yil 24-25-yanvar kunlari Sian shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Xitoy biznes forumida Xitoy va Oʻzbekiston kompaniyalari oʻrtasida umumiy qiymati 1 milliard dollardan ortiq boʻlgan 12 ta shartnoma imzolandi.
Ushbu kelishuvlar 2024-2028-yillarda telekommunikatsiya infratuzilmasi va mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, 2024-yilning 18-23-noyabr kunlari Xitoyning Shanxay shahriga xizmat safari chogʻida Xitoyning Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari akademiyasida (CAICT) Xitoy telekommunikatsiya texnologiyalari laboratoriyasi (CTTL) rahbariyati Pan Huang va Chen Chje bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi, unda kompaniyalar oʻrtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Memorandum loyihasi ishlab chiqildi, shuningdek, CAICT bilan hamkorlik memorandumi loyihasini imzolash rejalashtirilgan.
Bugungi kunda dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biri hisoblangan Xitoy Xalq Respublikasi bilan raqamlashtirish, AKT, telekommunikatsiya, sunʼiy intellekt, pochta aloqasi va raqamli taʼlim yoʻnalishidagi ikki tomonlama manfaatli hamkorlik aloqalari kelgusida ham davom ettirilishi rejalashtirilgan.